Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Sarob orzu-havas qurbonlari

Sarob orzu-havas qurbonlari

Foto: «mirkrasim.ru»

Bir oilaning uch o‘g‘li, ikki qizi bor. Ularning ikki nafari nogiron. Sababi — ularning ota-onasi opa-singillarning farzandlari. Aynan ikki bolaning nogironligi — baxtsizligiga mana shu onalar — opa-singillar aybdor.

Ana shu ota-onaning oila qurgan o‘rtancha o‘g‘li 18, 19 yoshli qizlarini oralatib turmushga uzatdi. Bu qizlarning onasi qaynonasinikiga, ya’ni men sizlarga aytib berayotgan xonadonga mehmonga kelganida, qizlaringizni buncha erta turmushga beryapsiz, dedim. Ushbu xonadonning kelini, ya’ni qizlarning onasi: «Qizlarni er chiqqanida uzatgan yaxshi» deb javob berdi. Hatto ikkinchi qiziga mablag‘ topolmay (erining ishi yurishmay) yana butun og‘irligini qaynota-qaynonasiga tashlaganidan ham xabarim bor. Shunda o‘ylagandim: «Nimaga bular ko‘rpasiga qarab oyoq uzatmaydi, qizlarini erta erga bergani yetmaganday... yana hech qanday tayyorgarlik ko‘rmasdan to‘y qilishdan nima foyda».

Oradan to‘rt yil o‘tdi. Ayolning katta qizi uch bolasi, kichigi bir bolasi bilan ota uyiga qaytib keldi. Katta qizining eri tinimsiz kaltaklarkan, ikkinchi qizining eri aroqxo‘r, bola nogiron tug‘ilgani uchun qaynonasi haydab yuboribdi. Ayni paytda katta qiz uch bolasi bilan buvisinikida, chunki ona ularni sig‘dirmabdi. Endi savol tug‘iladi: 22 yoshli ayolning uch bolasi bilan hech qayerga sig‘may qolishiyu baxtsiz ayolga aylanishiga sabab bo‘lgan ona, qizini erta turmushga uzatib, orzu-havas ko‘rishga shoshilgan ona nega endi farzandini ko‘chaga tashlab qo‘ydi? Ertaga qizi yomon yo‘lga kirib ketsa kim aybdor bo‘ladi? Mana shu kalta o‘y ayolning ahmoqona orzu-havasi deb bugun to‘rtta nevara, ikki qiz, ikki kuyov baxtsiz. Ya’ni, to‘rt nevara, ikki qiz, ikki kuyov o‘zaro haq-huquq talashadi, haq-huquqi poymol bo‘ladi.

22 yoshli kelindan — uch bolaning onasidan so‘radim:

— Endi nima qilasiz, turmushga chiqasizmi?

Uning javobi shunday bo‘ldi:

— Bolalarim bilan meni kim ham olardi?

Boshi aylanib qaynonasinikiga kelib qolgan qizning onasi gapga qo‘shiladi:

— Ha endi bolalari bilan er olmasa, birontasiga ikkinchi xotin bo‘lar.

Men:

— Agar biror erkakning ikkinchi xotin olishiga birinchi xotini ko‘nmasa-chi?

Ona:

— Aytib o‘tiradimi, bildirmaydi, bunaqalar hozir tiqilib yotibdi.

Bu noshukr ayol — sakkiz nafar odamni baxtsiz qilgan ayol, kamiga qarigan qaynota-qaynonasining boshiga tashvish orttirgan, ikki qizining qaytib kelib o‘tirishidan o‘zicha isnod qiladigan va oqibatda na ishi, na hunari bor qizini arosatga tashlab qo‘ygan ona yana bir ayolning, uning farzandlarining baxtiga chang solmoqchi.

Ikkinchi qizi ham haqiqiy xudbinlikning qurboni bo‘ldi. 18 yoshida onaning orzu-havasi deb aroqxo‘r yigitga turmushga chiqdi. Aroqxo‘r yigitning xudbin onasi tufayli nogiron farzand bilan uyga qaytib keldi. O‘z bolasining aroqxo‘rligidan or qilmagan qaynona, farzandining bolasi — nogiron nevarasidan or qilib haydab yuborishi ham xudbinlikning oliy ko‘rinishi.

Shu topda chet elning «Sher» nomli kinosi esga tushadi: Hindistonning Kalkuttasida tug‘ilgan besh yoshli kambag‘al bolakay Saru boshqa poyezdga o‘tirib yo‘qolib qoladi. Uni avstraliyalik er-xotin Brayerlilar asrab oladi. Ularning Mantosh ismli yana bir asrandi o‘g‘li bo‘ladi. Asabiylashganda boshiga urib qoladigan Mantosh ota-onani juda ko‘p iztirobga qo‘yadi. Kunlarning birida Saru asrab olgan onasiga, bizni deb juda ko‘p aziyat chekdinglar, o‘zingizning farzandlaringiz bo‘lganida hammasi boshqacha bo‘lardi, deydi. Shunda Siyu Brayerli: «Mening farzand ko‘rishga imkonim bor edi. Ammo men aynan qiynalgan bolalarni asrab olishni, ularga baxtli hayot, baxtli oila hadya qilishni istagandim, men hozir ham qilgan ishimdan afsuslanmayman», deb javob beradi.

Bu ayolning olijanobligi bilan nevarasini ko‘chaga haydab yuborgan ayolning xudbinligini taqqoslab bo‘larmikan.

Mening esa qari chol-kampirga ichim achiydi. Ikki nafar o‘zining nogiron bolasi, qaytib kelgan nevarasining bolachalari, yana deng, ruhiy xasta o‘g‘lining ayoli tashlab ketgan ikki nafar bola — nevaralari. Ruhiy xasta o‘g‘lining xotini ham shu oilaga kelganida 18 yosh bo‘lgan, bolalarining kattasi olti yosh, kichigi to‘rt yoshligida, bunday xasta er bilan yashamayman, deb ketib qolgan. Men xoladan nega keliningiz bolalarini olib ketmagan desam, xola: «Ishlarmish, qolaversa, bolalari bilan akasi, kelinoyisi yashayotgan ota uyiga sig‘masmish», degandi. Mana yana bitta xudbin, ahmoq ona. Farzandlarini bir dunyo muammosi bor chol-kampirga, ruhiy xasta otaga tashlab ketgan johil ona. Bu oilaning bir-biriga zanjir kabi ulangan fojiasini, baxt- sizligini ko‘ryapsizmi? Barchasiga ayollar sababchi. Ruhiy xasta o‘g‘ilni, uylansa yaxshi bo‘lib ketar, deb kasalini aytmasdan uylantirgan ona, 18 yoshli qizini, joyi chiqdi, deb shoshib erga bergan yana bir ona, farzandi baxtsizlikka yuz tutganida nevaralarini uyiga sig‘dirmagan ona... Bular qanday onalar o‘zi, bular XUDBIN onalar. Xudbinlik esa bilimsizlik, ma’naviyatsizlik ortidan paydo bo‘ladi.

Ularning aksi bo‘lgan yana bir samarqandlik onani bilaman. Besh nafar qizi bor. Ayol yoshligidan sinfdoshiga ko‘ngil qo‘ygan. Ammo davr taqozasi bilan yigit ham dardini hech kimga aytolmagan. Qizku umuman. Hattoki yigit bu qizning unda ko‘ngli borligini bilmagan ham. Xullas, yigit boshqaga uylanadi, qiz otasining do‘stiga kelin bo‘ladi. Ayolning yana bir orzusi ushalmagan: juda bilimli, juda ko‘p kitob o‘qiganiga qaramay, oliy ma’lumot olishiga ruxsat berishmagan. Yaxshi ko‘rgan insoniga turmushga chiqmagani va o‘qiyolmagani uning ikki armoniga aylangan. Qalbidagi orzusini farzandlarida ko‘rishni niyat qilgan — «qizlarimni o‘qitaman», «kambag‘al bo‘lsa ham yaxshi ko‘rganiga beraman».

Qizlarining oldi 24 yoshida, eng oxiri 28 yoshida turmushga chiqadi. Beshoviyam baxtli — kambag‘almi, o‘qimaganmi, o‘zlari xohlaganiga tegishdi. Kuyovlari borki o‘g‘illaridan ziyod. Kuyoving yaxshi bo‘lsa qizingdan, kelining yaxshi bo‘lsa o‘g‘lingdan ko‘r, deyishgani balki shudir.

Xoladan so‘rayman:

— Qizlaringiz hayotda qiynalmaganmi?

Onaning esa javobi shunday bo‘ldi:

— Ularning barchasi musofirchilikni, talabalikni boshidan o‘tkazdi. Oq-qorani tanidi. Yo‘qchilikni ko‘rdi. Oila qurgach, ular uchun ro‘zg‘or tashvishlari qiyinchilik bo‘lib ko‘rinmadi. Muhimi, 24 yoshdan 28 yoshgacha oila qurarmikanman, degan orzu bilan yashashdi va oilaga kechroq erishgani uchun balki qadriga yetgandir.

Aytmoqchi bo‘lganim, 18-19 yoshda ham erga tegib, ozchilik bo‘lsa-da, baxtli bo‘lganlar bor. 24 yoshdan keyin turmushga chiqib, juda ozchilik bo‘lsa-da, baxtsiz bo‘lganlar bor.

Yana aytmoqchimanki, farzandlarning baxtiyu baxtsizligi, avvalo, onalarga bog‘liq. Ona har lahzada farzandining kelgusida baxtli yoki baxtiqaro bo‘lib qolishi haqida qayg‘urmas ekan, sarob orzu-havaslarni deb birgina farzandi ortidan dunyoga keladigan bir necha bolalarning, o‘zganing farzandi baxtsizligiga sabab bo‘ladi. Zero, donishmandlarimiz, bizga yaxshi onalarni bering, biz dunyoni yaxshilaymiz, deyishganida qanchalar haq edi.

Hech qaysi ona farzandining baxtsiz bo‘lishini istamaydi, deyishadi. Istash bilan istashning o‘rtasida farq bor. Tafakkur qilib istash boshqa narsa, shunchaki istash boshqa narsa.

Qizlarni erta erga berishdan maqsad nima? Erta buvi bo‘lishmi? Xo‘sh, erta buvi bo‘ldingiz ham deylik, hayotingizda qanday katta o‘zgarish bo‘ldi? Qizingiz ozroq shoshmaganida, yaxshiroq oila chiqardi balki. O‘qitganingizda, hunar o‘rgatganingizda, balki kaltaklaydigan, aroqxo‘r erga duch kelmasdi. Ajrashgan taqdirda ham o‘z kunini o‘zi ko‘rib ketardi. Qarindoshlar oramiz buzilib ketmasin deb rishtalarni mustahkamlamoqchi bo‘lishadi. Undan ko‘ra begonalar bilan quda bo‘lib, qarindoshlar safini kengaytirish afzal emasmi?

Yana o‘sha gap — kelgusida xudbin onalar ko‘paymasligi uchun qizlarimizni faqatgina bekalikka, kelinlikka, rafiqalikka tayyorlamaylik. Ularni dastlab haqiqiy onalikka tayyorlash lozim. Toki bu ONAlar yuqorida misol keltirganimiz «Sher» kinosidagidek o‘zgalarga baxt berish uchun o‘z halovatidan kecha olsinlar...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring