«Qizimning tug‘ilgan kuniga mushuk sovg‘a qilmoqchiman. Kimda sotiladigan mushuk bor?»
Ijtimoiy tarmoqlarda uy hayvonlari bilan video va rasm joylash anchadan buyon urfda. Shu sababmi, bolalar va o‘smirlar orasida uyda zotdor mushuk-kuchuk boqishga qiziquvchilar ko‘paygan. Buni ijtimoiy tarmoqlardagi e’lonlardan ham bilsa bo‘ladi.
«Qizim/o‘g‘limning tug‘ilgan kuniga mushuk/kuchuk sovg‘a qilmoqchiman. Kimda sotiladigani bor?» kabi e’lonlarga Siz ham duch kelgandirsiz. Yoki o‘zingiz uyda biror hayvon boqmoqchidirsiz. Agar Sizni bu mavzu qiziqtirayotgan bo‘lsa, qaror qilishga shoshilmang. Haqiqatan ham uyda hayvon boqishga tayyormisiz? Uning mas’uliyati va xarajatlari haqida o‘ylab ko‘rganmisiz?
«Hovlida yashayman. Bolalar bilan o‘ynab yuraveradi»
Aksariyat hollarda kuchuk/mushuklar bolalarga ovunchoq sifatida olib beriladi. Bolalar ham bir necha kun qiziqib o‘ynaydi, boqadi. Keyin eski o‘yinchoqdek e’tibordan qoladi. Hovlidami yoki ko‘pqavatli uyda yashaysizmi – biror tirik jonzotni olib boqish mas’uliyatli ish. Bu keyingi 10-15 yil davomida uyingizda yashaydigan va sizdan doimiy parvarish so‘raydigan oilaning bir a’zosini qabul qilishdek gap. Shuning uchun, mushuk olishdan avval oilangiz va sharoitingizga mos keladigan zotdagisini aniqlab oling. Masalan, uyda yashashga moslashgan mushukni hovlida boqish hamma uchun muammo olib keladi. Mushuk uyga intilaveradi, Siz uni hovliga chiqaraverasiz. Qarabsizki, mushukda ham, Sizda ham halovat yo‘qoladi. Mushukning zoti, o‘ziga xosliklarini inobatga olmay «hovlida o‘ynab yuraveradi», qabilida xarid qilmang.
Bolalar uyda mushuk boqishni xohlayaptimi?
Judayam ko‘p takrorlanganidek, bolalarni jonli tabiatga mehrli qilib o‘stirish kerak. Shu bilan birga, mas’uliyatli qilib ham. Uyda biror hayvon boqmoqchimi, uning barcha baland-pastlarini oldindan bilishi, jonli narsaga nisbatan javobgarlikni his qila olishi kerak.
- Judayam xohlayaptimi? Xohish va imkoniyatlarni birgalikda ko‘rib chiqing. Mushuk o‘z egasiga to‘liq qaram bo‘lgan tirik mavjudot. Unga oziq-ovqat, parvarish, tibbiy ko‘rik, e’tibor kerak. Bularning hech birini o‘zi qila olmaydi. Egasidan kutadi.
- Oila a’zolarining hammasi uyda mushuk boqishga rozimi? Mushuk kelgach, uyda sharoit o‘zgarishini to‘liq tasavvur qila olishganmi? Masalan, gilam va yumshoq mebellardagi mushuk yunglari, baland ovozda miyovlashi, oshxona stolida sakrab o‘ynashi yoki shunchaki hidi noqulaylik tug‘dirishi mumkinligi haqida oldindan o‘ylab ko‘rish shart.
- Agar oila a’zolaridan kimdadir allergiya bo‘lsa, mushuk boqish fikridan qaytgan ma’qul. Ayrimlar hatto mushuk olgach, bir necha oydan keyin mushukka allergiyasi borligini bilib qoladi. Yaxshisi, buni oldindan tekshirtirib ko‘rish lozim.
- Hayvonlarga nisbatan mehr uyg‘otish, jonli tabiatga yaqinlashtirish uchun mushuk olib bergan bo‘lsangiz ham parvarishni bolaga to‘liq ishonib bo‘lmaydi. Kattalar nazorati ostida bo‘lishi kerak bu ish.
- Yana bir eng muhim masala – mushukning xarajatlari. Odatda zotdor mushuklarning xarajatlari ham katta bo‘ladi. Minimum qilib hisoblasak ham, eng arzon ovqati — 35000 so‘m va uni 15-20 kun yeyishi mumkin. Bundan tashqari, tovuq jigari, yuragi yoki filesi bilan ham boqiladi. Qumlari 5000-10000 so‘m atorofida va mushuk tozalikni yaxshi ko‘rgani uchun tez-tez almashtirishni talab qiladi. Cho‘miltirish uchun shampunlari 15000 so‘mdan, olib yurish uchun qafasi esa sifatiga qarab, 30000 so‘mdan boshlanadi. Bundan tashqari, uycha, o‘yinchoqlar olish kerak. Ko‘p qavatli uyda yashasangiz, derazadan tushib ketish ehtimoli katta – deraza oynalarga setka tutishga to‘g‘ri keladi. Tirnog‘ini o‘zingiz ololmasangiz, uni ham 15000-20000 so‘mga oldirib kelishingiz kerak. Shuningdek, emlash, profilaktika uchun dorilari, veterinarga qatnash xarajatlari ham bor. Bular sog‘-salomat mushuk uchun qilinadigan sarflar bo‘lsa, kasallanib qolganda qo‘shimcha xarajatlarga ham tayyor bo‘lishingiz kerak.
Qanday mushuk Sizga to‘g‘ri kelishi haqida ham oldindan o‘ylab ko‘ring
O‘zim uchun qulay qilib tarbiyalab olaman, deb juda kichkina mushukcha olish to‘g‘ri qaror emas. Chunki mushuk onasidan qanchalik erta ajratilsa, normal hayotga shuncha qiyin moslashadi. Yuvinish, xojatga chiqish kabi kerakli hayotiy saboqlarni u onasidan oson o‘rganadi. Amerikalik veterinarlar 7-9 haftalik mushuklarni olib boqishni tavsiya qiladi.
Yana bir muhim tomoni, kattaroq mushukning xarakteri shakllangan bo‘lib, siz o‘zingizga mosini tanlab olasiz. Bu narsa keyingi muammolarni kamaytiradi. Ba’zi mushuklar ko‘proq muloqot qilib, birga o‘ynashni xohlaydi. Ularga yetarlicha vaqt ajratilmasa, agressivlasha boshlaydi. Ayrimlari mustaqil bo‘lib, ko‘p ham erkalatib o‘ynatishingizni yoqtirmaydi. Shuningdek, uydagi boshqa hayvonlarni ham hisobga olishni unutmang. Agar tuvak gullar bo‘lsa, mushuk ularni sindirishi, kovlashi mumkin. Tuvak gullarga qiziquvchilar uchun bu narsa anchagina asabbuzarlik olib keladi.
Uy jihozlari va devor gulqog‘ozlarining qirilishiga chidamlimisiz? Uy mushuklari uydagi deyarli hamma buyumlarni o‘yinchoq hisoblaydi. Tez-tez safarlarga chiqib tursangiz yoki erta ketib, kech uyga qaytsangiz va mushukka vaqt ajratish imkonsiz bo‘lsa, ovunchoq sifatida mushuk boqmang.
Kimgadir kuchuk yoki mushuk sovg‘a qilish to‘g‘ri qaror emas!
Tug‘ilgan kun, bayramlarda original sovg‘alar bilan yaqinlarni xursand qilish yaxshi fikr. Ammo bu sovg‘a tirik jon bo‘lishi kerak emas. Mushuklarni juda yaxshi ko‘radigan dugonangizga shiringina mushuk bolasini qutiga solib sovg‘a qilish fikridan qayting. Biror tirik jonzotni uyiga qabul qilib, unga g‘amxo‘rlik qilish mas’uliyati haqida har kim o‘zi qaror qilishi lozim. Aks holda, «Mushugimni yaxshi qo‘llarga sovg‘a qilaman. Bizga to‘g‘ri kelmadi, boqolmadik...» kabi e’lonlar berishingizga to‘g‘ri kelishi mumkin.
Jamoatchilik faollari tomonidan tashkil etilgan hayvonlar uchun boshpanalarga ham shu kunlarda mushuk va kuchuklar qabul qilinmayapti. Qiziqib qo‘ng‘iroq qilganlarimning deyarli barchasida bir xil javob: «O‘zimizda mingdan oshiq bor, boqishga qiynalayapmiz. Joy yo‘q hozircha...» Uyda saqlash imkonsiz darajaga kelib, boshpana ham topolmagach, hatto adashtirib keladiganlar yo‘q emas, afsuski.
Yuqoridagi tavsiyalar uyda boqiladigan deyarli barcha hayvonlarga umumiy tarzda mos keladi. Biror uy hayvoni olishdan avval har tomonlama o‘ylab ko‘ring.
Dilroz Abrayeva
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter