Hayqiriq va namoyishlarga boy bo‘lgan 2022. Ortda qolgan yil voqealari
Inson boshiga tushishi mumkin bo‘lgan eng og‘ir yo‘qotish vaqtni boy berishdir! Yaqindagina insoniyat 2022 yilni xursandchilik, yangi maqsadlar va optimizm xissi bilan kutib olgan edi. Ammo, insoniyat o‘zini oldinda nima kutib turganini bilishga qodir emas.
Ming afsuslar bo‘lsinki, bu yilda Rossiya va Ukraina munosabatlaridagi eng og‘ir va dahshatli ssenariy yuz berdi. 2022 yilda butun dunyo mamlakatlarining nigohi Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urushga qaratildi. Dunyo ommaviy axborot vositalari ikki davlat o‘rtasida yuz berayotgan voqealarni yoritib barchamizni ushbu yangiliklarga zanjirband qildi. Shunga qaramay 2022 yil unutilmas voqea va hodisalarga boy bo‘ldi. Turli ofatlar, sinovlar va xursandchiliklarning salbiy oqibatlari odamlar va davlatlar taqdiriga ta’sir ko‘rsatdi.
Ushbu maqolamizda 2022 yilning 12 oyi davomida sodir bo‘lgan eng qiziqarli, g‘aroyib, keng ommaning e’tiborini tortgan, bosma va elektron narshlarning birinchi sahifasini band etgan, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan, ehtimol tarix zarvaraqlariga muhrlanib qolgan voqealarni eslab o‘tamiz. 2022 yil yakunlarini sarhisob qilib, uning eng muhim voqea va hodisalariga nazar tashlaymiz.
Qozog‘istondagi yanvar voqealari
Yangi yil bayram kayfiyati odamlarni hali tark etib ulgurmasidan, aniqrog‘i, 2 yanvar kuni Qozog‘istonning Mang‘istau viloyati aholisi suyultirilgan gaz narxining oshishi ortidan bosh ko‘tardi. Qisqa vaqt ichida namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab yoyildi. Bu voqealar butun dunyoda katta rezonans uyg‘otdi. Namoyishlar ortidan 2019 yilning martida o‘z ixtiyoriga ko‘ra hokimiyatdan ketgan, lekin Elboshi bo‘lib qolgan, qolaversa, Xavfsizlik kengashi raisi lavozimida ishlab kelayotgan Nursulton Nazarboyev iste’foga chiqdi. Shahar markazlaridagi Nazarboyevning haykallari namoyishchilar tomonidan ag‘darib tashlandi.
Ayrim siyosatchilar bu voqealarni G‘arb uyushtirgan dedi. Boshqalar esa Qozog‘iston fojiasi Nazarboyev rahbar ikki boshlilik siyosati oqibati ekani va bu avvaldan bashorat qilinganini aytdi.
5 yanvardan 6 yanvarga o‘tar kechasi Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB – KXShT)dan yordam so‘radi. Bunga javoban tashkilot Qozog‘istonga tinchlikparvar kuchlarni kiritdi. 13 yanvar kuni KXShT missiyasi muvaffaqiyatli yakunlangani e’lon qilindi. 19 yanvar kuni Qozog‘iston mudofaa vazirligi respublikada xorijlik harbiy xizmatchilar qolmaganini ma’lum qildi. 27 yanvar kuni To‘qayev mamlakatda vaziyat barqarorlashgani haqida bayonot berdi. Qozog‘iston bosh prokuraturasi bergan ma’lumotlariga qaraganda, yanvar voqealarida 238 kishi halok bo‘lgan.
O‘zbekistondagi blekaut
Qo‘shni Qozog‘istondagi voqealar tugashi fonida, aniqrog‘i 25 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 11:00 atrofida butun O‘zbekistonda elektr energiyasi o‘chdi. Keyinroq, Qozog‘iston Respublikasi elektr tarmog‘ida katta avariya bo‘lishi oqibatida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Respublikalarida elektr energiyasi uzilib qolgani ma’lum bo‘ldi. Buning ortidan poyezd va metrolar o‘z manziliga yetib bora olmay, yo‘lda qolib ketdi. Tunda shaharlarni qorong‘ulik chulg‘ab oldi.
O‘zbekiston energetika tizimidagi uzilish sababi 25 yanvar kuni Nur-Sulton vaqti bilan soat 11:59 da «Sirdaryo» IESni 500 kV kuchlanishli «Toshkent» podstansiyasi bilan bog‘lovchi tugunda qisqa tutashuv sodir bo‘lgan.
Qisqa tutashuv natijasida 1 va 2-500 kV shina tizimlarining differensial himoyasining haddan tashqari ishlashi «Sirdaryo» IESda ishlab chiqarishning sezilarli darajada qisqarishiga, elektr stansiyasiga tutashgan elektr tarmog‘ida bir necha marta uzilishlarga sabab bo‘lgan va Qozog‘iston Yagona elektroenergiya tizimining 500 kV Shimoliy-Sharqiy-Janubiy tranzitlari uchun 2100 MVt qo‘shimcha bosim yuzaga keltirgan. Bu esa belgilangan me’yordan 7 baravar ko‘p edi.
27 yanvar kuni O‘zbekiston energetika vazirligi barcha hududlarda elektr energiyasi ta’minoti to‘liq tiklanganini ma’lum qildi.
SpaceX sun’iy yo‘ldoshining yo‘qolishi
AQShning SpaceX xususiy aerokosmik kompaniyasi 3 fevral kuni orbitaga chiqarilgan 49 ta Starlink internet sun’iy yo‘ldoshidan taxminan 40 tasini geomagnit bo‘roni natijasida yo‘qotdi.
Kompaniyaning ta’kidlashicha, bo‘ron tufayli havo qarshiligi avvalgi uchirilishlarga qaraganda 50 foizga kuchliroq bo‘lgan. Mutaxassislar qarshilikni kamaytirish uchun mini-sun’iy yo‘ldoshlarni xavfsiz tartibga o‘tkazishga qaror qilgan, ammo bu choralar yordam bermagan.
Dunyoni titratgan urush
Yanvar oyining so‘nggi kunlarida dunyoda urush shamoli esa boshladi. 2022 yilning boshida Rossiya o‘z armiyasini bir necha marotaba Ukraina chegarasiga olib keldi. Shundan so‘ng, jahondagi katta nashrlar Rossiyaning Ukrainaga bo‘lajak harbiy hujumi haqida bong ura boshladi. Rossiya esa bu ma’lumotlarni G‘arbning propagandasi deb baholab, Ukrainaga hujum qilishini inkor qildi. 12 fevral kuni AQSh prezidenti Jo Bayden razvedka ma’lumotlariga tayangan xolda, Rossiyaning Ukrainaga taxminiy harbiy bosqini 16 fevral kuni boshlanishini aytdi. Biroq 16 fevral kuni bosqin yuz bermadi. Lekin AQSh prezidenti yaqin bir necha kun ichida Rossiya Ukrainaga hujum qilishini ta’kidladi.
21 fevral kuni Rossiya o‘z-o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari mustaqilligini tan oldi. 23 fevral kuni Donetsk va Lugansk respublikalari rahbarlari Putinga murojaat qilib, ularni Ukraina tomonida qilinayotgan genotsiddan himoya qilishni so‘radi.
24 fevral kuni ertalab Rossiya Prezident Vladimir Putin xalqqa murojaat qilib, «Ukraina sharqidagi Donbassda maxsus harbiy operatsiya» boshlanganini ma’lum qildi. Shunday qilib, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush boshlandi. Shu vaqtgacha Rossiya o‘zini tinchliksevar davlat ekanligini iddao qilib, barchani Ukrainaga hujum qilmaslikga ishontirgan edi. Ammo, bularning barchasi quruq yolg‘on bo‘lib chiqdi.
Rossiya armiyasi Xarkov, Sumi va Chernigov viloyatlariga, Belarus hududi orqali esa Chernobil viloyatiga kirib keldi. Rossiya anneksiya qilingan Qrimdan Xerson va Melitopolga qo‘shin yubordi. Bir qator mamlakatlarda odamlar Ukrainani qo‘llash uchun ko‘chalarga chiqdi. Ularning qo‘lida «urushni to‘xtating», degan shior bor edi.
Rossiya hukumati Ukrainaga hujumni urush emasligini ta’kidladi. Bu Ukrainani delimitatsiya va denatsifikatsiya qilishga qaratilgan maxsus operatsiya! Millionlab insonlar va go‘daklarni chirqiratgan maxsus operatsiya edi!
Rossiyaning Ukrainaga hujumi ortidan Yevropa va AQSh Rossiyaga nisbatan turli sanksiyalar e’lon qildi. Bu sanksiyalar Rossiya iqtisodi, rahbariyati, qator kompaniyalar, yirik oligarxlarga nisbatan tatbiq etildi. Lekin shunga qaramay Rossiya iqtisodi hamon barqaror ekanligini ko‘rsatmoqda.
Ukraina poytaxti Kiyevni egallashga bo‘lgan harakat Rossiya armiyasining mag‘lubiyati va ortga chekinishi bilan yakunlandi. Shundan so‘ng Rossiya bor e’tiborni Donetsk va Lugansk viloyatlariga qaratdi. Sentyabr va avgust oylarida Ukraina qo‘shinlari asta-sekin frontdagi holatni o‘z foydasiga hal qila boshladi. Albatta, bunda G‘arb tomonidan keltirilgan qurollar muhim ahamiyat kasb etdi.
Ukrainaning muvaffaqiyatlaridan keyin Moskva urush strategiyasini mutlaqo o‘zgartirdi. 21 sentyabr kuni Vladimir Putin mamlakatda qisman safarbarlik e’lon qildi. Davlat rahbarining bayonoti ortidan Rossiyaning ko‘plab shaharlarida norozilik namoyishlari ko‘tarildi. Chunki bir necha oy oldin Putin Ukrainadagi maxsus operatsiyada zaxirasidagi askarlar qatnashmasligiga va’da bergandi. Safarbarlik e’lon qilingach, minglab Rossiya fuqarolari mamlakatni tark eta boshladi. Urushni boy berayotgan Kreml shoshilinch ravishda Donetsk va Lugansk Xalq Respublikalarini hamda Xerson va Zaparoje hududlarini Rossiya tarkibiga qo‘shib oldi. Bu bilan Rossiya bosqinchilik urushi «vatan urushi»ga aylantirdi. Shundan so‘ng Vladimir Putin mamlakat hududiy yaxlitligi jumladan, yangi qo‘shib olingan viloyatlarni himoya qilishga, hatto, buning uchun yadro qurolidan foydalanishga tayyor ekanligini bildirdi.
Nensi Pelosining nizo chiqargan Osiyo safari
Yoz faslining so‘nggi oyida dunyo siyosatida turli ziddiyatlar avj oldi. 2-3 avgust kunlari AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Tayvanga tashrif buyurdi. Bu esa Pekinning keskin munosabatiga sabab bo‘ldi va Xitoy bunga javoban orol atrofida keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi.
Bu voqea AQSh va Xitoy munosabatlarini taranglashtirdi. Rasmiy Pekin Pelosi kelishidan oldin Tayvan yaqinida harbiy mashg‘ulotlar boshladi. Tashrifdan keyin esa orol atrofida bir qancha hududlarda mashg‘ulotlarga start berildi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi siyosatchining tashrifiga keskin norozilik bildirdi va uni qoraladi. Uning safari «Yagona Xitoy» tamoyili va uchta Xitoy-AQSh kommyunikelari qoidalarini jiddiy ravishda buzishi urg‘ulandi. Pekin, shuningdek, Vashingtonni Xitoyni nazorat qilish uchun Tayvandan foydalanishni to‘xtatishga chaqirdi. Bundan tashqari, diplomatik departament mamlakat suverenitetini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishiga ishontirdi.
5 avgust kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Yaponiyani tark etib, Osiyoga safarini yakunladi.
Dunyoni larzaga solgan yo‘qotish
Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II 2022 yil 8 sentyabrda 96 yoshida Shotlandiyadagi Balmoral qasrida vafot etdi. Bu shunchaki bir monarxning vafotigina emas, balki bir davrning ham tugashini anglatadi. Negaki, Yelizaveta II dunyodagi eng uzoq vaqt taxtda o‘tirgan monarx hisoblanar edi.
Buyuk Britaniya va Britaniya Hamdo‘stligining 50 dan ortiq davlatida qirolicha Yelizaveta II vafoti munosabati bilan o‘n kunlik motam boshlandi.
10 sentyabr kuni Yelizaveta II ning to‘ng‘ich o‘g‘li Charlz Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi qiroli deb e’lon qilindi.
Erondagi namoyishlar
Joriy yilning 16 sentyabr kuni Eronda axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Amini vafot etdi. Uning vafotidan so‘ng mamlakatda norozilik namoyishlari boshlandi.
Namoyishda qatnashgan ayollar hijobni yoqib, sochlarini kesishni boshladi. Ushbu norozilik dunyoning boshqa mamlakatlarida ham aks-sado berdi. Namoyishchilar ko‘chalarni to‘sib, xavfsizlik kuchlariga tosh otdi, politsiya mashinalari va axlat qutilariga o‘t qo‘ydi, hukumatga qarshi shiorlar aytishdi.
Amini poytaxtda Eron axloq politsiyasi tomonidan ayollarning sochlarini hijob yoki ro‘mol, qo‘l va oyoqlarini keng kiyim bilan o‘rashni talab qiluvchi qonunni buzganlikda ayblanib hibsga olingan edi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari hibsga olingandan keyin vafot etgan eronlik Mahsa Amini o‘limi sababli Eronning axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Keyinroq Kanada ham bir necha o‘nlab Eron rasmiylari, biznes vakillari, shuningdek, Eron axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar joriy etishga qaror qildi. Shundan so‘ng Eronda axloq politsiyasi tugatildi.
Norvegiyada joylashgan Eron Inson Huquqlari Tashkiloti 22 yoshli Mahsa Amini o‘limi ortidan Eron Islom Respublikasini qamrab olgan ommaviy namoyishlarda 458 kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
Seulda 151 insonni umriga zomin bo‘lgan Xellouin
29 oktyabr kuni Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrida Xellouin bayramini nishonlash vaqtida yuz bergan tiqilinchda 151 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, tiqilinch oqibatida 82 kishi jarohat olgan, 151 kishi vafot etdi.
2022 yil odami
Har yilgi an’anaga ko‘ra, Amerikaning Time jurnali 2022 yil odami tanlovida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va «Ukraina ruhi»ni yil kishisi deb e’lon qildi.
Bu yil Ukraina boshiga ulkan sinov tushdi. Rossiyaning Ukrainaga kutilmagan hujumi dunyo mamlakatlarini esankiratib qo‘ydi. Ko‘plab tahlilchilar bu vaziyatda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni G‘arbga qochib ketadi, deb o‘yladi. Biroq bunday bo‘lmadi. Zelenskiy raketa yomg‘iri ostida qolayotgan xalqini tashlab qochmadi. U xalqini bosqinchiga qarshi kurashga da’vat etib, mamlakatning mustaqilligini saqlab qolishda muhim rol o‘ynadi. Jurnal o‘tgan yili Ilon Maskni shunday e’tirof etgandi.
Qatardagi mundial
20 noyabr kuni Qatarda navbatdagi fudbol bo‘yicha Jahon chempionati start oldi. Qatar hukumati chempionat boshlanishidan oldin turli xil dilni xira qiladigan voqealarni oldini olish uchun turli cheklovlar joriy qildi. Jahon chempionati boshlanishiga ikki kun qolganda stadionlarda pivo sotishni taqiqlandi. Qatarda Jahon chempionatining ochilish marosimini juda ham yorqin tarzda tashkil etildi.
Ochilish marosimida bir qator futbol afsonalari ishtirok etdi. Stadionda maskotlar paradi o‘tkazildi. Ushbu paradda oldingi mundiallarning qahramonlari qatnashdi.
Keyin esa marosimning asosiy qahramonlaridan biri mashhur aktyor Morgan Friman ishtirokidagi spektakl boshlandi. Syujetga ko‘ra, 85 yoshli aktyor hikoyachi rolini o‘ynadi. Marosimda qatarlik qori yigit G‘anim Mufah Qur’oni Karim oyatlaridan tilovat qildi. Muhtasham «Al-Bayt» stadionida Xujurot surasi 13-oyat o‘qildi. Morgan Friman millionlar o‘yini bo‘lmish futbol butun insoniyatni birlashtirishini aytdi.
Bu galgi futbol bo‘yicha jahon chempionati final bahsida Argentina va Fransiya to‘qnash keldi. Finalning asosiy o‘yin vaqtida 3:3 hisobi qayd etildi. Penaltilar seriyasida Argentina Fransiyani mag‘lub etdi. Shu tariqa Argentina mundialda uchinchi marta chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Qatardagi JCh tarixdagi eng qimmat futbol musobaqasiga aylandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter