Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jamshid Niyozov

Olov yonmagan joydan tutun chiqmaydi.

5 kun oldin noma’lum shaxslar tomonidan uyidan olib ketilgan taniqli bloger hamon topilmayapti

5 kun oldin noma’lum shaxslar tomonidan  uyidan olib ketilgan taniqli bloger hamon topilmayapti

«Sotqin» filmidan skrinshot

«Facebook»da Musannif Adham nomi bilan tanilgan bloger Adham Olimov 2018-yil 28-avgust kuni soat 18:00larda Olmazor tumanidagi uyidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan olib ketilgan. Shundan buyon uning qayerda saqlanayotgani noma’lum. Bu haqda «Xabar.uz»ga A.Olimovning yaqin qarindoshlari xabar berdi.

— Uyimizga sakkiz kishi keldi. Shundan ikki nafarigina militsiya formasida edi, qolganlari fuqaro kiyimida. Kelganlarning ikki nafari xolislar ekanini aytishdi. Keyinchalik o‘g‘limni olib chiqishayotganlarida korridorda ham, yana tashqarida ham organ xodimlari turishganini ko‘rdik, — deydi Adhamning onasi Elmira Bozorova.

Olimovlar Olmazor tumani Sebzor dahasidagi ko‘p qavatli uyda turishadi. Hodisa sodir bo‘lgan vaqtda uyda ko‘pchilik bo‘lgan. Guvohlarning aytishicha, uyga kirib kelganlarning hech biri o‘zini tanishtirmagan, unvonini aytmagan. Adham Olimov ulardan guvohnomasini ko‘rsatishlarini so‘ragan, ammo uning bu talabi qondirilmagan.

Vaholanki, «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonunning 8-moddasiga ko‘ra ichki ishlar organi xodimi fuqaroga murojaat etganida o‘z lavozimini, unvonini, familiyasini, ismini, otasining ismini aytishi, fuqaroning talabiga ko‘ra xizmat guvohnomasini ko‘rsatishi, shundan so‘ng murojaat qilishining sababi va maqsadini ma’lum qilishi kerak.

Olimovlar xonadoniga kelganlarning orasida mahalla profilaktika inspektori bo‘lmagan. Uy egalari inspektor haqida so‘rashganda, uning kasalligi, o‘rniga qo‘shni mahallaning profilaktika inspektori kelganini aytishib, begona militsionerni ko‘rsatishgan.

Tintuvga ruxsat jinoyatchini yashirgani uchun berilgan

— Organ xodimlari uyda tintuv o‘tkazishga prokuror sanksiyasi borligi aytishib, qandaydir qog‘ozni ko‘rsatishdi. Ammo o‘qishga berishmadi. O‘g‘lim talab qilaverganidan keyin faqat uning qo‘ligagina berishdi. O‘g‘lim o‘qib chiqqach, hujjat bilan tanishgani haqida imzo qo‘ydirib olishdi, — deydi Elmira Bozorova.

Yaqinlarining guvohlik berishicha, Toshkent shahar prokurori tomonidan berilgan sanksiyaga ko‘ra Adham Olimov qandaydir jinoyatchini yashirganlikda gumon qilingan. Shunga asosan Olimovlar xonadonida tintuv o‘tkazilgan. Adhamga tegishli noutbuk va telefon, shuningdek, uning oila a’zolariga tegishli telefonlar, kompyuterlar, fleshkalar va ikkita qattiq diskni (Hard disk), bundan tashqari, nashriyoti noma’lum ekan deya bir necha arab tilidagi Hadis va izohli lug‘at kitoblarini ekspertizadan o‘tkazish uchun olib ketishgan. Olib ketilgan narsalarning ro‘yxati tuzilib, dalolatnoma tuzilgan, ammo bir nusxasi gumonlanuvchiga berilmagan.

Tintuv chog‘ida yashirib qo‘yilgan jinoyatchi topilmagan. Ya’ni sanksiya berilgan gumon uchun asossiz bo‘lib chiqqan. Shunga qaramay IIB xodimlari Adham Olimovni uydan olib chiqib ketishgan. Uydagilariga mahalladagi profilaktika inspektori idorasiga birga chiqib qaytib kelamiz, deb aytishgan. Biroq oradan 5 sutka o‘tsa hamki, uning qayerdaligi noma’lumligicha qolmoqda.

— 5 kundan beri akamni topolmayapmiz. Bormagan joyimiz qolmadi: prokuratura, sud, IIB, IIBB, Qo‘ylikdagi vaqtinchalik ushlab turish muassasasigacha bordik. Hech qayerda yo‘q. Hech kim aniq bir gap aytmayapti. Kim olib ketgan, qaysi order bilan, bularning birortasini bilmaymiz. Rasmiylar ham aniq javob berishmayapti, hamma o‘zidan soqit qilgani-qilgan — deydi Adhamning ukasi Shohruh Olimov.

«Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, fuqaroga nisbatan uning huquq va erkinliklarini cheklovchi choralar qo‘llanilgan taqdirda, bunday choralar qo‘llanilishining sababini hamda asoslarini, shuningdek fuqaroning shu munosabat bilan yuzaga keladigan huquqlari va majburiyatlarini unga tushuntirishi shart.

Bundan tashqari, qonunning 9-moddasiga ko‘ra ichki ishlar organlari o‘z faoliyatini ochiq va shaffof tarzda amalga oshirishi kerak. Jismoniy va yuridik shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ichki ishlar organlarining faoliyati haqida, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga bevosita daxldor bo‘lgan haqqoniy axborotni olish huquqiga ega. Bu qaysidir fuqaro ehtiyot chorasi sifatida ushlab turilganda yoki hibsga olinganda bu haqda oila a’zolariga xabar berishi shartligini, OAVning bu boradagi so‘rovini qondirishi kerakligini anglatadi.

Biroq qarindoshlari 31-avgustgacha Adham Olimovning nimada ayblanayotgani bilisholmagan. Ularga uyni tintuv qilish haqidagi prokuror sanksiyasi, hibsga olish haqidagi biror bir hujjatning nusxasi ham berilmagan.

Oila a’zolari 29, 30, 31-avgust kunlari ham ma’lumot olish uchun Olmazor tumani IIBga borishgan. 29-avgustda borishganda ularga ertaga kelishlari aytilgan. Biroq ertasiga ham hech qanday ma’lumot berilmagan. Navbatchilik postida turganlardan biri Adham Olimovning 48 soatdan so‘ng telefon qilish huquqi borligini aytib, kutishni maslahat bergan. Shuningdek, Toshkent shahar IIBga kelganda olib ketilgan buyumlar ekspertizada ekanini aytgan.

Daragi chiqdi, ammo...

Nihoyat 31-avgustga kelibgina oila a’zolari Adhamning nimada ayblanayotgani haqida xabar topishgan. Ma’lum bo‘lishicha, u militsiya xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik va militsiya xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilikda ayblanib sud qilingan. 29-avgust kuni Olmazor tuman ma’muriy sudida sudya Sh. Inamdjanov boshchiligida o‘tgan sud majlisida Adham Olimov eng kam ish haqining bir baravari (184300 so‘m) miqdorida jarimaga tortilgan va 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

«Olimov Adxam Abdumuminovich 2018-yil 28-avgust kuni militsiya xodimiga shaxsini tasdiqlovchi hujjatini ko‘rsatmay, militsiya xodimining qonuniy talabini bajarmay, qo‘ni qo‘shnilar e’tiborini tortganligi, shaxsini aniklash maksadida IIO FMBga borish taklif kilinganida militsiya xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatgan», deyiladi sud qarorida.

— Organ xodimlari uyga kirib kelishganda eng avval o‘zlari qonun talablarini buzishdi — o‘zlarini tanishtirishmadi. Tintuv haqidagi hujjatni ham qayta-qayta talab qilganimizdan keyin ko‘rsatishdi. Akamni nimada ayblashganlarini aytishgani yo‘q. Kelganlarning yarmidan ko‘pi fuqaro kiyimida. Bunday vaziyatda «biz bilan yuring» deyilsa, istalgan odam «qayerga, nima uchun», degan savollarni berishi muqarrar. Agar shu IIB xodimiga bo‘ysunmaslik bo‘lsa, ha, unda o‘g‘lim aybdor. Organ xodimi o‘zini tanishtirmay, hech narsani tushuntirmay, so‘roqqa tutsa, avval o‘zingizni tanishtiring deyish huquqbuzarlik bo‘lsa, u holda o‘g‘lim aybdor. Ammo sud qarorida keltirilganidek, uning militsiya xodimiga bo‘ysunmagani, shaxsini aniklash maksadida IIBga borish taklif qilinganida militsiya xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatgani — yolg‘on, — deydi E.Bozorova.

Sud qarorida qayd etilishicha, Adham Olimov sudda «aybiga iqrorlik bildirib, qilgan ishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini (!) bayon qilib, suddan yengillik berishni so‘ragan». Sud qarorida norozi tomonlar ikki oy muddat ichida kasatsiya tartibida shikoyat qilishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Biroq e’tiborli tomoni shundaki, qaror nusxasi bloggerning yaqinlariga berilmagan. Ular hattoki Adham Olimovning qayerda va necha kunga qamalganidan OAV orqali xabar topishgan.

Musannif Adham qayerda?

Garchi haligacha yaqinlari Adham Olimovning qayerdaligidan bexabar esalar-da, sud qaroridan bu haqda ham ma’lumotga ega bo‘lish mumkin. Unga ko‘ra bloger Toshkent shahar IIBBning Ma’muriy tartibda qamoqqa olingan shaxslarni saqlash maxsus qamoqxonasida saqlanmoqda.

«Jazo o‘talganidan so‘ng A.Olimovdan Toshkent shaxar IIBB Ma’muriy tartibda qamoqqa olingan shaxslarni saqlash maxsus qamoqxonasi foydasiga qamalganlarni saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar uchun ma’muriy qamoqning har bir sutkasi uchun eng kam oylik ish haqining 15% miqdorida, ya’ni 276450 so‘m saqlash bilan bog‘liq xarajatlar undirilsin», deyiladi sud qarorida.

E’tiborli jihati, Adhamning ukalari shahar IIBBga bir necha marta borishganida bunday ism-familiyali odamni bilmaymiz deb ularni qaytarib yuborishgan.

— Sud qachon bo‘lganiniyam bilmaymiz, — deydi Shohruh Olimov. — O‘g‘limni olib chiqib ketishgach kelganlarning ortidan bordik. Ular ikkita mashinada mahalla profilaktika inspektori xonasiga emas, to‘g‘ri Olmazor tuman ichki ishlar bo‘limiga yo‘l olishdi. Darvozadan ichkariga kirib ketishganida soat sakkizlar atrofida edi. To‘qqiz yarimgacha o‘sha yerda kutib turdik. Navbatchilikda turganlar ertalabgacha tursangiz ham ma’lumot ololmaysizlar, uyingizga qaytavering, deyishgach noiloj ortgan qaytgandik. Sud qarorida «jazo o‘tash muddati 2018-yil 29-avgust kuni soat 00:30dan boshlab hisoblansin» deyilgan. Shunga ko‘ra sud 28-avgust kuni 20:30 dan 29-avgust 00:30, ya’ni to‘rt soat oralig‘ida bo‘lgan ko‘rinadi.

Qonun nima deydi?

«Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonunning 18-moddasida ichki ishlar organlari tomonidan shaxslarni ushlab turish asoslari va tartibi belgilab berilgan. Ushbu moddada qayd etilishicha, ushlab turilgan shaxsga telefon orqali so‘zlashish yoki advokatiga yoxud yaqin qarindoshiga o‘zining ushlab turilganligi va turgan joyi haqida xabar berish, ushlab turilgan paytidan e’tiboran himoyachiga (advokatga) ega bo‘lish huquqi, shuningdek qonunga muvofiq boshqa huquqlar beriladi.

Jinoyat protsessual kodeksining 217-moddasiga ko‘ra, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga nisbatan ushlab turish tarzidagi majburlov chorasini qo‘llaganida, bu haqda 24 soatdan kechiktirmasdan uning oila a’zolaridan biriga ma’lum qilishi shart. Adham Olimov qarindoshlarining ko‘rsatmalariga ko‘ra yuqorida keltirilgan boshqa me’yorlar singari qonunning mazkur talabi ham bajarilmagan. Hibsga olinganidan keyin qariyb to‘rt kun o‘tganligiga qaramasdan Olimovning qayerda saqlanayotgani haqida ma’lumot yo‘q.

Bu o‘rinda respublikada qonun hujjatlarining bir xilda ijro etilishi uchun mas’ul, shuningdek, ichki ishlar organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat vakolatiga ega Bosh prokuratura vaziyatga aralashishi va yuzaga kelgan vaziyatga oydinlik kiritib, qonunbuzar organ xodimlarini jazolashi hamda fuqaro A.Olimovning buzilgan haq-huquqlarini tiklashi zarur.

Bloger 15 sutkadan keyin ozodlikka chiqariladimi?

Qarindoshlari Adham Olimov 15 sutkalik ma’muriy jazoni o‘tash chog‘ida qiynoqqa solinayotgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirda. Shuningdek, tintuv paytida olib ketilgan noutbuklar va telefonlardan noqonuniy fayllar «topilgani» bahonasida 15 sutkalik muddat uzaytirib qo‘yilishi yoxud ma’muriy jazo sun’iy ravishda jinoiy javobgarlikka o‘zgartirilishidan xavfsirashmoqda.

Ayni paytda Olimovlar Adhamning himoyasi uchun advokat yollashgan. Advokat amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda himoyasi ostidagi shaxsning qayerda saqlanayotganini aniqlashgan kirishgan. Biroq yozma murojaatlar — vaqt talab qiladigan jarayon. Qolaversa, mustaqillik bayrami munosabati bilan ketma-ket besh kun dam olish kuniga to‘g‘ri kelgani ham ma’lumot olishni kechiktirmoqda.

Adham Olimov portretiga chizgilar...

Adham Olimov «Facebook»da ancha mashhur va 5,5 mingdan ortiq o‘quvchilari bor. U  diniy-ma’rifiy postlari bilan tanilgan. Bundan tashqari, jamiyatda bo‘layotgan o‘zgarishlar, voqea-hodisalarga faol munosabat bildirib keladi.

Yaqinlarining ma’lum qilishicha, u O‘zbekiston hududida faoliyati taqiqlangan hech qanday tashkilot a’zosi bo‘lmagan. Hech qanday «qora ro‘yxatlar»da turmagan. Uyida diniy ekstremistik va aqidaparastlik, missionerlik, jangarilik, ma’naviy-ahloqiy mezonlarga mos kelmaydigan, zo‘ravonlikni targ‘ib etadigan adabiyotlar hamda audio-video mahsulotlarni saqlamagan. Shu paytgacha Adham Olimovni mahalla profilaktika inspektori va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari biror marta izlab kelmagan.

Adham Olimov dunyoviy va diniy bilimga ega. O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Qohiradagi dunyoga mashhur al-Azhar universitetida tahsil olgan. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring