Shuhrat Abdurahmonov aytgan noxush statistika izidan: bemorni kim davolaydi?
Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov 12-aprel holatiga ko‘ra koronavirus bo‘yicha xavfli statistikani keltirdi. Viloyatdagi 90 nafar bemorning 78 nafari tibbiyot xodimlari ekan. Demak har bir bemor 6 nafar shifokorga koronavirusni yuqtirgan. Savol tug‘iladi, qanday qilib?
Bu ehtiyotsizlik oqibatimi yoki foydalanilayotgan ehtiyot choralari (antiseptik vositalar, qo‘lqop, niqob, dizenfeksiya) o‘zini oqlamayapdimi?
Masalan Italiyada 10-aprel holatiga ko‘ra shu paytgacha 9000 nafar tibbiyot xodimlari kasallangan. Ma’lumotlarga qaraganda bemorlar soniga nisbatan 12 foizni tashkil qilar ekan, Ispaniyada 174 ming bemor bo‘lsa shularning 26 minggi shifokorlar, bunda ham bemorlarning taxminan 15 foizini qo‘shni Qozog‘istonda bemorlarning 20 fozini tibbiyot xodimlari tashkil qilmoqda.
Eng e’tibor beradigan jihatimiz bu mamlakatlarda koronavirus bizdan bir oy oldin boshlangan bo‘lib ularning orasida uyiga bir oydan beri bormayotganlari, kunu tun tik oyoqda ishlayotganidan niqoblari yuzini yara chaqa qilib tashlayotganlari ham bor. Ular o‘z hukumatlariga tibbiyot niqobining, tibbiyot kiyimlarning, testlarning yetishmasligi, hatto dam olish xonalarining yo‘qligidan shikoyat qilishmoqda. Hatto ish haqini ololmayotganlari, yo‘laklarda o‘tirib uxlab hordiq chiqarayotganlari ham bor. Va shunday sharoitda — bir kunda minglab odamlar yuqtirayotgan va minglab odamlar o‘layotgan vaziyatda ham 1 nafar bemordan bizdagidek 6-7 nafar shifokor virusni yuqtirayotgani yo‘q. Ya’ni shifokorlarimiz Amerika, Italiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya kabi favqulodda holatda emaslar. Lekin shifokorlarning yuqtirish foizi Andijon viloyatimizda juda yuqori, tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajada yuqori. Biz shifokorlarga bugun juda og‘irligini his qilamiz, anglaymiz. Shifokorlarning zahmatlarini davlatimiz rahbari ham qadrlagani uchun bu balo ilk kuni aniqlangandayoq barcha chora tadbirlarni belgilab berdi. Shifokorlarning 14 kunlik joy almashishdan tortib virusni yuqtirgan shifokorlarga 100 mln. so‘m qiymatida pulgacha. Albatta shifokorlarimizning mehnatlari, zahmatlarining o‘lchovi chegarasiz. Ammo yana bir jihat shifokorlarimiz bu e’tibordan ruhlanib ehtiyot choralarini unutib qo‘yadigan darajada o‘zlarini qurbon qilmasliklari lozim. Axir, bugun barchaning umidi shifokorlardan.
12 nafar kasalni davolayman deb 78 nafar shifokor o‘zi virusni yuqtirib tursa bemorlarni kim davolaydi? Bugun hatto xorij davlatlari ham bu kasallikka qarshi kurashishda bizning olib borayotgan chora-tadbirlarimiz, bu boradagi o‘ziga xos siyosatimizga qiziqib qaramoqda, bizdan namuna olmoqdalar. Aholidan ko‘ra, shifokorlarning katta foizi virusni yuqtirish holati ko‘rsatkichi bo‘yicha yuqori o‘rinlardan joy olishimiz esa bizning bu boradagi erishayotgan yutuqlarimizga soya solmasligi kerak.
Umid qilamizki, shifokorlarimiz ham o‘zini ehtiyot qilish borasida o‘zgalarga, aholiga, yurtdoshlarimizga namuna bo‘la oladilar. O‘zingizni qattiq ehtiyot qiling, farzandlaringizga, oila-a’zolaringizga juda keraksiz, ayniqsa bugungi keskin vaziyatda barchaning umidi sizlardan. Biz siz uchun uyda o‘tiribmiz, sizlar bemorlar uchun o‘zingizni ehtiyot qiling.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter