Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

Turkiyaga yo‘l olgan vatandosh, o‘zbek degan millatni sharmanda qilmang! (video)

Turkiyaga yo‘l olgan vatandosh, o‘zbek degan millatni sharmanda qilmang! (video)

Istanbul, «Otaturk» aeroporti.

Foto: central.asia-news.com

So‘nggi yillarda fuqarolarimiz eng ko‘p borayotgan, bizga qo‘shni bo‘lmagan mamlakat Rossiya bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinda, shubhasiz, Turkiya turadi. Vizasiz rejim, qulay aviaqatnovlar, arzon mahsulotlar va yuqori darajada yo‘lga qo‘yilgan turizm xizmati ko‘pchilikni bu davlatga ohanrabodek tortadi.

Bu imkoniyatlardan har yili yuz minglab yurtdoshimiz foydalanmoqda. Ammo guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek... degan ming marta qaytariluvchi ibora ham bu o‘rinda to‘g‘ri kelmay qoldi. Mavzu yuzasidan qaraydigan bo‘lsak, kurmaklar guruchdan ko‘payib ketgandek tuyuladi.

O‘zimizning aeroportga chiqsangiz albatta kimdir oyog‘ingizga yopishadi: «Ozgina go‘shtim bor edi... Ikki blokkina sigaret sumkangizning bir chetida ketsa nima qilibdi?».

Bunisi holva, eng dahshatlisi Istanbul aeroportida yuz beradi. Dunyoning hamma burchaklari bilan bog‘lovchi bu ulkan maskanda turli millat va elat vakillarini uchratish mumkin. Hammasi, hatto o‘zimizcha bizdan ortda qolgan deb hisoblovchi afrikaliklar ham tartib bilan yukini topshirishadi, navbatini kutishadi, risoladagidek uchib ketishadi.

Men g‘ururlanadigan millatdoshlarim-chi?!

Eshitganimni emas, ko‘rganimni aytay: Toshkentga reys bo‘yicha ro‘yxatga olish va yuk qabul qilish boshlanganda hammaga jilmayib xizmat ko‘rsatayotgan aeroport xizmatchilarining birdan qovog‘i osilib, chuqur uf tortishdi.

Shu paytgacha ko‘rinmagan ikki norg‘ul yigit paydo bo‘ldi va koridor hosil qiluvchi to‘siqlar tiklashdi. Keyin ularga yana ikkitasi qo‘shildi va uzun o‘rindiqlarni sudrab kelib o‘ziga xos qo‘rg‘on yasashdi hamda faqat bitta tomondan kirishni yo‘lga qo‘yishdi.

Buning sababi tezda ayon bo‘ldi. Hamma sekin-sekin yig‘ila boshlaganda yigirmatacha yigit, o‘ndan ortiq ayol samolyotga chiqmoqchi bo‘lgan odam borki yo‘lini to‘sardi: «Aka, mana buni o‘tkazib bering. Toshkentda bolalar kutib olishadi». Avval iltimos qilishadi, keyin qattiqroq so‘rashadi va arzimas nimadir taklif qilishadi. Yana rad etsangiz ochiqdan-ochiq qo‘pollikka o‘tishadi: «Shu yukni olib ketsang nima bo‘lardi, qanaqa o‘zbeksan?».

Sening o‘zingga savol: yurtingni sharmanda qilayotgan sen qanaqa o‘zbeksan? Yukingning ichida nima borligini men qayerdan bilaman? Shuncha zarur bo‘lsa, pulini to‘la, qonuniy jo‘nat!

O‘sha omonat kirishdan o‘tayotgan ayollar ko‘targan sumkalarni ko‘rsangiz vahmingiz keladi. Turk nozirlari yuk ko‘pligini aytib qaytarishsa, shallaqilik qilib qo‘liga yopishishadi.

Nozir bir ayolga avvalo bosiqlik bilan tushuntirdi: «Sening qo‘lingdagi yuking hajmi samolyot saloniga olib kirish uchun katta». Opa uning gapiga kirmay kuch bilan o‘tishga urindi. Nozir yana tushuntirdi: «Qoidani buzsang, samolyotga chiqarmayman, chiptang ham kuyib ketadi!». Ayol endi ochiqdan-ochiq dod solishga tushdi va vaziyat uchun hammani, hukumatdan tortib barcha amaldorlargacha ayblay boshladi, poraxo‘rlikdan yozg‘irdi. Hamma asabiylashgancha tezroq o‘tishni kutardi. Kamida yigirma minut vaqtni olgan ayol baribir bilganidan qolmadi. O‘tib olganidan keyin hammaga «bopladimmi?» degandek tirjayib qo‘ydi. Afsuski, bunaqalar ko‘p ekan.

Haliyam turk nozirlari ancha bosiq, agar shu qiliqlarini bizda qilishsa, nafaqat yukidan, balki ozodligidan ham ayrilishi hech gap emas!

Minglab odamlar yig‘ilgan aeroportda nafaqat yuklarimizni yukladik, balki o‘zbek degan millat obro‘sini to‘kib o‘tdik!

Ey vatandosh, qo‘pol bo‘lsa-da, nahot shu darajada o‘lar joyda bo‘lsak? Nahot xorijga chiqqanda biz endi faqat o‘zimizning emas, vatanimiz nomini ko‘tarib yurishimizni anglamasak?!

Hali Turkiyaga borib pinhona ishlar bilan shug‘ullanayotgan juvonlarni aytmayapman. Buning o‘zi alohida, og‘riqli va katta mavzu. Lekin harqalay ular ming og‘ir gunoh qilmasin, pinhona qilishayapti. Siz-chi, opajon? Turli millat vakillaridan jamlangan jamoat orasidagi ahvolingizga chetdan bir nazar solganmisiz?!

Quyidagi videolavha ham arzimas foyda deb ko‘pchilik oldida izza bo‘layotgan ayollarimiz haqida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring