«Qo‘llarim yo‘q bo‘lgani bilan aqlim bor» — Doniyor tengdoshlariga motivatsiya bera oladi (video)
U — talaba. Darslarga vaqtida qatnaydi, mashina haydashni biladi, pianino chaladi, futbol o‘ynaydi, kompyuter tuzatadi, o‘z ustaxonasi, o‘z tadbirkorligi bor. U tengdoshlaridan ham ko‘ra ko‘proq yutuqlarga erishgan. Yoshlar orzu qiladigan hamma-hamma narsasi bor — sevgan mashg‘uloti, sodiq o‘rtoqlari, mehribon ota-onasi, mashinasi... Uning yana bir faxrlanadigan narsasi — metindek irodasi bor.
U darsda ruchkani tishlab olib yozadi, tishlari bilan kompyuterni tuzatadigan uskunani ushlaydi, tuzatish ishlarida otvyorkani tishlari orasida ushlab, tili bilan harakatlantiradi. Oyoqlari bilan kompyuterni tuzatadi, oyoqlari bilan pianino chaladi, mashina haydaydi.
Uning hamma narsasi bor, faqat...
Biz sizga hikoya qilayotgan Doniyorjon Mahkamov Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filiali telekommunikatsiya texnologiyalari va kasb ta’limi fakulteti 1-bosqich, 650-19-guruh talabasi. U Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida oddiy ishchilar xonadonida tug‘ilib o‘sgan. Bolaligida baxtsiz hodisa tufayli ikkita qo‘lidan ayrilgan, hozirda 1-guruh nogironi.
Shunga ham mana 12 yil bo‘ldi. Insonning yashashi uchun muhim bo‘lgan qo‘llaridan ajragan bu yigit tushkunlikka tushmadi. Har bir ishga tavakkal qilishdan oldin «men buni albatta qila olaman» degan maqsadni qo‘ydi oldiga.
— Odam hech qachon umid qilishdan, shukr qilishdan to‘xtashi kerak emas, — deydi Doniyorjon. — Har qanday ishni boshlayotganda «men buni qila olaman» deb tavakkal qilaman, albatta urinib ko‘raman. Mening qo‘llarim yo‘q bo‘lgani bilan aqlim bor, bir insonda bo‘lishi kerak bo‘lgan irodam bor. Ana shu irodani shunday vaziyatlarda ishga solmasam, umidim va ishonchimdan foydalanmasam, keyin kech bo‘ladi. Ayni paytda telefon va kompyuter tuzatadigan ustaxonam bor. U yerda ushbu texnikalarni tuzatishdan tashqari savdo qilish bilan ham shug‘ullanaman. Shuning ortidan mening doimo uzog‘imni yaqin qilayotgan mashina ham sotib oldim. Biz yoshlarning o‘qish va o‘rganishimiz, intellektual salohiyatimizni oshirishimiz uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Bizdan talab qilinadigani o‘z ustimizda ishlash, vaqtdan unumli foydalanish. Inson o‘z matonatini va irodasini shakllantirishi uchun ko‘p kitoblar o‘qishi va asar qahramonlaridan o‘rganishi, sport bilan shug‘ullanishi, zamonaviy bilimlardan xabardor bo‘lishi, san’at turlari bilan shug‘ullanishi, hunar va til o‘rganishi lozim.
«Men Ona yurtimiz, jamiyatimiz taraqqiyoti va ayniqsa yoshlarimiz, tengdoshlarimiz kelajagi uchun shiddat va shijoat bilan mehnat qilayotgan muhtaram Prezidentimiz matonatidan ibrat olaman va shukronalik kayfiyatida yashayman...» — alohida ta’kidlaydi u.
— Bunday holga qo‘qqisdan tushgan odam o‘zini yo‘qotib qo‘yadi, harakatsiz qoladi, men o‘g‘lim ana shunday holga tushishidan qo‘rqqandim, lekin u irodasi bilan tez oyoqqa turdi, o‘z oldiga avvalgidan ham ko‘proq maqsad qo‘ydi, — deydi uning otasi Xolmatjon Mahkamov...
Yo‘lboshchilar haqida juda ko‘p kitoblar yozilgan, hujjatli, badiiy filmlar ishlangan. Yo‘lboshchilikka tanlangan nomzod o‘sha xalqini balo-qazolardan asraydi. Eng qiyin paytlari, eng qiyin vaziyatlarda oldingi saflarda yo‘lboshchilik qiladi. U o‘z matonati, dovyurakligi bilan xalqini og‘ir sharoitdan yorug‘likka olib chiqadi.
Doniyorjonni ham o‘sha yo‘lboshchilarga o‘xshatgim keldi. Yon-atrofidagi do‘stlariga, odamlarga o‘z irodasi bilan, matonati bilan ortga chekinmaslikda, faqat oldinga qarab yurishda ibrat bo‘ladigan yo‘lboshchilarga. Inson irodasi, mas’uliyatliligi uni qanday marralarga yetkazishini ko‘rsatib turuvchi barometrga o‘xshaydi bu kabi insonlar.
U haqda tengdoshlari
Behzod: «Uning matonatidan hayratlanaman va qaddimni rostlayman».
Doston: «O‘qishda, mehnatda, sportda men Doniyorjondan motivatsiya olaman, uning harakatlarini ko‘rib bir lahza ham to‘xtab qolishga haqqim yo‘q deb o‘ylayman».
Iskandar: «Tengdoshim tufayli shukronalik nima ekanligini anglab yetdim».
Shohsanam: «G‘ayrat va shijoatidan ruhlanaman».
Ha, bir nafargina mana shunday qat’iyatli, matonatli inson boshqalarni ortidan ergashtira oladi. Uning atrofidagilar «Nega bu qilgan ishni biz qila olmaymiz» deb o‘ziga o‘zi savol berishadi. «Ochig‘i ikki qo‘limiz but bo‘lib darslarda qatnashmasak, uyga vazifani tayyorlamasak uyalamiz?» — bugun uning maktabdosh o‘rtoqlariyu, talaba saboqdoshlari har lahzada mana shunday fikrni xayollaridan o‘tkazayotgan bo‘lsa ne ajab. Shunday, Doniyorjondek yo‘lboshchilar atrofdagilarni ezgulik qilishga, o‘ziga o‘zi hisob berishga chaqiradi.
«U yurtimizning yutug‘i»
U hatto tom ma’noda o‘qituvchilarini, ustozlarini hayratlantira oldi:
— Doniyorjon axborot texnologiyalari va fan to‘garaklarining faol a’zosi, — deydi ustozi Baxtiyor Tolipov. — Uning tabiiy fanlarga mehri boshqacha. Axborot texnologiyalari bilan matematikani bir biridan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi. Doniyorjon o‘zining tirishqoqligi, matonati, sabrliligi bilan tengdoshlariga, kerak bo‘lsa bizga ham o‘rnak bo‘la oladi. U hech qachon izlanishdan, o‘rganishdan to‘xtamaydi. Hali sport to‘garagida, hali musiqa, hali kompyuter xonasida qattiq shug‘ullanayotganini ko‘rishingiz mumkin. Ayniqsa, bugungi axborot texnologiyalari rivojlanib ketayotgan bir paytda shu sohaga qiziqishi va tanlovi uning yutug‘idir... Prezidentimiz tomonidan 2020 yilga «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» deb nom berildi. Demak, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida faoliyat olib borayotgan biz ustoz murabbiylar va yoshlar tashabbuskorlikni o‘z qo‘limizga olishimiz lozim. Aynan ana shunday tashabbuskorlik va fidoyilikni Doniyorjondek metin irodali yoshlar boshlab berayotgani yurtimizning yana bir yutug‘i.
Bugun kimningdir farzandi jinoyat qilsa yo‘qchilikni sabab qilib ko‘rsatamiz. Yoki ish yo‘qligini sabab qilib turli oqimlarga qo‘shilib ketganlarning oyoq qo‘li but, tog‘ni ursa talqon qilgudek shaxti bor. Aslida bularning barchasi bahona. Har bir inson agar intilsa, o‘z ustida ishlasa hayotini mo‘’jizalarga boy qila oladi.
«Matonatli odam yiqilmaydi»
Mana Doniyor oyoq barmoqlari bilan pianinoda quvnoq bir kuyni chalmoqda, futbol koptogini oyoqlari bilan ko‘z ilg‘ay olmaydigan harakatda oshirib o‘ynamoqda, u yugurish asnosida qo‘qqisdan yiqilib tushdi. Ammo hech kimning ko‘magisiz, qo‘llariga tayanmasdan o‘sha zahoti sakrab turoldi. Chunki u hech qachon hech kimdan ko‘mak kutmaydi, o‘ziga achinib qarashlarini, suyab turg‘izishlarini xohlamaydi. Uning o‘zi aytganidek:
«Matonatli odamda tushkunlik kayfiyati bo‘lmaydi, u hamisha nekbinlik bilan yashaydi. Bunday odam dunyoga, hayotga, zamonga go‘zal ko‘z bilan qaraydi, zavq-shavq bilan, shiddat va shijoat bilan yashaydi. Barchaning faqat ijobiy, yaxshi taraflarini ko‘radi, yiqilganda, muvaffaqiyatsizlikka uchraganda o‘rnidan turib, yana oldinga, maqsadlar sari olg‘a yurishga o‘zida katta kuch topa oladi, boshqalarga ibrat bo‘ladi, doim shukronalik kayfiyatida yashaydi...»
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter