Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qashqadaryoda AKT xizmatlari hajmi 120 foizga o‘sgani qayd etildi

Qashqadaryoda AKT xizmatlari hajmi 120 foizga o‘sgani qayd etildi

Foto: AKT vazirligi matbuot xizmati

AKT vaziri Sherzod Shermatov Qashqadaryo viloyatiga xizmat safari doirasida viloyatda AKT sohasini rivojlantirishga qaratilgan ishlar bilan tanishdi.

Prezident huzurida 2022 yil 14 aprel kuni axborot texnologiyalari va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi islohotlar natijadorligi hamda sohada 2022 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari soha va hududlar rahbarlariga qator topshiriqlar berdi.

Yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida, shuningdek, tashkilot va korxonalar faoliyatini o‘rganish maqsadida «O‘zbekiston pochtasi» AJ Qashqadaryo filialida vazir ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik tasarrufidagi tashkilotlar, korxonalar va mobil aloqa operatorlarining hududiy bo‘limlari rahbarlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda AKT sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolli rejalar muhokama qilindi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi rahbariyati viloyatda AKT sohasini rivojlantirish bo‘yicha moliyaviy ko‘rsatkichlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2021 yil yakuni bo‘yicha AKT xizmatlari hajmi o‘tgan yilga nisbatan 120 foizga o‘sgan holda 599,1 milliard so‘mni tashkil etgan. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 776,7 milliard so‘mga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Viloyatda telekommunikatsiya sohasini rivojlantirish bo‘yicha ham ma’lumotlar berildi. Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish doirasida 3,4 ming kilometrlik optik tolali liniyalar qurildi va shu tariqa ularning umumiy uzunligi 8,2 ming kilometrga yetgan. 64 000 dan ortiq keng polosali portlar o‘rnatildi, ularning umumiy soni 150 000 dan oshdi.

Mobil aloqa qamrovini kengaytirish va sifatini oshirish maqsadida 2021 yil davomida 124 ta yangi baza stansiyalari o‘rnatildi, 207 ta mavjud stansiyalar modernizatsiya qilindi. Natijada aholi punktlarining mobil aloqa bilan qamrab olinishi 97 foizga, keng polosali mobil internet bilan 90 foizga yetdi. Aholi punktlarini raqamli televideniye bilan qamrab olish darajasi yuz foizga yetdi.

Viloyatda pochta sohasini rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratildi. Qashqadaryo viloyatida aholiga davlat, bank va sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatuvchi 183 pochta bo‘limi faoliyat ko‘rsatmoqda. «Gibrid pochta» xizmatlari aholi orasida keng tarqalmoqda: bugungi kunda undan 50 dan ortiq tashkilot foydalanmoqda.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Unisavdo» milliy savdo platformasi ishga tushirildi. Ayni paytda mazkur savdo maydonchasi orqali 51 ta hududiy tadbirkorning 1 ming 250 turdagi mahsulotlari namoyish etilmoqda. Pochta obektlarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi: ularning barchasi to‘liq kompyuterlashtirilgan, yuk mashinalari, elektroskuterlar, ko‘p funksiyali mobil qurilmalar bilan jihozlangan.

Shu bilan birga, viloyatda IT-ta’limni rivojlantirishga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Prezidentning beshta tashabbusining uchinchi yo‘nalishi doirasida 2021 yil yakuniga qadar viloyatning barcha 15 ta tuman va shaharlarida Raqamli texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazlari tashkil etildi. Bugungi kunga qadar ularni 4 ming 705 nafar yoshlar bitirib, kurslarni muvaffaqiyatli tamomlaganligi to‘g‘risida sertifikatlar oldi. Shuningdek, umumta’lim maktablarida 1024 ga yaqin axborot texnologiyalari to‘garagi tashkil etilib, ularda 26 mingdan ortiq o‘quvchi tahsil olmoqda.

«Bir million dasturchi» loyihasi yoshlar orasida tobora kengayib bormoqda. Ayni paytda loyiha doirasida 203 mingdan ortiq talaba tahsil olgan bo‘lsa, ulardan 73,6 ming nafardan ortig‘i kurslarni muvaffaqiyatli tamomlaganligi to‘g‘risida sertifikatga ega bo‘lgan.

Bugungi kunda viloyatda AKT sohasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari qatorida IT-tadbirkorlik, jumladan, BPO xizmatlarini ko‘rsatish orqali IT-mahsulotlar va xizmatlar eksportini ko‘paytirish maqsad qilingan. Bu viloyatda yoshlar bandligini yanada oshirish, ularni yuqori maoshli ish bilan ta’minlash imkonini beradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring