Yolg‘iz ayol haqida qo‘shiq: bevaning iqtisodiy-ijtimoiy muammolari, jamiyatdagi stereotip va boshqalar haqida (uchinchi suhbat)
«Xabar.uz» yolg‘iz ayol loyihasidagi suhbatlarini davom ettiradi. Eri olamdan o‘tgan yoki ajrashgan o‘zbek ayollarining bir qismi mamlakatdan tashqarida ishlayotgani sir emas. Ayol yolg‘iz boshi bilan muhojirlikni bo‘yniga olishi osonmi? Begona yurtlarda ishlayotgan bevaning quvonchlari va tashvishlari qanaqa?
Bugungi qahramonimiz tug‘ruqxonadayoq ersiz o‘tishga ahd qilgan va umrining yarmini Rossiyada o‘tkazayotgan Nilufar Umirova.
– Nilufar, feysbukda o‘ziga xos davrani tashkil qilgansiz. Postlar va ular ortidagi muloqotlarda yolg‘iz ayol ekaningizni bilish mumkin. Turmushga chiqqaningizga qadar yolg‘iz ayol hayoti qanday bo‘lishi haqida tasavvuringiz bo‘lganmi?
– Otam vafot etganlarida men beshikda bo‘lganman. Onam to‘rt farzandni yolg‘iz o‘zlari katta qildilar. Shifoxonada, jarrohlik bo‘limida 38 yil hamshira bo‘lib ishladilar. O‘rni kelganda bir necha smenada ishlardilar. Tungi smenadan kelib, tongda qulupnayni sug‘organi, begona o‘tlardan tozalaganini eslayman. O‘zimiz hali og‘zimiz yetmay 1 mayda qulupnayimiz bozorga chiqardi. Men maktabdan chiqib to‘g‘ri onamning oldlariga, shifoxonaga borgan kunlarim bo‘lgan. Opam uzatilgan, akamlar ishda bo‘lsa yolg‘iz qolmasligim uchun yagona chora shu edi. Ertalab o‘sha yoqdan avtobusga mingizib yuborardilar. O‘shanda yolg‘iz ayol yuki nimaligini tushunmasam ham onamga qiyin ekanini bilardim.
– Onangiz sizning yolg‘iz ayol bo‘lishingizni hech ham istamagan. Turmush o‘rtog‘ingiz bilan tanishuvingiz qanday kechgan, tushunmovchiliklar nimadan boshlangan, oilani saqlab qolish imkoni bo‘lganmi?
– Tibbiyot texnikumini bitirib poliklinikada ishlayotgan edim. Hali yigirmaga ham to‘lmaganman. U yoq-bu yoqdan sovchilar chiqa boshladi. Bo‘lajak kuyov ish joyimda ko‘rib qolgan emish. Opalari yopishib olishdi. Onasi yo‘q ekan. Uch marta uchrashdik. Oxirgi uchrashuvda undan spirt hidi anqiyotgan edi. Borib onamga aytdim. Onam opalariga aytsa, ular ukalari gapni bilmasligini uqtirishgan, biroz dadil bo‘lish uchun bir piyolagina ichgan deyishibdi. Shunday qilib fotiha ham o‘tkazildi. Ko‘p o‘tmay u haqda «g‘irt alkash» degan gapni eshitdim. «Qaytaraylik» dedim. Onamning «Odamlar nima deydi, mahalla uning ichishini qayoqdan bilsin, senga biror gapni taqashadi. Onasi yo‘q, aka-opalar o‘zi bilan o‘zi, siqilganidan ichgandir, oilali bo‘lsa bosilar» degan gapi meni biroz tinchlantirdi.
– Har qanday ajrashgan oilaning ham baxtli kunlari bo‘ladi. Siz baxtli tuyulgan onlaringizni eslaysizmi?
– To‘yimiz 1997 yilning 9 may kunida bo‘lib o‘tdi. Onam, otam yo‘qligini bildirmay, hech kimdan kam qilmay uzatdi. O‘zi oila kenjasi, erka katta bo‘lgan qizman. Umrimda qilmagan ishlarimni bajarib ketganimning o‘zi quvonarli edi. Ertalab turib hovli, ko‘chalarni supuraman, qaynotamga choy hozirlayman. Poliklinakada ishim 8 dan 3 gacha. Kelib biroz dam olamanmi-yo‘qmi, yana supir-sidir, kechki ovqat, keyin saranjomlash. Keyin... soat o‘nmi-o‘n birmi, farqi yo‘q, ichib olgan erim kirib keladi-yu, ana janjal, ur-sur. Bu mashmashalarning boshi chillamning ichidayoq urchidi va oxiri ko‘rinmasdi. Bezillab qolgandim.
– Yaqinlaringiz bu holatga qanday qarardilar?
– Onam bolali bo‘lsa bosilib qolarmi deb umid qilardi. Asabiylashish, ora-orasida yeb turadigan tepkilar homilaga ta’sir qilmay qolmas edi. Uch marta homilam tushdi. Janjallardan to‘yib, har gal endi qaytmayman deb ota uyimga borganimda, onam akamga singling xabar olgani kelgan, uyiga olib borib qo‘y derdilar. Akam eshik oldida tashlab ketardi. Onam menga ichi achirdi. Uning holini tushunardim. Hali o‘qib yurgan paytlarimda Leningraddan kichik akamning jasadi tobutda kelgandi. Onamga shu dardning o‘zi yetardi. Opam turmushga chiqib o‘zi bilan o‘zi bo‘lib ketgan. Katta akam esa meni uyga qaytishimni istamas edi. Balki shunday yo‘l bilan oilamni saqlamoqchi bo‘lgandir, balki mahallada ortiqcha gap bo‘lishini istamagandir, ehtimol kennoyim bilan kelishmay qolishim mumkinligini o‘ylagandir.
– Eringiz ishlamasmidi?
– Uylanayotganda kolxozda suvchi deyishgandi. Hech qancha vaqt ishlamadi. Ishdayam, shiyponda ichib uxlab qolib paxtani suv bostirganda haydaldi. Ro‘zg‘orga ikkita non ko‘tarib kelolmagan erim ichishga pulni qayerdan topishiga hayron qolardim. Lekin, tug‘ruqxonada qat’iy qarorga keldim. Uchinchi yil deganda men qo‘limga chaqaloqni olganda, erimga bolaning ham qizig‘i yo‘qligini tushundim. Orqamdan boradigan, kam-ko‘stimni butlaydigan faqat onam bo‘ldi. Erim kelmas edi, kelsa ham ichib kelib sharmanda qilishini o‘ylardim. Chillaxonada turib, er shu bo‘ladigan bo‘lsa ersiz o‘tayin dedim. Onamga yana o‘sha uyga olib borsa, o‘zimni o‘ldirishimni aytdim.
– Kelinlik uyingizga bormasangiz, ota uyiga qabul qilishmasa, nima qildingiz?
– Onam ijara uy gaplashibdi. Tug‘ruqxonadan chiqib to‘g‘ri o‘sha yoqqa bordik. Kechga yaqin erim va qaynopalarim bizni topib kelishdi. Onam, kuyov kelib-ketib yursin, o‘zgarsa, keyin olib ketaversin dedi. Ammo, u bu yerga ham faqat g‘irt mast holatda kelardi. O‘zgarmasligiga ishonch hosil qildik. Bir kuni egalari muhojirlikdan qaytadigan ijara hovlida qancha yashash mumkin? Shu orada, bir domdan chog‘roqqina kvartira sotiladigan, biz yarmini naqd, yarmini bir yil davomida to‘lab borish sharti bilan oladigan bo‘ldik. Sinovli kunlar boshlandi. Besh-olti kunlab qozonimiz qaynamaydigan, qovun yoki tarvuz, yo bo‘lmasa pomidor to‘g‘rab non bilan yegan kunlarimiz kam emasdi. Bo‘lka nonning chekkasini o‘zimiz, o‘rtasini shirin choyga bo‘ktirib beshikdagi qizimga berardik. Onam o‘z ishiga ketardi. Men maoshi yaxshiroq deb koreyslarning tekstilida ishga chiqdim. Uch smena navbat bilan almashardi. Onam va mening smenam to‘g‘ri kelib qolganda Alla opa degan qo‘shnimiz bolaga qarab turardi.Uyning egasi esa hali uni, hali buni bahona qilib pul so‘rayverar, xullas, bir yilga deyilgan qarzni 5-6 oyga yig‘ib oldi. Onam endi bir nechta vrachlaridan qarzdor edi. Biriga aytilgan muhlat yetsa, boshqasidan olib unga berardi. Bolam endigina bir yoshga kirgandi, onam taniydigan, Moskvada ishlaydigan ayolga qo‘shilib yo‘lga chiqdim. 2000-yilning marti edi.
– Ishlab, shu bilan tezda qarzdan qutulib olgansiz-da shunda.
– Meni olib borgan ayol quruvchilar brigadasiga ishga joyladi. 11-12 chog‘li erkakning 3 mahal yeb-ichishi, kirlari, yashash joyini tozalash mening bo‘ynimda edi. Ikki oy ishladim hamki oylik berilmadi. Yaxshi odamlar bor bo‘lsin. Yaqin atrofda namanganlik Zina opa degan baqquvvat ayol dvornik bo‘lib ishlardi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdi. Brigadadan ketdim. Opa «Pyatorochka» degan maganzinga ishga joylashtirib qo‘ydi, o‘zi yashayotgan podval uydan joy berdi. Podval bo‘lsa ham televizori, xolodilniki, divanlari bor edi. Oqshomlari ustimdan qulflab ishga ketardi. Ishim yaxshi, ozoda edi, mahsulotlarni qadoqlar edik. Birinchi oyligimni olganimda, uch oy deganda birinchi marta onam bilan «peregovorniy» orqali gaplashdim. Magazinda 3 oy ishlab yo‘lkiraga pul yetganida esa Toshkentga qaytdim.
– Qarz, qarz nima bo‘ldi?
–Qarzdan hamon qutulmagandik. Shuning uchun onam va bolam oldida bir oygina bo‘ldimu yana Moskvaga yo‘lga tushdim. Endi anchagina dadil fikrlardim. Tilni bilaman, poyezdda o‘zbeklar ko‘p bo‘lishini bilaman, o‘zimga to‘g‘ri bo‘lsam, qalloblardan uzoq bo‘lsam, ishimni bajarsam, yaxshigina pul topishimni bilaman. Shunday qilib, men ham Zina opa kabi dvornik bo‘lib ishlay boshladim.
– Buyog‘i silliq kechdimi endi?
– Tunda qorovullik, tongda o‘sha hududni supur-sidiri, kelib ozgina dam olamanmi, qo‘shimcha ish chiqib qolsa, karton, butilka yig‘ishmi, biror xonadonda uborkami qilib ketaveraman, o‘zim bilan o‘zim edim. Ana shu tarzda ishlab, nihoyat qarzdan ham qutuldim. Bir qo‘shnimiz oilaviy Novosibirskda ishlardi. Yakkalik jabrini tortayotganimni bilib chaqirishdi. Bordim. U yerda restoranda idish yuvuvchi bo‘lib ishlay boshladim. Bir kuni ishdan qaytayotganimda, kechasi soat 11 da ish tugardi, bezori bolalar yelkamdagi sumkamni tortib olib qochib ketishdi. Ichida hujjatlarim va ozroq pul bor edi. Ishxonamga aytolmasdim. Hujjatsiz ishchi ularga faqat ortiqcha tashvish – ishdan bo‘shatib yuborishi mumkin edi. Bir necha oy ishlab, o‘z xohishim bilan ishdan bo‘shay qoldim. Keyin «Baraxolka» degan bozorda tojikistonlik Maya opa bilan meva sota boshladim. Bu yerga mevani ulgurji bozordan olardik. Yuk olayotganimizda «oblava»ga tushib qoldik. Hujjatim yo‘qligi tufayli deport qilindim.
– Shunday qilib 5 yil o‘tishini O‘zbekistonda kutdingizmi?
– Qaytib kelib avval ishlagan tekstilga yana joylashdim. Bekor o‘tirishga haqqim yo‘q edi. Lekin oilaparvar bir erkakning topishini ham qo‘shib topganimda maqsadga yetishimni bilardim. Yangi pasport olgach yana Moskvaga jo‘nadim. Qayta va qayta noldan boshlash odamni charchatar edi. Boshqa ilojini ham topolmasdim. Kelib suщi restoranida ish boshladim. Ishimiz yomon emas edi. 15 kundan keyin bilan bo‘lsa ham, maosh uzilishsiz to‘lanardi. Lekin topganimning bir qismi patent, ijara uyi, yeb-ichishimga (ovqatlanish o‘z hisobimizdan edi) ketardi. Ish oqshom soat 11 da tugardi. Ikki bekatlik yo‘lni piyoda bosib qaytardim. Internet orqali tanishgan, Turkiyada, Rossiyaning boshqa joylarida ishlayotgan o‘zimga o‘xshagan ayollar aynan o‘sha soatda qo‘ng‘iroq qilishar va men uygacha ular bilan gaplashib chalg‘irdim. Ular o‘zlari kabi xonadonda kampirga qarashni maslahat berardilar. Men o‘likdan qo‘rqishimni aytardim. Suщida 6 yil ishladim.
– Toshkentdan nima gaplar yetardi?
– Endi qo‘l telefonlari chiqqandi. Onam doim «Halol top, halol bo‘l, topganingda baraka bo‘ladi» dedilar. Qizim maktabni bitirib pedagogika kollejida o‘qidi. Kollejni bitirib maktabda dars bera boshlagani haqidagi xabarlardan ko‘nglim o‘sardi. Endi uni boshqalardan kam qilmay, borgan yerida ta’na eshitmaydigan tarzda uzatish haqida o‘ylardim.
– Aytgancha, o‘zimizda yolg‘iz ayolning qiz uzatishi ham, o‘g‘il uylantirishi ham oson emas, deb ta’kidlanadi.
–Qizimni onam gulday avaylab voyaga yetkazib berdilar. Maktabda a’loda o‘qidi. Tabiati yuvosh, har qanday quv qizlardan uzoq bo‘ldi. Qizimga uzoqroq joylardan sovchilar chiqaverdi. Onam boshingda ering bo‘lmasa, bir qadam uzoqda, o‘zimiz tanimagan odamlarga qanday uzatamiz deya ikkilanardilar. Bilganlarimizdan o‘rtanchi qaynopamning (6 ta qaynopam bor) o‘g‘li xaridor bo‘ldi. Ancha vaqt ko‘nmay cho‘zib yurdim. Qizim yolg‘izligi bilinmasin deb, ammalari o‘g‘illarini akalari deb tanishtirganmiz. Bu gaplargacha bir-ikki kelganida akam ekan deb gaplashgan ekan. Yigit borib o‘laman-kuyaman deganida qizim rad javob beravergach, bir gal kelibdiyu «olib qochib ketaman» debti, boshqa safar «Mana, kelganimda men bilan gaplashayapsan-ku, nomingni chiqarvoraman» deb aytibdi. Onamning maslahatlari bilan shularga uzatadigan bo‘ldik. Shukur, o‘g‘il va qizi bor. Yozda nevaramning to‘yini o‘tkazdik.
– Katta tavakkal qilgan ekansiz. Muammolar bo‘lmadimi ishqilib?
– Har qanday ro‘zg‘orda ham birda tushunish bo‘ladi, birda anglashmovchiliklar bo‘ladi. Shukr, ikkilasining gapi bir joydan chiqadi. Qudalarim ajoyib insonlar. Kuyovim namozlarga chiqadi, ro‘zg‘orini chiroyli olib boradi. Bir gektar yeri bor, fermerlik qiladi. Qizim qiziqtirib, tendermi, nimadadir 40 sotix yer yutib olishgan. Pomidor, bodring, loviya ekishadi. Qizim yakka-yolg‘iz bo‘lganiga yarasha katta oilaga tushdi — bitta hovlida qaynota-qaynona, ikki aka-uka oilasi, bola-chaqasi bilan yashashadi. Oila shu qish kunlari ham bekor o‘tirmay savat to‘qiydi, qizim ham o‘rganib olgan, erining yonida o‘tirib u ham barobar to‘qishadi.
– Ajrashgan eringizning opasi bilan quda-andachilik qilyapsiz. Ajrashganingizdan pushaymon paytlaringiz bo‘lganmi?
– Bitta farzandli bo‘lganimda ajrashib olganimga shukurlar qilaman. Uchta-to‘rtta bola bilan ajrashsam nima qilardim? Bo‘lmaydigani bo‘lmaydi! Erimni bir beva ayolga uylantirib qo‘yishdi oxiri. To‘rtta bola orttirib, chidadi, chidadi va bolalarni olib chiqib ketganiga bir necha yil bo‘ldi, xolos. Erim esa hassada zo‘rg‘a yuribdi.
– Esli-hushli, go‘zal ayolsiz. Hayotingizni qaytadan qurish haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
– Rossiyada ishlayotgan ayollar orasida tarbiya ko‘rgan, jigarlari, farzandlari sha’nini o‘ylab, to‘g‘ri yurib, to‘g‘ri ishlayotgan yolg‘iz ayollar ko‘pchilik. Hatto ular orasida, birovlarning fikri buzilmasin deb yolg‘izligini yashirib, erim Rossiyaning falon shahrida ishlaydi yoki pasporti to‘g‘ri bo‘lsa orqamdan keladi, deydiganlari bor. Lekin, yolg‘iz ayolni aldab, baxtga ishontirib, qaytadan baxtsiz qilinayotgan holatlar haqida ham eshitamiz.
Bilasiz, Rossiyada masjidlar bor. Deylik, birining uyida ayoli bo‘la turib, boshqasining eridan ajrashgani aniq bo‘lmay turib, borib nikoh o‘qitiladi. Guvoh ham shart emas. Bir haftagina birga yashab, ajrashishga ham ulgurishgan, erkak yana boshqani aynan o‘sha masjidga yetaklab kelgan hollar bor. Bu yerda domla ZAGS guvohnomang bormi, niyating jiddiymi deb so‘rab o‘tirmaydi. Shu yerda haqiqiy baxtini topganlar ham uchraydi.
Ammo men yengil-yelpi takliflar emas, jiddiy, risoladagidek oila qurish haqidagi takliflarni ham qabul qilolmadim. Agar men er, o‘zimning hayotim, kiyinish, bo‘yanish haqida o‘ylaganimda bugungi erishganlarimga erisholmasdim.
– Muhojirlikda siz kechgan narsalar ko‘pmi?
–20 yil Moskvada yashab Kremlni ko‘rmagan insonman. Oromgohlarni, kino, teatrni ko‘rmadim. Bayramlar nimaligini bilmadim. Mana Yangi yil yaqinlashyapti. Har Yangi yilda o‘zbek xotin-qizlari qaysidir restoranda yig‘ilib bazm o‘tkazadilar. Bormayman. Ikki soatlik tadbir uchun 50-70 dollar to‘lash kerak. Yaxshisi, men bu pulni uyga jo‘nataman. Kelganimda sochlarim uzun edi, suvi yoqmay to‘kilib ketdi, majbur bo‘ldim – qirqdim. Doim dam olishsiz ishlayman. Mehnatdan ezilib, ezilib ketasiz. Hammadan ham onam, qizim, akam, opamni sog‘inganda, dunyolarga sig‘may ketayotgandek bo‘laverardim.
– Moskvadagi eng unutilmas kunlarni qanday eslaysiz?
– Ishdan chiqib, magazindan non bilan kolbasami yoki allanima olamanu, xiyobonmi, bolalar maydonchasidami, skameykada o‘tirib yeb olaman. Shu yerda qorong‘u tushishini kutaman. Hamma uy-uyiga kirib, xonadonlarda chiroqlar birin-birin o‘chayotganda, men astagina bir domga kiraman va liftda yuqori qavatiga ko‘tarilaman. Pod’yezdda hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, shu yerda, zina ustida o‘tirgan holda ko‘zim ilinadi... Tong otishi bilan darrov binodan chiqib ketaman... Bu bir haftacha davom etgan.
– Nilufar, muhojirlik odamlarni birlashtiradi, deydilar. O‘zingizga o‘xshagan o‘zbek ayollari bilan do‘stlashish, opa-singil tutinish imkoni bo‘lgandir.
– Bunaqa «opa-singillar» ko‘p bora meni «o‘tqazib qo‘yishdi». Birining boshiga ish tushdi, ko‘z yoshi qildi. Qo‘limda borini, 750 dollarni berdim. Falon vaqti qaytaraman dedi. Keyinroq, bir oydan so‘ng, o‘n besh kunda oyligimni olganda... deb cho‘zaverdiyu, avvaliga yashash joyni o‘zgartirdi. Ko‘p o‘tmay telefon raqami o‘chirildi. Ichim to‘lgan kunda shu voqeani o‘zini yaqinroq tutgan boshqa bir dugonamga aytib beraman. Kunlarning birida buning o‘zi 400 dollarimni avrab olib dom-daraksiz yo‘qoladi. Rahmdil edim. O‘zim ham vaqtida pulga zoriqqanim uchunmi elanishsa, ahvollarini aytib yig‘lashsa yana berdim. Biri 450, boshqasi 350, eng kami 200 dollarni qarzga olib uni qaytarish to‘rt-besh yildan buyon xayollariga ham kelmaydi. Jami 2 ming dollarim ana shunaqa ayollar qo‘lida qoldi. Ular mening azoblarimni bilgan ayollar. Endi yig‘laganlarga rahmim kelmay qoldi...
– Lekin feysbukda ajoyib do‘stlaringiz bor...
–Feysbukda do‘stlarni tanlash, sinash imkoni bor. Ayrimlar do‘stligini oylab qabul qilmay turaman. Profilini ko‘raman, boshqalarga yozgan izohlarini o‘rganaman. Bema’ni, tayini yo‘q do‘stlarning menga keragi yo‘q. Hozirda bir yarim mingga yaqin obunachim bor. Vaqt-vaqti bilan, faol bo‘lmagan, faqat tomoshabin obunachilarni tozalab turaman. Do‘stlar sonini orttirishni istamayman. Feysbukda do‘stlarim 100 foiz ayollar. Bitta erkak ismi bor – qizim kuyovim nomidagi telefondan foydalanadi.
– Kuniga kamida o‘nta-o‘n beshta post qo‘yasiz? Bu sizga nima beradi?
– Musofirlikda yonimda qarindoshim yo‘q, dugonam yo‘q, 100 yoshga kirayotgan bir kampirga qarayman, feysbukdagi muloqot hayotim mazmuniga aylangan. Avvalo o‘zim zerikmayman. Obunachilarga nimadir berayotganimni his qilaman. Ko‘rgansiz, postlarim ob-havodan tortib siyosiy masaladagi videolavhalarni qamrab olgan. Asosan, xotin-qizlar mavzulariga e’tibor beraman. Post, shuncha obunachidan, bo‘lmaganda to‘rttasi yoki beshtasiga tarbiya bera olsa katta gap. Do‘stlarim turli yoshdagi ayollar. Ulardan o‘zim ham ko‘p narsani o‘rganaman.
– Asosiy ishingizni qoldirib qanday ulgurasiz?
– Kampirim juda qarib qolgan. Lekin o‘zi yuradi, o‘zi ovqatlanadi, aqli joyida. Uning taomini vaqtida berishga, xonadonni ozoda tutishga ulgurib bo‘lib internetga kiraman. Deylik, kampirni cho‘miltirayapman. Uni vannaga kiritib qo‘yib, orqalarini ishqalayman. Qo‘l-oyoqlarini o‘zi ishqalashni yaxshi ko‘radi. Shunda, 10-15 daqiqa bo‘sh vaqtim bo‘ladi. Vanna yonida stulchada o‘tirib olib bir necha postni qo‘yib tashlayman. Chunki, kechasi uyqu oldidan bir nechta lavhalarni tayyorlab qo‘ygan bo‘laman. Keyin kampir kvartirasi bilan yonma-yon, o‘zimga alohida 3 xonali kvartira berib qo‘yilgan, tunda bemalol internetni titkilash, videolavhalarni eshitish, kerak joyida montaj qilish, yozuvlarni joylashtirib qo‘yishga hech kim halaqit bermaydi.
– Avvalroq, o‘likdan qo‘rqishingiz sabab kampirga qaramaganingizni aytdingiz.
– Aslida tiriklardan qo‘rqish kerakligini tushunib yetdim. Qizimni uzatib kelganimdan buyon ikkita kampir qo‘limda jon taslim qildi. Bu kampirim kunduzi oyoqda yurgani bilan tunlari a’zoyi badani qaqshab chiqadi. Og‘riq kuchaygan oqshomlarda uning yonida tong orttiraman.
– Kelajagingizni qanday tasavvur qilasiz?
– Opa, mehnatdan ezilib ketdim, nasib bo‘lsa, yozga qolmay Moskva bilan xayrlashaman. Borib nevaralarimni navbati bilan olib kelib boqib o‘tiraman. O‘zbekistonda jami ish stajim 11 yil ekan. Bu bilan qanaqa pensiyaga chiqaman, bilmayman. Lekin ishlamoqchi emasman. Qizimni uzatganimdan keyin o‘zimizning domimizdan bir xonali yana bir uy sotib olganman. Endi g‘ishtli domlardan yana bir uy olish niyatidaman. Shunga ozroq yetmay turibdi, biroz ishlasam, yetib qolar. Shunda pensiyamni o‘zim ta’minlagan bo‘laman. Ikkita uyni ijaraga berib, xotirjam yashamoqchiman.
– Yana aytadigan gaplaringiz bormi?
– Qoqildim, surundim, ammo hech ham ortga qaytmadim Qaysidir idoralar eshigi oldida yordam so‘rab sarg‘aymadim, o‘zimni osmadim, Allohning peshanamga bitgan taqdiriga qarshi chiqmadim. Inson faqat intilishi kerak ekan. Telefonda nabiralarim, biri qo‘yib biri vijirlaganda qanchalik o‘zimni baxtiyor his qilaman. Alhamdulilloh , yolg‘iz farzandim 4 ta farzandga aylandi.
Boshimdan kechirgan qiyinchiliklar unut bo‘lib borayapti. Allohim, oxirimizni xor qilmasin. Barcha muhojirlarga qilgan mehnatlari va tortgan azoblari rohatini ham ko‘rishlik nasib etsin ilohim.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter