15 may – Xalqaro iqlim kuni: xavotirlanishga asos bor...

40-42 daraja issiq odatda yozning saratonida bo‘lishi kerak. Ammo may oyining o‘rtasidayoq, ayni paytda jazirama issiqning guvohi bo‘lib turibmiz. Bu nimadan darak? Bu iqlimning keskin o‘zgarayotganidan dalolat. Bu o‘zgarishlar yer yuzidagi barcha tirik mavjudotlar uchun noxush oqibatlarga olib keladi.
Iqlim – ma’lum bir geografik hududga xos bo‘lgan ob-havo modeli. Yoki soddaroq qilib aytadigan bo‘lsak, iqlim – yilning ma’lum bir davridagi biz ko‘nikkan ob-havo. Nafaqat odamlar, balki ma’lum bir yashash joyining barcha aholisi: qushlar, hayvonlar, o‘simliklar, hasharotlar yuzlashadigan tabiat hodisalari yig‘indisi. Iqlim o‘zgarishi butun sayyora uchun salbiy oqibatlarga olib keladi. Masalan bu yil aprel va may oyida yog‘ingarchilik bo‘lmadi va bu o‘t-o‘lanlarning erta sarg‘ayishiga olib keldi...
Ushbu kunning tarixi meteorologlarning xavotiri va ogohlantirishlari bilan boshlangan. Ya’ni muammoga e’tiborni jalb qilish uchun Xalqaro iqlim kuni tashkil etildi. 1992-yilda Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tgan Yer sammitida 180 ta davlat vakillari ishtirok etdi va uning doirasida BMT doiraviy konvensiyasi qabul qilindi. U ozon qatlamining holatini tartibga soluvchi oldingi deklaratsiyalar va protokollarga asoslangan edi.
Konvensiyada atrof-muhitni inson ta’siridan himoya qilishga qaror qilingan asosiy qoidalar mavjud. Keyinchalik sayyoramizdagi iqlimni barqarorlashtirishga qaratilgan boshqa muhim hujjatlar imzolandi.
Ayni paytda butun dunyodan 11 000 dan ortiq olimlar «Jahon olimlarining iqlim bo‘yicha favqulodda ogohlantirish»ga qo‘shilganlar. Dunyoning 197 ta davlati iqlim o‘zgarishini muhim muammo deb hisoblaydi va uni hal qilish uchun harakat qilmoqda.
Xalqaro iqlim kuni nafaqat olimlar, balki sayyoramizning barcha aholisini iqlim o‘zgarishi muammosining ahamiyatiga e’tibor berishga chaqiradi.
Bu kunni bayram deb emas, balki ta’lim berish, tabiat, ekologiya bo‘yicha bilimlarni kengaytirish kuni deb hisoblash lozim.
Chunki iqlimni saqlash bugungi kunda insoniyat oldida turgan eng katta muammolardan biridir. Global isish, tabiiy ofatlar, sayyoradagi ob-havoning keskin o‘zgarishi – bularning barchasi Yer iqlimining yomonlashishiga olib keladi va natijada oziq-ovqat, odamlarning hayoti va mulkiy xavfsizligiga, tabiiy resurslarning holatiga va davlatlarning muvozanatli rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, eng katta iqlim o‘zgarishi Arktikada kuzatiladi. Bu esa o‘sha yerda yashaydigan hayvonot olamiga ta’sir qiladi, suv toshqinlarini tezlashtiradi.
Iqlim o‘zgarishi nafaqat sayyoramizga, balki iqtisodiyotga ham tahdid solmoqda. Global isish dunyoda iqtisodiy tengsizlikni kuchaytirmoqda.
Yerdagi global iqlim o‘zgarishi aslida yangilik emas. Sayyoramizning tarixi muzning bir necha marta oldinga siljish va chekinish davrini o‘z ichiga oladi. Biroq, okean, muzlik va lava konlarida topilgan qadimiy dalillar shuni ko‘rsatadiki, bunday iqlim o‘zgarishlari bizning davrimizda o‘tmishdagiga qaraganda ancha tez sodir bo‘lmoqda. Iqlim o‘zgarishi g‘ayritabiiy ofatlarga olib keladi – qurg‘oqchilik, yong‘inlar, toshqinlar, zilzilalar. Shu bois ekologik vaziyatni yaxshilashga o‘z hissamizni qo‘shishimiz, atrof-muhitga yetkazadigan zararimizni kamaytirishimiz muhim. Buni har bir odam uddalashi mumkin: atrof-muhit tozaligiga e’tibor qaratish, daraxtlar, butalar ekish, chiqindilarni yig‘ish, suvdan oqilona foydalanish.
Bugun yana Xalqaro iqlim kuni munosabati bilan shu sohaga oid kitoblarni o‘qish, konferensiyalarda qatnashish, hujjatli va badiiy filmlarni tomosha qilish iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq bilimlaringizni yanada kengaytiradi va sizni ogohlikka chorlaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter