Orzuga ayb yo‘q: endi «shapkasiz» mashina minamizmi?
Odamlarimiz hoyu havasli, ertaning umidida tinmay kuymalanadigan. Xalqimiz turmush tamoyilidagi mushtaraklik, ayniqsa, yangi mashina atrofida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ko‘cha-ko‘y, yoru birodarlar orasida «moyi bilan» mashina minishga nima yetsin?! Orzu o‘z yo‘liga, real hayotiy haqiqat ko‘z yumgan bilan o‘z-o‘zidan yo‘qolib qolmaydi.
Xalqimizning mashinalarga ehtiyoji qay darajada qondirilyapti?
Aynan shu maqsadda 14-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida mashinasozlik sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar va 2022-yildagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Prezident «O‘zavtosanoat» AJ raisiga ishlab chiqarishni oshirish va aholiining talabini to‘liq qondirish bo‘yicha tinimsiz ishlashi shartligi haqida ko‘rsatma berib, mashinasozlik tarmog‘i sanoatning «drayver» sohalaridan biri bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Majlisda besh yillik Taraqqiyot strategiyasida avtomobil ishlab chiqarishni 1,4 barobarga oshirish va shu munosabat bilan 1 mayga qadar avtomobil xarididagi navbatlarni to‘liq bartaraf etish, «UzAuto Motors» avtomobillari uchun oldindan to‘lov miqdorini 85 foizdan 50 foizgacha pasaytirish vazifasi qo‘yildi.
Yillar davomida avtomobil oluvchilarni bezdirib yuborgan «shapka»larga nihoyat barham berish masalasi ko‘tarilib, «O‘zavtosanoat» AJ raisiga bir hafta muddatda avtomobil savdosida ochiq-oshkora va inson omilidan xoli tizimni yo‘lga qo‘yib, sun’iy navbatlar va korrupsion holatlarni tag-tomiri bilan yo‘q qilish uchun shaxsiy javobgarlik yuklandi.
Shu bilan birga, yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasiga uch kun muddatda import avtomobillari uchun bojxona boji stavkalarini 2 barobarga (30 foizdan 15 foizga) pasaytirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritishga topshiriq berildi. Bu ham, o‘z navbatida, talabga ko‘ra, xorijiy avtomobillar sotib oluvchilar imkoniyatini yanada oshirishga qaratilgan.
Ma’lumki, jahon avtomobilsozlik bozori talab va ehtiyoj ustuvorligi tamoyiliga qurilgan. Mijoz talabi doim birinchi o‘rinda, ishlab chiqaruvchi shunga moslab o‘z mahsulotini sotuvga chiqaradi. Bizda esa aksincha, teskari tizim ishlab, mijoz ishlab chiqaruvchining talabiga moslashar, puli yetgan avtosalondan mashina olar, qolganlar esa qaytib ketardi.
O‘sha «tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgan» mijozlarning talabi biror marta o‘rganildimi?
«UzAuto Motors» kompaniyasi mas’ullari endi bir kabinetdan chiqib, aholi ehtiyojini, haydovchilar talabini o‘rgansa, so‘rovnomalar o‘tkazsa, shundan kelib chiqib, ichki bozorni ta’minlashni yo‘lga qo‘ysa. Orzuga ayb yo‘q...
Hamon xaridorgir va «joni qattiq» deb ta’riflanadigan «Nexia-1» yoki «Tico»ga o‘xshagan arzon mashinalar zamonaviylashtirib chiqarilsa. Orzuga ayb yo‘q...
Mamlakatimiz aholisining katta qismi o‘rtahol. Shu paytgacha ularning talabini kimdir o‘rgandimi? Keyingi yillarda ishlab chiqaruvchi ichki bozorga faqat bir biridan qimmat, uncha muncha odamning cho‘ntagi ko‘tarmaydigan modellarni taqdim etdi. Bu yo‘ltanlamas mashinadan sotib olish uchun pul to‘(p)lashga budjetdan necha yil maosh olish kerak?
Agar «UzAuto Motors» O‘zbekiston sanoatining «drayver»iga aylanmoqchi bo‘lsa, avvalo, ichki bozorda marketing ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishi, odamlar orasida bo‘lishi taqozo etiladi. Zero, kompaniyaning har safargi taqdimotini millionlab xalqimiz orziqib kutadi, har bir avtohavaskor nihoyat o‘z «orzu mashinasi» kaliti qo‘lida bo‘lishini istaydi. Orzuga ayb yo‘q...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter