Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1-avgustdan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi?

1-avgustdan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi?

Foto:«Spmag.ru»

Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali 2019-yil 1-avgustdan kuchga kiradigan biznes, ijtimoiy soha, davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibi va boshqa sohalardagi eng muhim o‘zgartirishlarning qisqacha sharhini e’lon qildi. 

1. Fuqarolardan ayrim ma’lumotnomalarni talab qilish taqiqlanadi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan jismoniy shaxslardan jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchalari, soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzi mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnomalar, soliq to‘lovchining hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risida guvohnomalar, to‘langan daromadlar va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining ushlab qolingan summalari to‘g‘risida ma’lumotnomalar talab qilinishi taqiqlanadi.

Ushbu hujjatlarni davlat boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar davlat soliq xizmati organlari, ATB «Xalq banki», budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasidan elektron o‘zaro hamkorlik orqali mustaqil ravishda so‘raydilar va oladilar.

2. Qo‘shilgan qiymat solig‘i va yagona soliq to‘lovchilar safi kengayadi.


Yagona yer solig‘i to‘lovchisi hisoblangan qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tishi mumkin.

Kalendar yili davomida xizmatlarni realizatsiya qilishdan olgan tushumi 100 million so‘mdan oshgan, biroq bir milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan telekommunikatsiyalar operatorlari va (yoki) provayderlariga vositachilik xizmatlarini ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar xizmat haqi summasidan 25 foiz stavkada yagona soliq to‘lovini to‘lashga o‘tadi.

3. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ayrim xodimlarining ish haqi oshadi.

Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra vazirlik boshqaruv xodimlari lavozim maoshlarini aniqlashda tarif koeffitsiyentlarini bir yarim baravar miqdorida qo‘llanadi.

Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan vazirlik markaziy apparatining:

fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega xodimlari oylik ish haqiga — 30 foiz;

fan doktori yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega xodimlari oylik ish haqiga — 35 foiz ustamalar belgilanadi.

Vazirlikning markaziy apparati xodimlari oylik lavozim maoshiga oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida xizmat qilgan umumiy ish staji uchun 3 yildan 5 yilgacha — 10 foiz, 5 yildan 10 yilgacha — 20 foiz, 10 yildan 20 yilgacha — 30 foiz, 20 yildan ortiq — 40 foiz oylik ustamalar to‘lanadi.

4. Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori oshadi.


Budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori 1,1 baravar oshiriladi.

2019-yilning 1-avgustidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida eng kam:

ish haqi — oyiga 223 000 so‘m;

yoshga doir pensiyalar — oyiga 436 150 so‘m;

bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa — oyiga 436 150 so‘m;

zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 267 650 so‘m etib belgilanadi.

Shuningdek, II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning nogironlik pensiyalari eng kam miqdori yoshga doir eng kam pensiyaning 50 foizidan 75 foiziga oshiriladi;

II guruh nogironligi bo‘lgan yolg‘iz shaxslar — pensionerlarning pensiyalariga ustama miqdori eng kam ish haqining 50 foizidan 75 foiziga oshiriladi;

boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi miqdori mehnatga layoqatsiz oila a’zolari soniga amaldagi foizlar nisbati saqlangan holda yoshga doir pensiyaning eng kam miqdoridan kelib chiqib belgilanadi.

I guruh nogironlik nafaqasi, shuningdek, 16 yoshdan katta bolalikdan I guruh nogironlik nafaqasi oluvchilarga har oyda eng kam ish haqining 25 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy qilinadi.

5. Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasiga ajratmalar miqdori o‘zgaradi.

-gaz ta’minoti tashkilotlari tomonidan tabiiy gazni sotishdan tushadigan mablag‘lardan Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasiga ajratmalar, qo‘shilgan qiymat solig‘i va aksiz solig‘ini chegirib tashlagan holda, 5 foiz miqdorda amalga oshiriladi;

-«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ korxonalari tomonidan elektr energiyasini sotishdan tushadigan mablag‘lardan Jamg‘armaga ajratmalar, qo‘shilgan qiymat solig‘i chiqarib tashlangan holda, 5 foiz miqdorda amalga oshiriladi;

-tabiiy gaz va elektr energiyasini sotishdan tushadigan mablag‘larni taqsimlash tijorat banklari tomonidan avtomatik tartibda amalga oshiriladi.

6. Ayrim turdagi tovarlarni markirovkasiz sotish taqiqlanadi.

2019-yilning 1-avgustidan boshlab, tovarlar toifasidan kelib chiqib, import qilinadigan va respublikada ishlab chiqariladigan tovarlarni himoyalangan belgi va (yoki) nano-molekulyar texnologiyadan foydalangan holda bosqichma-bosqich majburiy markirovkalash joriy etiladi.

Bunda 39 turdagi tovarlar 2019-yilning 1-avgustidan boshlab majburiy tartibda markirovkalanadi.

7. Telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga qo‘shimcha kafolatlar beriladi.

Olis va qishloq aholi punktlarida joylashgan budjet tashkilotlari uchun telekommunikatsiya infratuzilmasini yaratishni ta’minlagan telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga (mobil aloqa operatorlaridan tashqari) 10 yil davomida quyidagilar kafolatlanadi:

-ularning xizmatlaridan olis va qishloq aholi punktlaridagi budjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalari foydalanishi;

-«O‘zbektelekom AK» tomonidan Internet tarmog‘iga kirish xizmatini ulanish joyidan qat’i nazar yagona tarif bo‘yicha taqdim etilishi;

-olis va qishloq aholi punktlaridagi budjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalari tomonidan mazkur tashkilotlarga, shuningdek, ushbu hududdagi aholi va boshqa yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan telekommunikatsiya vositalarini o‘rnatish uchun maydonlar va infratuzilmalarni beg‘araz asosda taqdim etish.

Shuningdek, telekommunikatsiya operatorlari va provayderlarining foyda solig‘i hamda yagona soliq to‘lovini hisoblashda soliq solinadigan baza olis va qishloq aholi punktlaridagi budjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalari uchun muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi ob’yektlarini yaratishga yo‘naltirilgan mablag‘lar summasiga kamaytiriladi.

8. Baholovchilar toifalanadi.

Baholovchilarning malaka darajasi va baholash faoliyati sohasidagi professional jamoat tashkilotlaridagi a’zoligidan kelib chiqqan holda toifalanadi.

Toifalash natijalarini Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, O‘zbekiston Baholash tashkilotlari assotsiatsiyasi va Baholovchilar jamiyatining veb-saytlarida e’lon qilinadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring