Yozda tanani suvsizlanishdan qutqaradigan 10 ta meva va rezavor
Yozning issiq kunlarida tana ko‘p miqdorda suyuqlikni yo‘qotadi. Shuning uchun tanadagi suv muvozanatini saqlash muhim. Bunda nafaqat ichimlik suvi, balki sharbatlar yoki choy yordamga keladi. Ba’zida esa bu uchun suvli mevalar yoki rezavorlar tanovul qilish ham mumkin.
Garvard universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, suv tana haroratini tartibga solishga yordam beradi, infeksiyalarning oldini oladi, hujayralarga ozuqa moddalarini etkazib beradi va uyquni yaxshilaydi.
Suv iste’molida har bir insonga mos keladigan universal norma yo‘q: kimdir issiqda quyosh tig‘i tagida ishlaydi, kimdir sport bilan ko‘p shug‘ullanadi. Shu sabab mutaxassislar har safar chanqaganda suv ichishni tavsiya qiladi.
Shifokorlar va diyetologlarning fikricha, ba’zi mevalar xuddi suv kabi tetiklantiruvchi va suvsizlanishning oldini oladi.
Quyida organizmni vitaminlar bilan to‘yintirish va tetiklanish uchun issiqda qanday meva va rezavorlarni yeyish mumkinligi haqida to‘xtalamiz.
- Tarvuz
Tarvuz 92 foiz suvdan iborat. Shuning uchun u haqiqiy chanqoqni qondiruvchi vosita hisoblanadi. Tarkibida esa C va A vitaminlari hamda kaliy saqlaydi.
Kaliy tanadagi suv muvozanatini saqlashga yordam beradi va mushaklardagi spazmni kamaytiradi.
- Qulupnay
Qulupnay ham 92 foiz suvdan iborat. Bundan tashqari, rezavorlar kletchatka, vitamin C, kaliy, kalsiy, fosfor kabi foydali moddalarga ham boy. Kletchatka esa qondagi shakarni nazoratda ushlab turadi va yurak xastaliklarida yordam beradi. Diabet xavfini kamaytiradi.
Kuniga 1 stakan qulupnay iste’moli qon bosimi va xolesterin darajasini pasaytirishga yordam berishi aytiladi.
- Greypfrut
Greypfrutning tarkibi 91 foiz suvdan iborat. Shuningdek, u kaliy va S vitaminiga boy. Kaloriyasi juda past meva hisoblanadi (kichik greyfurtda 64 kaloriya). Ushbu sitrus qon bosimini nazorat qilishga ham yordam beradi va 2-darajali diabet xavfini kamaytiradi.
Parhezshunoslar sportdan keyin greyfurt yeyishni tavsiya qiladi.
- Qovun
Qovun issiq kun uchun eng zo‘r «taom». Uning tarkibida 90 foiz suv va boshqa ko‘plab foydali moddalar mavjud. Masalan, A va C vitaminlari, kletchatka va beta-karotin kabilar.
- Shaftoli
Shaftoli va olxo‘ri kabi mevalar deyarli 90 foiz suvdan iborat. Shaftolida A va C vitaminlari, shuningdek, kletchatkaga ham boy.
- Malina
Malina 87 foiz suvdan iborat. Bir piyola rezavor 8 gramm kletchatkani o‘z ichiga oladi, bu kunlik qiymatning deyarli 30 foizini tashkil qiladi. Malina shuningdek, S vitamini va antioksidantlarga boy hisoblanadi.
- Ananas
Ananas nafaqat 87 foiz suv, balki juda ko‘p oziq moddalarini ham o‘z ichiga oladi. Masalan, unda vitamin C, kalsiy, magniy, fosfor va mis mavjud.
Shuningdek, uning tarkibida oqsil va hazm qilishga yordam beruvchi bromelin deb ataladigan ferment ham mavjud.
- Klyukva
Ananas kabi klyukva ham 87 foiz suvdan iborat. Bir chashka rezavorlar tarkibida 14 milligramm C vitamini va 3,6 gramm kletchatka mavjud.
- Apelsin
Apelsinlar ham tarkibida juda ko‘p suv saqlaydi – 80 foiz. Apelsin nafaqat tanani suv bilan ta’minlaydi, balki ular organizmni vitamin C, kaliy va antioksidantlar kabi oziq moddalar bilan ham to‘yintiradi.
O‘rtacha apelsinda 70 milligramm S vitamini mavjud, bu tavsiya etilgan kunlik qiymatning 78 foizini tashkil qiladi. Shuningdek, u 237 milligramm kaliyga ega, bu kunlik qiymatning 5 foizi deganidir.
- O‘rik
O‘rik ham tanani suyuqlik bilan ta’minlash (tarkibi 86 foiz suvdan iborat) bilan birga yaxshi ochlikni qondiruvchi meva hamdir. O‘rikda beta-karotin ham ko‘p, shuningdek, A va S vitaminlari mavjud. Bitta o‘rikda 3,5 milligramm S vitamini mavjud, bu tavsiya etilgan kunlik iste’molning 4 foizini tashkil qiladi.
Yozda yangi o‘riklarni iste’mol qilish lozim. Ularning yangi pishib yetilgani vitaminlarga boy bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter