Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Muazzam Ibrohimova: «Ko‘rganlarim – qiyomat. Turkiyada odamlarni zilzila emas binolar o‘ldirdi»

Muazzam Ibrohimova: «Ko‘rganlarim – qiyomat. Turkiyada odamlarni zilzila emas binolar o‘ldirdi»

Foto: EPA/TASS

Bir xil insonning hatto o‘zini ko‘rmay turib «gaplashish» ham oson, ayniqsa, internet rivojlangan zamonda. Shundoq telegram yoki facebookdagi sahifasiga kirasan, kuzatasan va ko‘ngling ko‘ngliga yaqinlashaveradi. Asl kasbi bolalar shifokori – psixolog Muazzam Ibrohimovani Turkiyaning boshiga kulfat tushganida yanada yaqinroqdan kashf qildim.   

– Bolalar haqida ko‘p yozasiz...

– Ha, shifokorlikdan tashqari xobbilarim bor: bolalar yozuvchisi, bloger. Sakkiz yildan beri Turkiya va turk dunyosi jurnalistlari uyushmasining O‘zbekistondagi koordinatoriman. Batafsilroq aytadigan bo‘lsam bu sohada ancha ishlar qildik. O‘zJOKU, O‘zbekiston san’at va madaniyat universtiteti, O‘zbekiston kinomatografiya agentligi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bilan hamkorlik memorandumlarimiz bor.

Ko‘ngillilar siz uchun kimlar?

– Ko‘ngilli bu – qiyin vaziyatda ko‘ngildan beg‘araz, beminnat yordam bera oladigan inson. Haqiqiy ko‘ngillilar deganda faqat hech narsadan qo‘rqmay, tabiiy ofat hududlarida paydo bo‘ladigan va yordam qo‘lini cho‘zadigan odamlargina tushunilmaydi. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvatlab, oyog‘i yetmasada yetganlarga dastak bo‘lib, eng muhimi duo qilib turguvchi insonlar ham ko‘ngillilardir.  

Zilzila payti Turkiyada edingizmi?

– Aslida Turkiyaga zilziladan avvalroq, Turkiya va Turk dunyosi jurnalistlari uyushmasining taklifi bilan bir nechta adabiy, ma’rifiy tadbirlarda qatnashish uchun borgan edik. Men bilan birga bir nechta ijodkor ayollar bor edi. «Turon onalari» guruhini tuzib, atigi ikkitagina tadbirni o‘tkaza oldik. Oxirgi tadbirimizda Turkiyadagi O‘zbekiston elchixonasidan vakillar va Anqarada yashovchi vatandoshlarimiz ham tashrif buyurishgan edi. Keyin asr falokati, kichik qiyomat deya atalgan zilzilalar ro‘y berdi. Biz o‘zimizni yo‘qotib qo‘ymay, darhol elchixonamiz qoshida to‘plandik va konsulimiz, Anqaradagi vatandoshlarimiz bilan birgalikda  «Tezkor yordam koordinatsion markaz»imizni tashkil qildik. Haqiqiy «Turon onalari»ga aylandik. Eng muhimi, 68 yoshli ijodkor onaxon Tursunoy Mamadaliyeva ham biz bilan birgalikda, ertadan shomgacha tik oyoqda turdi. Agar safdoshlaring mard, jasur, halol bo‘lsa har qanday jangga qo‘rqmay kirasan. Safdoshlarim: Fotihbek, Dilrux (konsul yordamchilari), Saidbek, Avazbek, Fazliddin, Mirzohid, Muhammadjon, Muhiddin tog‘a, Dilafruz, Mohira, Sabohat, Muqaddas, Muqaddam, Muazzam, Vazira, Tursunoy xola, Dilnoza, Gulnoza, Habiba opa... xullas har birlari men uchun chinakam fidoyi, haqiqiy qahramonlardir.

– Boshqalar yordam jo‘natishda me’yor buzildimi yoki tashkilotchilik o‘z o‘rniga qo‘yilmadimi?

– Me’yor boshida, ya’ni fojea ko‘lamidan karaxt bo‘lib qolgan Turkiya hukumati o‘zini anglab olgunga qadar buzildi. Ya’ni dastlab tashkilotchilik yo‘q edi. Turkiyaning boshqa shaharlaridan ham yuk mashinalariga orttirilgan insonparvarlik yordamlari yuborilgan. Aksariyat mashinalar ofat hududlariga nazoratchisiz qo‘yilgan. Yo‘llar yorilgan, infrastrukturaga qattiq zarar yetgani uchun soatbay kelishgan haydovchilarning ba’zilari (hammasi emas!) xalq yig‘ib-terib yuborgan ehsonini shundoq ko‘chaga ag‘darib ortga qaytgan. Natijada narsalar betartib va talon-toroj bo‘lgan. Kimdir me’yoridan ortig‘ini tashib ketgan. Kimlargadir esa mutlaqo yordam yetib bormagan. Biz aynan yordam kirmagan hududlarga borib, xalqimiz qilgan xayriyani haqiqiy haqdorlarga yetkazdik. Nafaqat kiyim-kechak, tez ayniydigan tovuq go‘shti, kolbasa mahsulotlari ham bor edi. Sifati buzilganini xalqqa bermadik.

Tabiiy ofatlardan hech kim himoyalanmagan afsus...

 – «AFAD», ya’ni Turkiya favqulodda vaziyatlar markazining xabariga ko‘ra, shu bugungacha zilziladan qurbon bo‘lganlar soni 45089 taga yetdi, hali yana ortishi mumkin. Bundan tashqari, zilzila ro‘y bergan o‘n bir ma’muriy hududda minglab binolar yiqildi, yana o‘n minglab binolar yorildi va yashab bo‘lmaydigan holga keldi. Jafokash Shom tuprog‘ida ham talofatlar hisobsiz. Lekin zilzila hududida vayronalar ichida bo‘yog‘i ko‘chmagan, bitta oynasi sinmagan baquvvat qurilgan imoratlarni ham ko‘rdik. Turklarning o‘zi bir gapni ko‘p qaytaradi: «Zilzila emas, bino o‘ldiradi». Darhaqiqat, quruvchilik normalari buzilib, shunchaki qo‘l uchida qurilgan imoratlar tobut bo‘ldi qurbonlarga. Nurdog‘idagi xarobalarda  devor deb atalgan to‘kilmani atay ushlab ko‘rdim. Kaftimda sement emas, bir hovuch uqalanib ketayotgan tuproq, qumni ko‘rib yig‘ladim. Insonlarga bu uylarni insofsizlar millionlarga sotgan. Afsus, O‘zbekistonda ham pala-partish qurilishlar ko‘p. Ikki kun avval ochilgan shirkatlar ham bemalol litsenziya olib ko‘p qavatli uylar qurgan, quryapti. Bu mash’um ko‘rgilik «otkat»lar tufayli boyigan amaldorlar, ular bilan hamkorlik qilayotgan soxta, bilimsiz «quruvchi»lar ko‘zini ochsin! Agar imkon bo‘lganida Nukusda zilzilasiz ag‘anagan zina «ijodkorlari»dek vijdonsizlarni Turkiyada zilzilada karton qog‘ozdek taxlangan zinalar orasida qolgan va ichak-chavoqlari qora qoplarga yig‘ilgan qurbonlarni ko‘rsatgan bo‘lar edim.

– Ko‘rganlaringiz – qiyomat...

– Meni yig‘latgan holatlar ko‘p bo‘ldi. Ammo yuragimni larzaga solgan voqea hodisalarni ko‘z yoshlargina emas, insonlarga ozgina bo‘lsa-da foydasi tegadigan hikoyalarga aylantirgim keldi. O‘zim suratga olgan dahshatli manzaralarning har birining o‘z hikoyasi bor.

 Jamoamiz bilan amalga oshirgan yana bir xayrli ishimiz haqida aytishni unutibman. 14000ga yaqin etnik o‘zbeklar yashaydigan Ovakentda zilzila tufayli uysiz qolgan va yaqinlari bilan chodirlarda yashayotgan bolajonlar uchun «O‘zvakent yulduzlari» degan kunduzgi oromgoh tashkil qildik. Bunda bizga zilzila oqibatlarini bartaraf etish uchun borgan harbiy o‘g‘lonlarimiz va Istanbuldagi O‘zbekiston Konsulligi katta yordam berishdi.  Hozir har kuni oromgohga 300 dan ortiq bolajonlar tashrif buyurishmoqda. Aksariyat arg‘imchoqlarni bolalar bilan birga yasadik. Hatto harbiy dala gospitalida jarohat olgan bolajonlar ham, muolajalardan qochib kelishyapti. Konsulligimiz yuborgan ko‘ngilli psixologlar kichkintoylarga ruhiy madad berib, o‘sha dahshatli kunlarning xotirasini oz bo‘lsa-da bolalar ongidan o‘chirishga harakat qilishdi.

Turkiyada palov ham tarqatdilaringiz...

– Siz Malatyani bilasizmi? Xatay, G‘oziantepdagi shirin oshlarimizning maqtovidan erib, duolardan ruhlanib zilziladan eng ko‘p talofat ko‘rgan Nurdog‘ida ham «Osh markazi» tashkil qilish xaqida niyat qilib, to‘rt kishi «razvedka»ga otlandik. Manzilga yetib borgach, yuraklarimiz hasratu dog‘ga to‘lib, tog‘lar etagiga to‘kilib qolgan Nurdog‘i bilan birga yig‘ladik. Uylari butkul vayron, har uchtadan biri azador bo‘lgan insonlar bilan ko‘rishar ekanman, o‘kirib yubormaslik uchun arang o‘zimni bosib iljayib turardim. Chodirkent chodirlarga, chodirlar bir-biridan faqir «depremzada» (turkchadan zilziladan jabr chekkanlar) larga to‘la edi.

Rahbariyat bilan gaplashsak, yuraklari to‘lib, ko‘zlari namlanib, butun O‘zbekiston xalqini duo qilib, Vatanimiz chodirini tiklash uchun tap-taqir yerni ko‘rsatishdi. «Razvedka»chilarning uchtasi joyni o‘rganguncha, men chodirlarga mo‘ralab ayollar bilan suhbatlashdim, bolajonlarga o‘yinchoq, shirinlik, kitoblar ulashdim...

Va nihoyat qozon so‘rash uchun Bahriddin Chustiyning messenjeriga xat yo‘lladim. Axir uning jamoasi ham zilzila bo‘lgan hududlarda osh taraqatib yurgandi-ku. Xullas, yarim soat o‘tib, o‘tmay undan quvonchli xabar oldim:

«Opa, biz Malatyadamiz. O‘n kun beshta qozonda osh damlab tarqatdik. Shundan ikkitasini sizlarga beramiz. Kim keladi olgani?»

Qanchalik quvonganimni ko‘rsangiz edi.

Qozon topildi. Endi uni olib kelish kerak edi. Yo‘l-yo‘lakay Chodirkentdagi harbiy sharoit mayli, atrofdagi manzaralardan yuragim tamom bo‘lgandi. Yo‘ldagi manzaralar ko‘rganlarimizdan ham dahshatliroq ekan. O‘zimizni chalg‘itish uchun kichikroq yuk mashinasida ovakentlik ikki ukam bilan o‘zbek tilida gaplashib ketyapmiz. Ya’ni, eski o‘zbek, fors, turk, kurd tillari qorishmasi edi. Baribir tushunsa bo‘ladi. Yigitlar juda manziratli, xushmuomala ekan.

Abdul Quddusning oilasida talofat yo‘q, Muhammadning esa amakisi, yangasi va ularning ikki nabirasini tom bosib qolibdi. Qo‘li rulda, diqqati yo‘lda, ammo yuragi yaqinlarining dog‘idan ado bo‘lgan yigit o‘z dardini bildirmaslikka urinib, «eng katta talofat baribir Xatayda bo‘libdi» deb, xo‘rsinib qo‘yardi.

Nurdog‘idan – Malatyaga uch, uch yarim soatlik yo‘l ekan.

Qahramonmarashga kirib borganimizda yana dilim vayron bo‘ldi. Chunki bu shahar juda qadrdon-da. Ko‘p marta kelganmiz. Hov anavi to‘kilmay, bir tekis tizilib turgan ko‘p qavatli uylarni oila do‘stimiz, «Aksay inshoat» egasi janob Mehmet Soyning shirkati qurgan.

Xullas, manzilga yetib bordik Bahriddin Chustiy  baribir boshqacha-da!

Va’da qilgan ikkita qozonga qo‘shib, ikkita o‘choq, gaz gorelkasi, kapgir, cho‘mich, tog‘ora, bir to‘p bo‘z... xullas ko‘pgina narsa berib xursand qildi...

Sizni ko‘ngilli sifatida ko‘rsatuvga taklif qilishganidan xabarim bor...

– Turkiyadan Toshkentga qaytishim bilan «Zo‘rTV»ga asr falokati deb ta’riflanayotgan dahshatli zilzila oqibatlariga bag‘ishlangan ko‘rsatuvga taklif qilishdi. Studiyada Seysmologiya ilmiy tekshirish instituti va Qurilish vazirligidan ham vakillar bor edi.  Avval ko‘zlarimga faqat yig‘i keldi, u yerdagi dahshatli manzaralar, butun dunyodan kelayotgan yordamlar haqida so‘z ochdim. Keyin Qurilish vazirligidan kelgan va faqat qarorlar va me’yorlar haqida gapirayotgan mas’ul shaxsga bittagina savol berdim:

«Siz O‘zbekistonda qurilayotgan uylar 100 foiz zilzilabardosh deb, vijdonan kafil bo‘la olasizmi?».

 Mas’ul javob bera olmadi.

Bloger Zafarbek Solijonov ham shu savolni qayta bergandan so‘ng, antiqa javob bilan kifoyalandi:

«Davlat nazorati ostida qurilgan, qurilayotgan imoratlar xavfsizligiga kafolat beraman.» Tavba, javobdan yoqa ushlaydi-ya odam. Qancha imoratlar qog‘ozda nazoratda, amalda mutlaqo nazoratsiz qurilayotganidan xabari bormikan bu odamning? Ikki oy, ikki kun oldin ochilgan, osongina litsenziya sotib olib, ko‘chadan kelgan yollanma mardikorlar bilan qurilishlar qilayotganlar ham davlat nazoratidami? Axir ular molxona, otxona, itxona emas, odamlar uchun uylar qurishyapdi-ku! Umuman olganda, davlat nazorati nima? Agar o‘sha nazoratda bittagina savolga javob bera olmagan va ko‘rsatuvdan so‘ng arazlab ketib qoladigan mas’ullar ishlasa kimga ishonamiz?

Aynan, o‘zim guvohi bo‘lgan vayronalar ostida qancha insonlar qolib ketganini bilisharmikan? Qancha insonlar jarohat olganinichi? Kasalxonalarni to‘ldirib, hammaning yuragini teshib tashlagan yetimlar soninichi? Hali kavlab olinmagan odamlarnichi? Bu yangi mozorlar yuragimda ham paydo bo‘ldi. Hamon hali chiqarilmagan murdalar hidi anqib turgan havoda yashayotgandayman. Qiyomat qo‘ng‘irog‘idek ko‘kka o‘rlagan faryodlar ichidaman.

Turkiyadagi zilziladan so‘ng bir xulosaga keldim: Qonun va qarorlarni ko‘r-ko‘rona yodlab olganu, amal qilmagan, qurilish maydonchasidan o‘g‘rilik qilib to‘ymagan va bu hamma nayranglarni jim kuzatib, chora ko‘rmayotganlarni o‘laksaxo‘rlarga o‘xshatdim. Xalqiga oldindan tobut yasab bergan o‘laksaxo‘rlar. Zilzila emas, aynan ular odamlarning boshini yedi.

Ko‘rsatuvdan xulosa chiqarisharmikan?

– Yo‘q, ko‘rsatuvni mazza qilib kesishibdi. Biroq...  Fikrlarimni yulib, yulib, bir bechora ayolday ko‘rsatib qo‘yishibdi. Kutmagandim. Achindim ketgan vaqtimga. Ko‘rsatuvga ofat tufayli qurbon bo‘lgan 41000(o‘sha kungi ma’lumot) inson xotirasi uchun borgandim. Qurilishlarda yo‘l qo‘yilgan xatolar oqibatini ko‘rgan va ularni qaytarilmasligini umid qilgan inson sifatida gapirgan edim. Endi, hech qachon qatnashmayman bunday shoularga!

«Bu yerda yana bir uy bor» hikoyangizdagi bolakay haqida

 – Uzoq bir tog‘ qishlog‘iga bordik. U yerlarda halokatli vayronalar, qurbonlar, jarohatlanganlar yo‘q, faqat zilziladan aziyat chekkan o‘nlab oilalar ko‘chib kelishgan edi. Bir oz avval yonilg‘i taqchilligini eshitib, ko‘mir yuborgan edik. Keyin bolalarga sovg‘a-salomlar bilan tashrif buyurdik. Jabrdiydalar yashayotgan hovlilar oldiga to‘xtab, bir qancha kichkintoylarni xursand qilib, ko‘nglimiz qishloq tegrasidagi tog‘larday ko‘tarilib, ketishga chog‘landik.

Qishloqdan chiqaverishda mashinamizga boshqacha bir entikish bilan termulib turgan, nimanidir ayta olmayotgan ikki nafar moviy etikli bolakayni ko‘rib to‘xtashga qaror qildik. Hoynahoy, o‘yinchoq tarqatayotganimizni ko‘rishgan. Zilziladan jabrlangan shaharliklardan bo‘lmaganlari uchun yaqinlasha olmay, yo‘limizga chiqib turishgandi.

Ular bilan salomlashishga ulgurmay, kichkintoylardan biri orqasidagi xarobgina hovliga ishora qildi va shunday dedi:

– Bu yerda yana bir uy bor!

Avval tushunmadim. Keyin tushundim. Bolakaylar ochiqchasiga o‘yinchoq so‘rashga uyalib, istaklarini shu tarzda bayon etib, diqqatimizni tortishgandi.

– Siz shu uyda yashaysizmi?

– Ha.

Ikkalasiga bitta koptok sovg‘a qildik. Xursandchiliklarini ko‘rsangiz edi.

Xuddi dunyoning hadyasini olganday baxtiyor edilar. Lekin quvonchlari uzoqqa cho‘zilmadi. Bir muddatdan so‘ng, koptokka bir-bir qarab, xo‘rsinib, o‘zaro pichirlashib olgach, aytmasa bo‘lmas bir gaplari borligi va eshitishim, bilishim shartdek sekin qulog‘imga shivirlashdi:

– Xolajon, ammo bizning uyimiz butun. Faqirmiz, biroq zilziladan jabr ko‘rmadik. Bu sovg‘a bizga halol bo‘ladimi?

 – Albatta halol bolam! Mazza qilib o‘ynagin!

– Rostdanmi. Uysiz qolgan bolalarga yetmay qolmaydimi?

Boshimni qimirlatib, yo‘q ishorasini qilyapmanu bo‘g‘zimga nimadir tiqilaverardi. Yutsam yutilmay, taqalib qolaverdi. Atigi bir dona koptog-a?! Sizlarga kim shunday go‘zal tarbiya berdi? Vujudingizga shunday qalbni joylagan kim?  Bo‘g‘zimdagi tiqin – qachondir bilib, bilmay yutilgan, esimdan ham chiqib ketgan, xayolimga ham kelmagan harom luqmachalar edi. Qaysidir bemor uzatgan qo‘l haqqi, kimdir bergan sovg‘a, shohidan uzilib so‘roqsiz yeyilgan mevalar, men o‘qib qaytarolmagan kitob, mazasini bilish uchun olib chaqilgan pista, (semichka), qurutlar, dovonda uzatilgan kulchalar, kecha boshim og‘riganda yordam uchun jo‘natilgan dorilar orasidan olingan bittagina xapdori...

Demak, ular tomog‘imga tiqilib qolgandi! Qishloqdan qaytar ekanmiz, ko‘z yoshlarimni tiya olmasdim. Bugun kimga duch keldik? Inson bolalarigami? Qani endi, hammamizda shu faqir go‘daklarning yarim vijdoni, yarim iymoni, yarimtagina pok qalbi bo‘lsaydi! ...

P/S: Bugungi kun qahramoni, dovyurak, olijanob hamyurtim Muazzam Ibrohimovaning Turkiya zilzilasi tufayli ko‘rgan kechirganlari bir kitob bo‘lgulik. Muazzamdek fidoyi insonlar bugun nafaqat o‘zimizning yurtdoshlarimizga, balki turkiyaliklarga ham juda katta yordam berdi, musibatda yelkadosh bo‘ldi. Aniqki, O‘zbekistonga eson-omon qaytib kelgan vatandoshlarimiz oilasi bag‘rida xotirjam o‘tirishiga Muazzamning ham katta xizmati bor. Qalbi yig‘lasa-da ko‘zlari kulib turadigan Muazzam ikki xalq o‘rtasidagi rishtalarni yanada qattiqroq bog‘ladi – o‘zi aytganidek odamlar qalbida hayot yutqizgan yerdan boshlanishini isbotlab berishda davom etmoqda.

                                                                       Barno Sultonova suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring