Onasini va singlisini urayotgan o‘g‘illar... oqibatni unutmang deymiz?!
Navro‘z mahallasida istiqomat qiluvchi, hozir vatanida vatansiz qolgan Sanobar Valiyevna Aslonxonova 1982-yil 17-fevralda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. Ular oilada to‘rt farzand — ikki o‘g‘il va ikki qiz edilar. Otasi Vali aka avval o‘qituvchi, keyin oshpazlik bilan shug‘ullandi. 2015-yili saraton kasalligidan olamdan o‘tdi. Onasi Hidoyatxon Umarova esa Qo‘qon shahar qizil yarimoy jamiyatida hamshira bo‘lib ishlagan. Hozir pensiyada.
— Otam tirikligida barcha farzandlarini uyli-joyli qildi, uylantirib, turmushga uzatdi. O‘g‘illarning har ikkisi — akam va ukamga ham hovli-joy, sharoitlarni qilib berdi. Opam turmushga chiqqan, — deydi qiz iztiroblarini bayon etar ekan. — 2002-yilda Angren shahrida istiqomat qiluvchi yaqin qarindoshimga uzatishdi. 2010 yilga qadar birgalikda umr kechirdik.
Ikki marta bo‘yimda bo‘lgan farzandlarim sakkiz oyligida o‘lik tug‘ilishdi. Abdulloh va Rahmatulloh bolalarimni qabrga qo‘ydik. Buning qattiq iztirobi va azoblarini hech bir onaning boshiga solmasin. Yaqin qarindoshligimiz sababli tibbiyot xodimlari ham sog‘lom farzand tug‘ilish imkoniyati cheklangani haqida yakuniy xulosa berishdi.
— Farzand asrab olsangiz bo‘lmasmidi?
— Buni surishtirib ko‘rdim. Ota yoki ona asrab olingan bolani boqishi uchun rasmiy oylik ish haqiga egaligi haqida ma’lumotnoma taqdim etishi zarur ekan. Turmush o‘rtog‘im Abdulaziz Rahmatullayev hech qayerda ishlamas edi. Bu fikrni aytganimda aslo unamadi va darg‘azab bo‘ldi. «Bolani kim boqadi?», — dedi. O‘zim esa chevarchilik bilan shug‘ullanaman. Oilani ham o‘zim boqar edim. 2007 yili o‘rtada teng pul tashlashib, ikki xonali uy sotib oldik. O‘z uyimizga ega bo‘lganimizda boshimiz osmonda edi. Biroq o‘rtamizda faqat shar’iy nikoh bo‘lib, fuqarolik holatini qayd etish organida qonuniy nikohimiz qayd etilmagan edi. Shu sababli uy xo‘jayinim nomiga olindi va kadastr hujjatlari uning nomiga qilindi.
— Nima uchun qonuniy nikohdan o‘tmadilaringiz?
— To‘ydan oldin bu masalani bir necha marta ko‘targanman. Xavotir olma, Angrenga boraylik, o‘sha yerdan o‘tamiz deb meni qat’iy ishontirib keldi. Qo‘qondan doimiy ro‘yxatdan chiqib, Angrenga ketgach esa qaynonam bunga butunlay qarshi bo‘ldi. Na uyimizda ro‘yxatga qo‘ydirtirdi, na «ZAGS»dan o‘tkazdirdi. Men u shaharni yaxshi bilmas edim. Shu sababli uydan chiqib, dardimni biror mutasaddiga ayta olmadim. Ota-onamning bu masala bo‘yicha bir necha bor qilgan iltimoslarini ham e’tibordan chetda qoldirishdi. Biz ham janjal chiqmasin deb tezlamadik.
Eng achinarlisi, 2007-yili erim birgalikda olgan uyimizni o‘z nomiga rasmiylashtirganidan keyingina qonuniy nikohdan o‘tishga ruxsat berdi. Sodda ekanman. O‘shanda quvonchim cheksiz edi. Erimning familiyasiga (Sanobar Rahmatullayeva) o‘tdim. Uzoq kutgan farzand ham tug‘ilib, birin-ketin olamdan o‘taverishgach, bo‘layotgan barcha noxush jarayonlar sog‘lig‘imga juda yomon ta’sir qildi, ruhan siqildim. 2010-yilda ota uyimga qaytdim. Bir yostiqqa bosh qo‘yganim bir marta ham ortimdan so‘rab kelmadi.
— Biror marta ham so‘ramadimi holingizni?
— Bir-ikki bor telefon qildi. Qaytsang yaxshi bo‘lardi, qiynalayapman dedi. Farg‘onadagi universitetga otasining kuchi bilan kirgan, qaynotam olamdan o‘tib qolgach o‘qishni tashlab qaytgan edi. Foydali mehnat bilan shug‘ullanmasligi sababli ro‘zg‘or aravasini tortish uchun meni bir necha marta o‘z oldiga chaqirgani ham men uchun haqoratli edi.
— Ota-onangizning bunga munosabati qanday bo‘ldi?
— Ular ham hammasini sezib turishardi, boshida xato qilishganidan qattiq siqilishar edi. Ko‘nglimga qarashdi. Otam yaxshi pul topardi. Aka-ukalarimni alohida chiqarib, meni uyda olib qoldilar. Uyimiz onamning nomida edi, menga meros qolishini aytdilar. Meni shu yerga qayta ro‘yxatdan o‘tkazishdi. 2016 yilda erim meni ajrashish uchun Angren shahriga chaqirtirdi. Lekin men ajrashishdan avval birgalikda topgan uyimizdan o‘z ulushimni talab qildim. Senga uy yo‘q, chunki ajrashmayman, seni sevaman deb o‘zgarib qoldi. Sendan ajrashgan erkak ahmoq bo‘ladi deb kechirim so‘ray boshladi.
— Xudoning zorini qilgan ekan, balki birga qolsangiz bo‘lmasmidi?
— Unga ishonchim mutlaqo so‘ngan edi. Chunki ayriliq davrimizda, 2014-yili yana shar’iy nikoh asosida ikkinchi xotinga uylanib olgan edi. U bir farzandli, eri vafot etgan ayol, qo‘qonlik Nazira degan qiz edi. Uni Rossiyaga o‘zi bilan olib ketganidan xabardor edim. 2015-yili uni o‘sha yerda rosa do‘pposlagan, bechora kasal holida bir amallab qochib qutulgan ekan. Bir kuni o‘sha ayol meni ko‘chada ko‘rib qolib, nega eringiz shunday ekanligini aytmagansiz, meni qiynadi deb o‘pkaladi...
— Sizdan ajrashmasdan uylanibdimi?
— Shunday. Xullas, men bevafoga yor bo‘lolmas edim. 2017-yil yanvarda yana qonuniy ajrashish uchun chaqirtirdi, bormadim. 2017-yil iyun oyida Angrendagi qarindoshlarimning to‘yiga borgan chog‘imda, kel, biryo‘la ajrashishga ham ariza tashlab ketay deb Angren FHDYosiga bordim.
— Demak, uzil-kesil qonuniy ajrashishga qaror qilgansiz?
— Ma’nosiz hayotdan charchadim. Yaxshi o‘zgarishlarga umidim bor edi. FHDYo bo‘limiga borsam, sizlar allaqachon ajrashib bo‘lgansizlar, fuqarolik ishlari bo‘yicha Ohangaron tumanlararo sudiga borib, hujjatlaringizni olib keling deyishdi. Sudga bordim, ammo bizni ajrashtirgan sudyani ko‘rmadim. Meni sirtdan ajrashtirish haqida qaror chiqarishgan ekan. Vaholanki, men hech qanday chaqiruv qog‘ozini olgan emasman.
— Sud qaroridan nusxa bormi? Qonunga teskari borgan sudyaning ism-familiyasini bilasizmi?
— Sud qarorini ko‘tarib, FHDYoga olib borib berdim. Nusxasini olmagan ekanman. FHDYo esa kompyuterini ochib, 2017-yil 15-aprelda nikohdan ajralganlik haqidagi 85-dalolatnoma yozuvi qayd etilgan I-TV 0048074-guvohnomani (oradan qariyb uch oy o‘tib, 2017-yil 7-iyulda) qo‘limga tutqazishdi. Sudyaga da’vom yo‘q. Baribir birga yashay olmas edik. Tinch ajrashganimga ham xursand edim. Erim esa ajrashgan zahoti Rossiyaga ketib qolgan ekan. Pasportimning muddati tugamasa ham uni almashtirib, ota familiyamga o‘tkazdim.
— Yigitdan boshqa xabar bo‘lmadimi?
— Buning menga ortiq qizig‘i yo‘q. Eshitishimcha, Rossiyada yashaydigan, o‘zidan uch-to‘rt yosh katta o‘zbek ayoli bilan shar’iy nikoh qurib yashagan va u bilan ham ajrashgan ekan. Yaqinda onasi «bolalarimiz birga yashasin, endi kechiringlar» deb amakimning uyiga kelishgan ekan. Shuncha voqealardan keyin ortga yo‘l yo‘q.
Dardim boshqa, akalar. O‘z uyimdan shu tariqa mahrum bo‘lib qoldim. Bu ham yetmaganday, 2015 yil dekabrda otam olamdan o‘tgach, akam Muxtor Aslonxonov uyni bo‘shatinglar, uni sotaman deya qat’iy talab qo‘ya boshladi. O‘zi hech qayerda ishlamaydi, ikkita bolasi bor, ukam boqadi. Juda ko‘p ichadi. Bir necha marta kelib meni urdi. Hatto otam vafot etganining yigirmanchi kuni uyning kalitini so‘rab, idishni otdi va o‘ng yelkamni sindirdi. 40 kun gipsdan yurdim. Har safar uyga kelganida onamni ham urdi. 2016-yil sentyabrda Navro‘z mahallasida ikkinchi qavatdagi uch xonali uyimizni bizga bildirmasdan 13,5 ming dollarga notanish ayolga sotib yuboribdi. Ayoldan har haftada 100 dollardan olib turgan. Biz buni bilib qolgach, «xavotir bo‘lmanglar, sizlarga bir xonali uy olib beraman» deb aldab keldi. 2016-yil noyabr oyida onam bilan uyni bo‘shatib qo‘yishimiz kerakligini aytib, bizni ko‘chaga haydab chiqardi.
— Zo‘ravon aka ustidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilmadingizmi?
— Avval Navro‘z mahallasi raisi Ali Hamroqulovga chiqdim. U esa «uyda o‘g‘il bolaning haqi bor, bo‘shatib qo‘ygin. Sotsa-sotaveradi, senga uy olib bermoqchi ekan-ku, noshukur» deya akamning tarafini oldi. Foydasi bo‘lmadi. 2016-yil dekabrda Degrezlik mahallasi raisi Azim Sodirov telefon qilib, meni o‘z oldiga chaqirtirdi. Akam shu yerda doimiy ro‘yxatda turadi. Keyin bilsam, onam bu ikkisini murosaga keltirgin deb iltimos qilgan ekan. Ammo rais kelishim bilan meni haqoratladi. «Yaxshi qiz eridan ajrashadimi, nega ota uyingga kelding, uyni meros olishga qizning haqqi yo‘q» dedi. Keyin «akang uy olib berishiga men kafilman» dedi. Tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushib raisning oldidan chiqdim. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay onam akam nomidan tez orada bizga uy olib berish uchun yozilgan va mahalla raisi muhr qo‘ygan tilxatni olib keldi.
— O‘sha tilxat qani?
— Mana, foydasi tegmagan bu hujjatni tashlab yubormoqchi bo‘lib yurgandim. O‘zi uy hujjatlarini yashirib, ukamnikida yashayotgan edik. Akam ta’qibni kuchaytirib, ichib kelib o‘sha yerda ham bizni do‘pposladi. Har safar ukam oramizga tushib bizni qutqarib qoladi. Bu bo‘yicha tuman IIBga murojaat qildim. Akamni uch kun qamab qo‘yishdi. Jarima solishdi, chiqib ketdi. Boshqa chora ko‘rilmadi. Bizni o‘ldirish bilan qo‘rqitdi. Oxiri chiday olmay, 2017-yil may oyida notariusga borib, uyning oldi-sotdisiga qo‘l qo‘yib berdik.
— Notarius qo‘rqituv sharoitida imzo chekilayotganiga e’tibor qaratmadimi?
— Yo‘q, bu yerga-bu yerga imzo chekinglar deyishdi va chiqarib yuborishdi.
— Akangiz shundan so‘ng sizlarga va’da qilingan bir xonali uyni olib berdimi?
— Yo‘q. Hech narsa olib bermayman dedi. O‘zimiz pul yig‘ib yangi uy sotib olgunimizga qadar ro‘yxatdan chiqarmaslik haqida bizdan uyni sotib olgan Donoxon opa bilan og‘zaki kelishgan edik. Biroq ayol va’dasiga vafo qilmadi. Uy daftarini yo‘qotib, bizni ro‘yxatdan chiqarib yubordi. Endi bir yaxshi tanishimnikiga vaqtincha ro‘yxatga qo‘ydim. Onam Umarova Hidoyatxon esa hech qayerda ro‘yxatda turmayapti. Natijada ikki oydan buyon 700 ming so‘m pensiyasini ham ololmayapti. Chunki «Xalq banki»ning pensiya pulini tarqatuvchilari mablag‘ni faqat doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan joydan tarqatishmoqda. Endi to‘lovni plastikka o‘tkazmoqchimiz. Chunki bank mablag‘ni plastik kartochkaga muammosiz tushirar ekan.
— Xo‘sh, tanishingiznikiga pasportni ro‘yxatdan o‘tkazdirib qo‘yibsiz, ona-bola hozir qayerda yashayapsizlar?
— Men xolamnikida, onam esa amakimnikida. Qaysi qarindoshimiz chaqirsa, bir-ikki kun «mehmon» bo‘lishga majbur bo‘layapmiz. Men-ku ishlab bir kunimni ko‘raman. Payg‘ambar yoshiga to‘lgan onamning yuragi xasta. Qarigan chog‘ida boshiga shuncha sarson-sargardonlik tushib turibdi. Har bir odamning o‘z uyi — o‘lan to‘shagi bo‘lsin ekan. Qo‘qon shahridan qurilayotgan yangi uylardan sotib olish niyatim bor edi. Ammo bir xonali uyning birinchi to‘lovini (15 million 120 ming so‘mdan — 30 million 240 ming so‘mgacha) to‘lashga qurbim yetmayapti. 5 yilda 10 million so‘m yig‘dim. Qolganini yiqqunimcha yana ikki yil ketadi, ungacha qayerga boramiz, shunga qattiq boshim qotib qolgan.
Sanobar Aslonxonova so‘zlardi-yu ko‘zda achchiq yoshi qalqardi. Uning ko‘zlarida mung va alam qotib qolganday tuyulardi.
U uy masalasida yordam so‘rab Qo‘qon shahar mahalla kengashi boshqaruviga murojaat qildi. Arzon uy oluvchilar ro‘yxatiga kiritildi. Birinchi to‘lovda yengilliklar yaratib berish uchun Qo‘qon shahar hokimligining arzon uy olish bo‘yicha komissiyasi raisi, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzuraxon G‘iyosova va shahar hokimi Ma’rufjon Usmonovdan muammo yechimida amaliy yordam kutamiz.
Xulosa o‘rnida qarindoshga aslo qiz bermang deymiz. O‘ta sodda ham bo‘lmang, huquqiy savodxonlik yo‘lida ortga chekinmang, deymiz. Nikohni albatta fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari orqali qayd ettiring deymiz. Ko‘zingni och, ey yigit, ichkilikka berilma, ona va singlingga ozor berib, ikki dunyongni kuydirma deymiz. Ro‘zg‘or yukini xotin gardaniga osayotgan noshudlardan ozor chekmaslik uchun qizlarni albatta o‘qiting deymiz... Va yakunda yana oqibatni unutmang deymiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter