Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

Kemerovodagi fojia O‘zbekistonda qaytarilmasligiga kafolat bormi?

Kemerovodagi fojia O‘zbekistonda qaytarilmasligiga kafolat bormi?

Kemerevodagi «Zimnyaya vishnya» savdo-ko‘ngilochar markazidagi fojia butun dunyoda aks-sado berdi. Ayanchli tarzda halok bo‘lganlar soni rasman 64 kishi deb e’lon qilindi. Eng achinarlisi, ularning 41 nafari beg‘ubor bolalar edi. Fojia yuzasidan prezident Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putinga va bu davlat xalqiga ta’ziya izhor qildi.

Rossiya uzoq, yong‘in ham bir sodir bo‘ldi-da deya xotirjam bo‘la olamizmi? Yaratganning o‘zi asrasin, bunday holatlar bizda sodir bo‘lishining oldi olinganmi?

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda, xususan «Telegram» messenjerida Kemerovodagi yong‘in bo‘yicha bir xabar tarqaldi. Unda xavfsizlik to‘la kafolatlanmaguncha savdo-ko‘ngilochar markazlarga bormay turish, kelayotgan yakshanba kuni bu maskanlarni bir kunga boykot qilish aksiyasi e’lon qilindi. Albatta, bunday xabarlarga ishonish, asossiz aksiyalarga qo‘shilish yaramaydi. Farzandlarini qayerga olib borishni har bir ota-onaning o‘zi hal qiladi. Chunki farovonlikning yaqqol ramzlaridan biri bolalarimizning miriqib hordiq chiqarishlari, bunday ko‘ngilochar hududlarning gavjumligidir.

Ammo Rossiya fojiasi har birimizni o‘ylantirishi, ehtiyotkorlikka undashi tabiiy. Birgina Toshkentning o‘zida gavjumligi jihatidan «Zimnyaya vishnya» bilan bemalol bellasha oladigan o‘ndan ortiq maskan mavjud. Viloyatlarda ham bir-biridan hashamatlilari ochilmoqda. Qizig‘i, shuncha masofa bo‘lishiga qaramay ularda o‘xshash jihatlar juda ko‘p.

Oddiy savol – nega bolalar o‘ynaydigan maydon odatda eng yuqori qavatda quriladi? Axir favqulodda holat yuzaga kelganda aynan yuqoridagilar, ya’ni bolalar eng qiyin vaziyatga tushib qolishmaydimi?

Yoki (xudo saqlasin) yong‘in sodir bo‘lsa, bolalar qiyqirib o‘ynayotgan o‘sha maydondan ularni kim, qay tartibda va necha minutda olib chiqa oladi? Kuzatib turgan yoshgina xodimlarning o‘zi birinchi navbatda jonlarini saqlab qolishga harakat qilib yugurishmaydimi?

Yana bir jihat: Toshkentdagi ko‘plab savdo koplekslari eskalatorlari shunday qurilganki, deylik, to‘rtinchi qavatdagi bolalar maydonchasiga chiqish uchun, albatta, qolgan qavatlarni ham «sayr» qilishga majbursiz. Chunki bir qavatdan ikkinchisiga ko‘tarilishda eskalatorlar binoning narigi burchagiga joylashtirilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad tushunarli —  mijozlarni boshqa tovarlarga ham qiziqtirish. Ammo xavfsizlik masalasi-chi? Bu holat biror kor-hol ro‘y bergudek bo‘lsa, odamlarni evakuvatsiya qilishda muammo tug‘dirmasligiga kim kafolat beradi?

Bizdagi tirbandlik Rossiya shaharlaridan oshib ketgan. Yanada xavfli tomoni haydovchilarimizda ko‘cha madaniyati ko‘ngildagidek emas. Ming marta ogohlantirishlarga qaramay savdo markazlari atrofi hamisha tiqilinch bo‘ladi. Kutilmagan vaziyat sodir bo‘lsa, o‘t o‘chiruvchilar yetib kelganlari bilan binoga yaqinlasholmay qolishlari hech gap emas. Har bir haydovchi shu binolar ichida o‘zining farzandlari kabi bolalar, yaqinlaridek insonlar borligini, ularning xavfsizligini ham o‘ylash shartligini anglab yetishi kerak.

Yana bir jihat – bunday maskanlardagi olovdan ogohlantirish, o‘t o‘chirish moslamalari qay darajada ishlaydi? Profilaktika inspektorlarining nazorati jiddiymi yoki xo‘jako‘rsingami? Tekshirish va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida kelgan nozir ko‘pincha «ataganlarini olib» qaytib ketishini kim bilmaydi?

Ko‘rib turganingizdek, o‘ylab ko‘rishimiz shart bo‘lgan savollar bisyor.

Albatta, bizni o‘ylantirgan savollar rahbarlarimizning nazoratidan chetda qolmaydi. Toshkent shahar hokimining qaroriga muvofiq maxsus komissiya tuzildi va 28-mart kuni komissiya barcha yirik savdo-ko‘ngilochar markazlar, xususan «Megaplanet», «Samarqand darvoza», «Next» va «Magnit» maskanlarida favqulodda vaziyatlarda evakuatsiya masalalari o‘rganildi. Mijozlarni bezovta qilmagan holda yong‘indan himoyalanish va signalizatsiya tizimlari tekshirildi. Toshkent shahar IIBB YoXB vaziyatni muntazam nazorat qilib borishi, vaqti-vaqti bilan kutilmagan vaziyatlarda binoni tark etish mashg‘ulotlari o‘tkazib turilishi belgilandi.

Bunday tadbirlarga jiddiy qarash lozim. Yong‘in yuz bersa, o‘t o‘chiruvchilar bizning va farzandlarimizning hayotini saqlab qolish uchun bor kuchlari bilan harakat qiladilar. Ammo o‘zimiz, har birimiz bunday vaziyatga tushmaslik, tushganda ham zudlik bilan chiqib ketish choralarini ko‘rishimiz lozim.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring