Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2 kun ichida rasmiylashtirilmagan radar jarimasini bekor qilish taklif etilyapti

2 kun ichida rasmiylashtirilmagan radar jarimasini bekor qilish taklif etilyapti

Hukumatning tegishli qarori loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 271-moddasiga tegishli qo‘shimchalarni kiritish taklif etilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, mazkur modda 12 va 13-qismlar bilan to‘ldirilib, unda:

  • maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yo‘l harakati qoidalari buzilganligi qayd etilgan hollarda transport vositasining mulkdori yoki uni boshqargan shaxs to‘g‘risida ma’lumot mavjud bo‘lmaganda;
  • maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganliga doir ma’lumotlar jarima solish to‘g‘risidagi qarorni chiqarishga mas’ul bo‘lgan vakolatli shaxsga 48 soat ichida yuborilmagan bo‘lsa, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni boshlamaslik, boshlangan ish esa tugatilishi lozimligi belgilanmoqda.

O‘z navbatida MJtKning 17-1-moddasi ham 5-qism bilan to‘ldiriladi. Unda «maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yo‘l harakati qoidalari buzilganligi qayd etilgan paytdan e’tiboran 48 soat ichida yo‘l harakati qoidalari buzilganliga doir ma’lumotlar jarima solish to‘g‘risidagi qarorni tuzishga vakolatli shaxsga yuborilmagan taqdirda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni istisno etuvchi holat deb topilishi va ma’muriy ish ushbu Kodeksning 271-moddasiga muvofiq tugatilishi» ko‘zda tutilyapti.

Qayd etilishicha, bugungi kunda maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalarini belgilangan tartibda o‘rnatgan tadbirkorlar tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzish hodisalarini o‘z vaqtida yubormaslik holatlari yuzaga kelmoqda, ushbu holat esa fuqarolar tomonidan e’tirozlar bildirilishiga olib kelmoqda.

Misol uchun, haydovchi o‘z transport vositasida yo‘l harakati qoidalarini buzmoqda va transport vositasini sotib yubormoqda, biroq sodir etilgan qoidabuzarlik to‘g‘risidagi hodisa (ma’lumot) o‘z vaqtida taqdim etilmaganligi sababli, jarima solish to‘g‘risidagi qaror ushbu transport vositasini sotib olgan shaxsga yuborilmoqda, bu esa o‘z navbatida fuqarolar tomonidan ushbu holat yuzasidan YHXXga e’tiroz bildirishiga va shikoyatlar bilan murojaat qilishiga olib kelyapti.

Shunga asosan, fuqarolarga qulaylik yaratish va MJtKning 36-moddasida belgilangan talab o‘z vaqtida ijro etilishini ta’minlash maqsadida ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi hodisa jarima solish to‘g‘risidagi qarorni chiqarishga mas’ul bo‘lgan vakolatli shaxsga 48 soat ichida yuborish tartibini joriy etish taklif qilinmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring