Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

Jurnalist savoli javobsiz qoldi

Jurnalist savoli javobsiz qoldi

Foto: «rakurs.tv»

Yaqinda bir tadbirda noqulay vaziyat yuzaga keldi. Jurnalist matbuot anjumanida tadbir tashkilotchilariga savol berdi. Unga esa javob qaytara olishmadi.

Yo‘q, savol qiyinligi yoki «qitmircha» bo‘lganidan emas, matbuot anjumanida o‘zbek tilidagi savolni tushunadigan mutaxassis topilmaganidan shunday bo‘ldi. Tadbir ham xorijda o‘tkazilgani yo‘q, Toshkentda tashkillashtirildi. Uni o‘tkazgan tashkilot ham chet elniki emas, g‘irt milliy kompaniya...

Bundan avvalroq boshqa tadbirda o‘zgacha holat kuzatildi. Uni uyushtirgan tashkilot rahbari ishtirokchilardan oldindan so‘rovnoma o‘tkazib, taqdimotlar qaysi tilda qilinsa ma’qul bo‘lishini aniqlashtirib olgan ekan. So‘rovnomadan 90 foizga 10 foiz natija kelib chiqqan. Shunga ko‘ra, taqdimot o‘zbek tilida boshlandi. Biroq, shunda ham, ma’ruzachi zalda davlat tilini tushunishga qiynaladigan nechta ishtirokchi borligini so‘radi. Ikki yuzcha kishi orasidan 10-15 nafari qo‘lini ko‘tardi. Taqdimot o‘tkazayotgan mutaxassis ulardan qayta-qayta uzr so‘rab, ma’ruzani o‘zbek tilida davom ettirdi. Baribir ularga hurmat yuzasidan keyingi mavzu rus tilida olib borildi.

E’tibor berilsa, aksar tadbirlarda o‘zbek tilida ma’ruza qiluvchilar, albatta, uzr so‘rar ekan (zalda rusiyzabonlar ishtirok etayotgan bo‘lsa). Aksincha holatlarda bunga deyarli guvoh bo‘lmaganman. Faqat, «ma’ruzani ruscha qilishga ruxsat bersangiz» deyiladi, xolos. Tabiiyki, hech kim bunga mone’lik qilmaydi.

Bunday tartib-taomildan til bilan bog‘liq muammo qidirmoqchi emasman. Faqat bu holatdan o‘zbek tilida taqdimot o‘tkaza olmaydigan kompaniyalarning o‘zi ko‘proq zarar ko‘rishini urg‘ulamoqchiman. Chunki, bunaqa tadbirlar odatda biror yangi xizmat yoki mahsulotni keng ommaga yetkazish uchun tashkil etiladi. Iste’mol bozorimizning ulkan qismi o‘zbekzabonlar. Xizmatlardan asosan ular foydalanadi. Tabiiyki, xalqni qaysidir xorijiy tilni bilmagani uchun ayblab bo‘lmadi. Endi, yangi xizmat tushunarli tilda yetkazilmasa, undan foydalanuvchi soniyam ko‘p bo‘lmaydi.

Xalqqa bu yangiliklarni asosan OAV vakillari yetkazishadi. Ko‘pincha manzara bir xil: jurnalist tadbirga boradi, uning qo‘liga bir parcha press-reliz beriladi. Uyam quruq gapdan iborat. Xuddiki jurnalist o‘zi izlanib ma’lumot topsin, kasbiku, deyishgandek. To‘g‘ri, jurnalist izlanishi, ko‘proq axborot topishi kerak. Lekin bu — matbuot anjumanlari, taqdimotlar quruq gapdan iborat bo‘lishi, nomiga tashkil qilinishi kerak degani emas. Bu tadbir kimga ko‘proq kerak o‘zi? Jurnalistgami yoki mahsulot/xizmatini targ‘ib qilishni istagan tashkilotga?

Yangilik targ‘ib bo‘lishi, oddiy foydalanuvchiga tushunarli tarzda yoritilishi uchun avval jurnalistlarning o‘ziga bu yangilik mohiyati to‘laqonli yetkazilishi kerak. Uning qo‘liga yetarlicha ma’lumot tutqazilishi, o‘z fikrini aniq bayon qila oladigan mutaxassislar intervyuga tayyorlab qo‘yilishi lozim.

Mavzu boshida tilga olingan tadbirga qaytamiz. O‘shanda televideniye jurnalistlari intervyu olish uchun mutaxassis qidirib sarson bo‘lishdi. Intervyu beradigan mutaxassislar yo‘qligidan emas, o‘zbek tilida mavzuni gapirib beradigan odam topilishi qiyin bo‘lganidan. Deyarli barcha telekanallarimiz efirga o‘zbek tilida reportaj tayyorlaydi. Intervyu ham imkon qadar o‘zbek tilida olinishi kerak. Tashkilotchilar amallab bir mutaxassisni topib berishdi, ammo u mavzu mohiyatidan bexabar. Jurnalistlarning har bir savoliga boshqalardan «maslahat olib», amal-taqal intervyu berdi.

OAV vakillari olgan ma’lumotini xalqqa yetkazadi, ularga qanday (tushunarsiz) berilgan bo‘lsa shundayligicha, ko‘pincha. Oqibatda aholi yangilik mohiyatini to‘liq tushunib yetishi dargumon. Axborotni bu tarzda potensial mijozlarga yetkazishdan nima ma’ni bor? Bu ko‘zbo‘yamachilikdan tashkilot qanday maanfaat topadi? Yuqori idoralarga topshirilgan «jimjimador» hisobotlardan boshqa — hech qanday.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring