Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

Professor Juen O: «O‘zbekiston — ikkinchi Vatanim!»

Professor Juen O: «O‘zbekiston — ikkinchi Vatanim!»

Foto: «Xabar.uz»

Yaqinda Toshkent shahrida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi bilan hamkorlikda «O‘zbekistonda oila institutini mustahkamlash» mavzuida muhokama anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjumanda oila-nikoh munosabatlari sohasidagi ilg‘or xorijiy amaliyotni ilmiy tahlillarga tayangan holda chuqur o‘rganish, xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan uzviy hamkorlik va tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, yoshlarga oilaviy munosabatlarning huquqiy va psixologik asoslarini o‘rgatish, ajrashishlarning oldini olish borasida turli mulohazalar bayon etildi.

Anjumanda yagona xorijiy qatnashchi — Toshkent shahridagi INHA universiteti professori, janubiy koreyalik Juen O xonim anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otgan «Koreyada namunali oilaning modeli» mavzuida o‘z taqdimotini o‘tkazdi. Ushbu nufuzli anjuman ishtirokchilari janubiy koreyalik professor Juen O taqdimotini barcha o‘tgan taqdimotlar orasida eng qiziqarli va foydali ma’lumotlarga boy bo‘lganini ta’kidlashdi. Jumladan, professor Juen O Janubiy Koreyadagi oilaviy an’analar hamda oilalarni mustahkamlash masalalari bo‘yicha ikki mamlakatning qarashlari bir xilligi haqida gapirib berdi.

Foto: «Xabar.uz»

Biz fursatdan foydalanib, Toshkent shahridagi INHA universiteti talabalariga iqtisodiyot va menejment asoslaridan ajoyib ma’ruzalar berayotgan professor Juen O bilan uchrashib, suhbatlashdik.

— Anjuman taassurotlari va taqdimotingiz haqida so‘zlab bersangiz.

— Anjumanda Janubiy Koreyadagi oilaviy an’analar hamda oilalarni mustahkamlash masalalari bo‘yicha O‘zbekiston bilan qarashlari deyarli o‘xshashligi haqida gapirib berdim. Albatta, Koreyadagi oilaviy an’analar haqida ham aytib o‘tdim. Lekin asl Koreya an’analariga oxirgi 30 yil ichida iqtisodiyotimizning o‘sishi, ayol huquqlarining erkaklar huquqlariga deyarli tenglashishi va globallashuv jarayonlari o‘z ta’sirini o‘tkazdi.

Masalan, 1970-yilda bir koreyalik ayolga o‘rtacha 4-5 nafar bola to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2017-yilga kelib bu ko‘rsatkich 1-2 tagacha tushib ketdi. 30-40 yil muqaddam koreyalik ayollarning o‘rtacha turmushga chiqish yoshi 18-20 yosh bo‘lsa, hozirga kelib bu ko‘rsatkich o‘rtacha 30 yoshlar atrofida. Bunga sabab, hozirda Koreyadagi xotin-qizlar erkaklar kabi oliy ma’lumotli bo‘lib, o‘z sohasida yetuk mutaxassis sifatida karera qurishga va turmushga chiqishdan avval iqtisodiy tomondan mustaqil bo‘lishga harakat qilishlaridir.

O‘z-o‘zidan bu jihatlar koreyalik ayollarning turmushga chiqish yoshlarini o‘tmishga qaraganda ancha oshishiga sabab bo‘ladi. Koreya kompaniyalaridagi juda   kuchli raqobat tufayli, ayollar odatda 1 nafar, eng ko‘pi 2 nafar farzandli bo‘lishadi, chunki ko‘p farzandli bo‘lish ayolni ko‘proq uyda o‘tirib qolishiga va oxir-oqibat ishidan va muvaffaqiyatli karerasidan ayirlishiga olib kelishi mumkin.

— Siz O‘zbekistondagi oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash uchun nimalarni tavsiya qilar edingiz?

— Oiladagi ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash uchun avvalambor tizimli targ‘ibot-tashviqot ishlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-ma’rifiy adabiyotlar, risolalar, o‘quv-uslubiy, tahliliy qo‘llanmalar tayyorlash va tarqatish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali zamonaviy namunali oilaning mezonlarini ishlab chiqish kerak. Mana shu materiallardan foydalanib, maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari uchun namunaviy oila mezonlarini hamda xalqingizning uzoq tarixi jarayonida to‘plagan chiroyli urf-odatlarini o‘zida mujassam etgan boy madaniyatingizga mos oila haqidagi mukammal darslikni yaratish lozim.

Men ishonamanki, agar maktab o‘quvchilariga mana shu mukammal oila darsligi bo‘yicha astoydil va muntazam saboq berilsa, jamiyat va oilada ma’naviy-axloqiy qadriyatlar doimo mustahkamlanib boradi.

— Siz qanday qilib Toshkent shahridagi INHA universitetiga kelib qolgansiz?

— 2016 yil INHA universitetining «O‘qitishda mukammalikka erishgan professor» unvoniga sazovor bo‘ldim. Shuning uchundir, Koreyadagi INHA universiteti prezidenti hamda logistika fakulteti rahbar va professorlari menga Toshkent shahridagi INHA universitetida yangi ochilayotgan logistika fakultetida ishlashni tavsiya etishdi.

Foto: «Xabar.uz»

Men bu taklifni bajonidil qabul qildim, chunki men Koreyada olgan barcha bilimimni hamda orttirgan tajribamni O‘zbekistonda ilk bor tashkil  etilgan logistika fakulteti talabalariga berishni xohlar edim. Orzuim — O‘zbekistondagi logistika fakultetini Koreyadagi INHA universiteti logistika fakulteti darajasi va standartlariga yetkazish. Buni men o‘zim uchun hayotimdagi yana bir oliy maqsadlardan biri qilib belgiladim.

O‘tgan yil natijalariga ko‘ra, men Toshkentdagi INHA universiteti talabalarining professorlar ma’ruzalari so‘rovnomasida yuqori ball (maksimal 100 balldan 94 ball) olishga erishdim. Oldingi semestrda ham o‘tgan yildagi kabi yuqori ball olishga muvaffaq bo‘ldim. Bularning hammasi menga doimiy fidokorona mehnat orqali inson ko‘p maqsadlariga erishishi mumkinligini yana bir bor isbot qildi.

— Sizga Toshkent shahridagi INHA universitetida ishlash yoqdimi?

— To‘g‘risini aytsam, judayam yoqdi. Men bir qancha jihatga urg‘u berib o‘tsam: eng avvalo universitetdagi do‘stona munosabat va o‘g‘il-qizlarning bilimga chanqoqliklari. Dars berish jarayonida shunga amin bo‘ldimki, Toshkent shahridagi INHA universitetidagi ayrim talabalar bilim jihatidan Koreyaning INHA universiteti talabalaridan hech ham kam emas. Agarda bu talabalar Janubiy Koreyaga borib o‘qisalar ham eng a’lochi va faol talabalar qatorida bo‘lishadi.

Menga yoqqan ikkinchi jihat, ishlash uchun o‘qituvchi-professorlarga hamda o‘qish uchun talabalarga yaratilgan shart-sharoitlardir. O‘g‘il-qizlar bu imkoniyatlardan unumli foydalanib, faqatgina o‘qishlari, bilim olishlari kerak! Bizning ishlashimiz uchun shunday sharoitlarni yaratib bergani uchun O‘zbekiston rahbariyatiga o‘z samimiy minnatdorligimni bildirmoqchi edim.

Foto: «Xabar.uz»

— Siz o‘zbekistonlik talabalar bilan ko‘p muloqotda bo‘lasiz. Shu muloqotlar haqida va umuman O‘zbekistondagi taassurotlaringizni so‘zlab bersangiz.

— Bu yerdagi talabalar bilan muloqotda men shuni ko‘rdimki, ular biz koreys professorlarini INHA universitetining O‘zbekistondagi timsoli hamda Toshkent va Incheon universitetlari o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajaruvchi insonlar sifatida ko‘rishadi. Masalan, o‘tgan yil mobaynida men ko‘plab o‘zbekistonlik talabalarimga Koreya universitetlarida o‘qish uchun kerakli bo‘lgan tavsiyalarni yozib berdim. Mening tavsiyalarim bo‘yicha, logistika fakultetidagi bir necha talabalarim hozirda Koreyadagi INHA universitetiga qabul qilinib, u yerdagi o‘qishlarini muvaffaqiyatli davom ettiryaptilar. Bu, albatta, menga juda yoqimli hamda mening O‘zbekistondagi xizmatim bu yerdagi talabalarimga kerakligini ko‘rsatib turibdi.

Menga yurtingizda yoqqan yana bir jihat haqida alohida to‘xtalmoqchi edim. Eng avvalo, quyoshli o‘lkangizning maftunkor tabiati va dala-yu bog‘larda yetishtiriladigan noz-ne’matlarning mazasi meni o‘ziga rom etdi. Dunyoda kamdan-kam yurtlarda to‘rt faslni uchratish mumkin. Lekin shu to‘rt faslning barchasi sizlarda mujassam bo‘lganligining o‘zi ham bejizga O‘zbekistonni jannatmakon o‘lka, deb atalmasligini yana bir bor isbotladi. Sharq millatiga mansub urf-odatlarimizda ham o‘xshashliklar bor. Men bu yerga oilamni ham olib keldim. O‘zbekistonda yashash men va oilamga juda ma’qul keldi. Agar imkoni bo‘lsa, bir umr O‘zbekistonda ishlab, yoshlarga o‘zimning bor bilim va tajribamni bermoqchiman. O‘zbekiston — mening ikkinchi Vatanim!

— Samimiy suhbatingiz va  tavsiyalaringiz uchun tashakkur.

— Intervyuga taklif qilishgani uchun «Xabar» gazetasi ijodiy jamoasiga ham katta rahmat!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring