Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Yarashtirish yechim emas... hatto fojia bilan tugashi mumkin

Yarashtirish yechim emas... hatto fojia bilan tugashi mumkin

Foto: «Xabar.uz»

Yaxshiyam o‘lmay qoldi...

Nesibali (ismlar o‘zgartirilgan) maktabni bitiriboq o‘zidan ikki yosh katta, yo‘lini to‘sib, dil izhorlarini aytishdan charchamagan To‘lanboyga turmushga chiqdi. Yoshlar judayam baxtli edilar. Lekin to‘ydan so‘ng to‘rtinchi kuniyoq qaynona yangi kelinga zug‘um qilishni boshladi. Nesibalining har bir qadamidan ayb qidirishga o‘tdi.

Oilali qayin-singillar har oyda farzandlari bilan ota-onasining uyiga kelgan kunlari Nesibali uchun haqiqiy do‘zaxga aylanardi. Shu darajaga bordiki, ular tashqariga chiqmay, tunda hojat chiqargan tuvaklarigacha Nesibaliga tozalata boshlashdi.

Onasining, singillarining har kuni Nesibalini yomonlashlari To‘lanboyga ham ta’sirini o‘tkaza boshladi. Endi shundog‘am tinmay uy yumushlari bilan band bo‘lgan, deyarli ovqat yemaydigan xotiniga qo‘l ko‘tara boshladi.

Uyga borganida onasiga dardini yorsa, «biroz chida, bolali bo‘lsang hammasi yaxshi bo‘ladi» deb yupatib, ona qizini ortga qaytarardi.

Homilador bo‘ldi, lekin aksiga olib avvalgidan ikki barobar ko‘p tazyiqqa uchray boshladi. Bir kuni boshqorong‘i bo‘lib, zo‘rg‘a yurgan Nesibelining sabri tugadi, erining opasiga:

– Yetar, o‘zingiz va bolalaringizning axlatini o‘zingiz tozalang, – degandi, qayin opasi Lobar qo‘lidagi piyolani Nesibeliga qarab g‘azab bilan otib, uning yuziga shapaloq tortib yubordi, bu ham yetmagandek, ikki qo‘llab sochiga yopishdi. Uydagi baqir-chaqir, to‘s-to‘polonning ustidan chiqib qolgan qo‘shni ayol profilaktika inspektori, mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlarini chaqirdi.

Qaynona, qayinopa, Nesibelini o‘rtaga olib suhbatlashishgach, ularni «yarashtirib» mahalladagilar ortga qaytishdi.

Kechqurun ishdan qaytib, ko‘pirtirilgan voqeani eshitgan To‘lanboy xotinini o‘lasi qilib kaltakladi. 

Bu hodisadan so‘ng Nesibali qattiq depressiyaga tushib qoldi, hayot bilan vidolashishga qaror qildi... Shu payt uyga qaytgan Zuleyha Nesibelini chaqirib, uni topa olmagach, kelinini qarg‘aganicha negadir bezovta ma’rayotgan sigirdan xabar olish uchun molxonaga kirib, dahshatdan chinqirib yubordi...

...«Tez yordam» keldi. Yaxshiyamki, juvon ham, uning qornidagi bola ham omon qoldi.

Lekin afsuski, kelinchak kasalxonada davolanib chiqqanidan keyin ham ro‘shnolik ko‘rmadi. Navbatdagi mojarodan so‘ng mahalla faoli Ozoda opa Nesibelini Sayra Nasirova rahbarlik qilayotgan ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markaziga olib keldi...

Bu «Zo‘rovonlikka yo‘l yo‘q»loyihasi atrofida bo‘layotgan shu bugungi voqealardan biri. Savol tug‘iladi: agar jabrdiyda ayolni mahalla faoli bu safar ham yarashtiribgina ketganida birinchi bor sodir etilgan mudhish xato qaytarilmasligiga kim kafolat beradi?.. Aksariyat hollarda o‘z joniga suiqasd qilish, bolaning notinch oiladan ko‘chaga chiqib ketishi yoki ruhiy salomatligi yomonlashgan kelin qaynonasiga yoki turmush o‘rtog‘ining joniga suiqasd qilishi, ba’zi hollarda kelinning zo‘rovonlik qurboni bo‘lishi aynan mahalla faollarining qayta-qayta yarashtiruvidan keyin sodir bo‘ladi. Chunki bunday paytda pichoq borib suyakka qadaladi. Osmon yiroqlashadi, yer qattiqlashadi. Zo‘rovonlikka uchragan jabrdiyda biladiki uni hech kim eshitmaydi, na ota-onasi, na mahalla ko‘y...

Bo‘lmaganga bo‘lishmang!

Kuni kecha Qashqadaryo viloyati hokimi v.b Murodjon Azimov «oilaviy ajrimlarga qarshimiz» degan kompaniya boshlanganini e’lon qildi.

«Yangi yil yakunida ajrimlar sodir etilmagan har bir mahalla raisiga, mahalliy budjetlardan 5 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha mukofot puli berishni yo‘lga qo‘ysak, deputatlarimiz bunga qarshi bo‘lishmasa, ajrimlar kuzatilmagan mahallalar raislarini yurtimizdagi eng yaxshi sanatoriyalarga ham yuboramiz», — dedi Qashqadaryo viloyat hokimi.

Ana endi usiz ham mahallamizda ajralishlar yo‘q, deya ko‘kragiga urib maqtanadigan mahalla raislari rosmanasiga oilalarni ajrashtirmaslik uchun oyoq tirab turmasligi mumkin emas. Notinch, kuniga ayoliga qo‘l ko‘taradigan, ichib janjal qiladigan, unga qo‘shimcha ravishda uchinchi shaxslarning aralashuvi ortidan zulm va xo‘rlik ko‘rib kelayotgan ayol bu oiladan, bu MAHALLADAN yo qochib qutuladi, yo o‘lib... Murodjon Azimovning bu taklifi ijtimoiy tarmoq faollarining qarshiliklariga sabab bo‘lmoqda. Ularning aksariyat izohlariga e’tibor beradigan bo‘lsak «Janjal yetishmovchilikdan kelib chiqadi, o‘sha pulni yetishmovchilik sabab jar yoqasida turgan oilalarga beringlar, shunda ular ajrashmaydi» qabilida. Yana bir ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi esa shunday izoh qoldiribdi: «Mahalla raislariga sanatoriy va pul nimaga kerak. Yaxshisi bu pullarni namunali, o‘rnak oilalarga beringlar...»

Joriy yilning 17 iyun kuni Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazining Toshkent shahar bo‘limida gender siyosati bo‘yicha davra suhbati bo‘lib o‘tgandi.

Tadbirda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Toshkent shahar bosh boshqarmasi boshlig‘i Furqat Mahmudxo‘jayev mahallalarda nuroniylar bilan birgalikda ish olib borish kerakligi haqida o‘z takliflarini bildirarkan «Tomoshabin  bo‘lib turganimiz uchun bugun ayollarga nisbatan shunday holatlar yuz beryapti. Zo‘ravonlikka uchraganda ularga yordam qo‘lini cho‘zadigan, boshpana beradigan insonlar ham yo‘q emas. Lekin eng oxirgi nuqtaga kelganda aralashishimiz biroz noto‘g‘ri. Xuddi ajrimda sudga bergandan keyin ularni yarashtirish deyarli imkonsizday. Buning yechimi bitta – erkaklarni tarbiyalash kerak. Mahalla raislari zo‘ravonlikka uchrab, ko‘chaga haydalgan ayollarni uyiga qaytarib kiritishni yechim deb qabul qilish bu noto‘g‘ri. Ba’zida ayolni o‘sha uyga kiritib qo‘yish uni olib chiqib ketishdan ham xavfli bo‘lib qoladi. Mahallalarda ajrimlar ko‘rsatkichini ko‘paytirmaslik uchun shunday qilinadi...»

Eng achinarlisi, ajratilmagan, majburan yashatilayotgan oilada o‘sayotgan bolalarning ruhiyati buziladi, hayoti do‘zaxga aylanadi. «Zo‘rovonlikka yo‘l yo‘q» loyihasi orqali o‘rganilgan yana bir ayolning taqdiriga e’tibor qarating.

Jahannamdan qochgan qiz                                       

Iroda (ismlar o‘zgartirilgan) maktabda a’lochi qizlardan edi. Ammo oxirgi paytlarda o‘qituvchilari unda salbiy o‘zgarishlarni kuzata boshlashdi: qizning o‘qishga nisbatan ishtiyoqi so‘nib borar, darslarga qatnashishi ham oldingidek to‘liq emasdi. Irodaga nima bo‘layotganini bilish maqsadida ustozlari uning ota-onasini bu holdan ogohlantirishdi. Ammo hech qanday natija bo‘lmadi. Chunki Iroda o‘sib-ulg‘ayayotgan oilada nosog‘lom muhit hukm surar, xonadon doim notinch edi.

Qizning otasi kunda kunora ichib, mast-alast holda uyga kelar, ostonadan hatlab o‘tar o‘tmas janjal-suronni boshlar, uning istiqboliga oshiqib, qo‘ltig‘idan olib yordamlashmoqchi bo‘lgan xotini har gal kaltaklar ostida qolardi. So‘nggi yillarda surunkali ravishda ro‘y berayotgan bu tinimsiz mojarolar oilaning barcha a’zolarini, ayniqsa onani nihoyatda asabiy qilib qo‘ydi. Onasi arzimagan sabablar tufayli garchi hech qanaqa aybi bo‘lmasa ham, bor alamini Irodadan olishga urinar, uni tergab, hatto qo‘l ko‘tarardi ham... Tarki odat amri mahol, o‘sha kuni ham otasi odatdagidek yana ichib keldi. Allaqachon qorong‘u tushib, allamahal bo‘lgan chog‘da ichkaridan berkitilgan hovli darvozasini mushti bilan taraqlatib urar ekan, eshikning tambalab qo‘yilgani uning g‘azabini badtar qo‘zg‘atardi.

Bu to‘polondan cho‘chib uyg‘onib ketgan Irodaga onasi Ulbo‘sin «sen uxlayver» dedi-da, o‘zi apil-tapil egniga xalatini ilib, hovliga otildi. Erining shirakayf ovozini eshitib, oyoq-qo‘li birdan bo‘shashdi, boshiga kelib tushadigan musht zarbini oldindan sezgandek, miyasiga kuchli og‘riq kirdi.

Zo‘rg‘a oyoqda turgan Odil darvozani ochishi bilan Ulbo‘sinning yuziga musht tushirdi. Onasining dod solib yig‘lab baqirgani, orqasidan otasining qattiq so‘kingan ovozini eshitib, Iroda boshini yostiq ostiga yashirdi. Ammo hovlidagi yig‘i-sig‘i va tinimsiz so‘kinishlar, kaltak zarbidan onasining dodlashlari avjiga chiqqan sari, yostiq ham yordam bermay qo‘ydi.

Qiz ovozlarini chiqarolmay unsiz yig‘layotgan ukalariga «sizlar uydan chiqmanglar» dedi-da, tashqariga otildi. Hovlining o‘rtasida onasi uzala tushib yerda yotar, otasi uni duch kelgan joyiga ayovsiz tepardi. Iroda yugurib borib, otasini itarib yubordi. Buni kutmagan Odil gandiraklab, orqasi bilan yerga o‘tirib qoldi. Fursatdan foydalanib, Iroda onasini suyab o‘rnidan turg‘izdi va ular hovlidan qochib chiqishdi. Shu kecha ona-bola qo‘shnilarinikida tunab, tong saharda uylariga qaytib chiqishdi. Ota hovlidagi so‘rida uxlab yotardi. Onasi bolalaridan xabar olgani inqillaganicha uyga kirib ketdi. Iroda xurrak otayotgan otasiga nafrat bilan qarab turib qoldi.

Uy ichidan onasining baqirgan ovozi uning xayollarini to‘zg‘itib yubordi:

— Qaqqayib turguncha bor, sigirni sog‘, yem-xashagini ber. Ahvolimni ko‘rmayapsanmi? Ey xudo, jonimga tegding hammang, o‘lsam qutilamanmi, bu azoblardan?

Iroda onasining diydiyolarini eshitib, shosha-pisha oshxonadan chelakni olib, og‘il tomon yurdi. Sigirni sog‘ib, oldiga xashak tashlagach, chelakni ko‘tarib, og‘ilxonadan chiqdi. Bu oradan onasi oshxonada nonushta tayyorlash bilan ovora edi. Og‘ilxonadan chiqqan Irodani ko‘rib, kaltak zarbidan badanida turgan og‘riqqa chiday olmay, yana qiziga zahrini sochdi  — «tezroq kel, muncha shalpayasan!»

Badtar talvasaga tushgan Iroda sut to‘la chelakni ko‘tarib, oshxona tomon shoshganicha borayotganida, qoqilib ketib, sut to‘kib yubordi. Buni ko‘rgan onasi yugurib kelib, qarg‘anganicha Irodani ayamasdan ura ketdi.

Amallab onasining qo‘lidan qutilgan qiz, ikki ko‘zi jiqqa yosh, yugurib ko‘chaga chiqdi, boshi oqqan tomonga ketarkan, miyasida faqatgina «men o‘lsam hammasidan qutilaman, ota-onam esa qilgan ishlaridan pushaymon bo‘lishadi» degan birgina fikr charx urardi.

Qizketgen (Do‘stlik) kanaliga yetib kelganida, atrofda hech kim ko‘rinmasdi. Qiz birpas mavjlanib oqayotgan suvga qarab turdida, ko‘zini chirt yumib, ko‘prikdan o‘zini kanalga tashladi. Usti sokin ko‘ringan suv oqimining tagi ancha kuchli edi, bir zumda qizni o‘z domiga tortib ketdi. Iroda faqat shundagina hali hayotga to‘ymaganini, yashash baribir naqadar yaxshiligini oniy lahzalarda ko‘nglidan o‘tkazdi. Bor kuchi bilan yuqoriga intilib, suv yuziga chiqishi bilan yordamga chaqirdi. Ammo quyi oqim yana uni o‘z domiga tortdi, og‘iz-burni suvga to‘lib, nafas ola olmay qoldi. Ko‘z oldi qorong‘ilashdi. Iroda ko‘zini ochganida, ustiga engashib turgan Milliy gvardiya formasidagi yigitni ko‘rdi:

— Singlim, odamning yuragini yording-ku, isming nima? Kanalga qanday tushib ketding? — dedi yigit kulimsirab.

Ancha o‘ziga kelib qolgan Iroda uyiga borishdan qat’iyan bosh torgach, uni qutqarib qolgan Milliy gvardiya xodimlari Irodani Qoraqalpog‘iston Respublikasi Reabilitatsiya va moslashtirish markaziga olib kelishdi.

Mazkur voqea yaxshilik bilan tugadi, ammo buning aksi ham bo‘lishi, endigina balog‘at yoshiga qadam qo‘yayotgan qiz hayotdan ko‘z yumishi mumkin edi... 

Zo‘ravonlikka yarashtirish orqali barham berib bo‘lmaydi

«Zo‘ravonlikka yo‘l yo‘q», «Sukut saqlama» kabi loyihalar bugun ana shunday taqdir egalarining hayotlarini yoritib borishmoqda. Ularning aksariyati oila yarashgach, yarashtirilgach, ota-ona tomonidan ayol yana erining oldiga qaytarib yuborilgach qattiq tushkunlikka tushgan ayollarning hayoti haqida...

Demak, yarashtirish, tushuntirish ishlari har doim ham yaxshi natija bermaydi. Faqatgina bu mahallada birorta oila ajrashmadi degan hisobotlargina mahalla-ko‘yning obro‘siga obro‘ qo‘shishi mumkin.  Lekin ularning mana shu hisobotlari uchun qancha jabrdiydalar mum tishlab yashashi yoki qurbonliklar berilishi kerak.

2020 yilda 900 nafardan ortiq ayol o‘z joniga qasd qilgan.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash markazi sabablarini o‘rganganida, bunday noxush holatlarga ko‘p hollarda ayollarning turmush o‘rtog‘i yoki qaynonasi bilan kelishmayotgani sabab bo‘lgan.  Nahotki mahalla o‘sha oiladagi muttasil janjallarni, zo‘ravonliklarni bilmagan. Bilgan va eng achinarlisi ularni yarashtirib qo‘yish bilangina kifoyalangan. Balki mahalla aralashuvi, psixolog va mutxassislarning hatti-harakatlari bilan saqlab qolingan, iziga tushib ketgan oilalar bordir — bu boshqa masala, lekin bukurni go‘r tuzatadi deganlaridek, zo‘ravonlikka moyilligi bor odamning tuzalishi qiyin.

Yillar davomida urush-janjal bo‘lib kelgan oilani yarashtirib va yashatishdan ma’no yo‘q. Zo‘ravonlikka chidash va uni yashirish kerak emas! Zo‘ravonlikka bolalar uchun, ko‘chada qolmaslik uchun, ajrimlar sonini yashirish uchun chidash kerak emas.

Hokim bovaga aytar gapimiz esa «Sukut saqlama» va «Zo‘ravonlikka yo‘l yo‘q» loyihalari orqali yoritib borilayotgan oilalar taqdirini kuzatib boring. Ana o‘shanda mahallalarning «bizning mahallada ajrimlar yo‘q», deya ko‘ksiga urib faxrlanishi yutug‘imiz emas, fojiamiz ekanligini anglab yetasiz. Axir siz bu taklifingiz bilan o‘zingiz bilmagan holda zo‘ravonliklarning ochiqlanmasligiga hissa qo‘shib qo‘yishingiz mumkin. «Birovning oilasi qorong‘i o‘rmon», deganlaridek bu o‘rmonda qanchadan-qancha vahshiyliklar oddiy raqamlar ortiga bekitilayotganini anglab yetarsiz balki... Zero, yarashtirish yechim emas, ajrim ham fojia emas, loaqal pichoq suyakka qadalgan oilalarda qotillik bo‘lmasligining oldi olinadi...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring