XV Toshkent xalqaro kinofestivali ishtirokchilari Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi
«Ipak yo‘li durdonasi» XV Toshkent xalqaro kinofestivali ishtirokchilari O‘zbekiston Prezidenti nomiga murojaatnoma qabul qildilar.
Kinoijodkorlar o‘z murojaatida Prezident Shavkat Mirziyoyevga mehmondo‘stlik va Festivalda yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdilar va bundan keyin ham soha rivoji yo‘lida g‘ayrat bilan xizmat qilishga tayyor ekanliklarini ma’lum qilishdi.
Kinoijodkorlar Toshkent kinofestivalining geografiyasi yil sayin kengayib borayotganini ta’kidlab o‘tdilar:
– 1958 yildan boshlangan Toshkent xalqaro kinofestivali Sizning tashabbusingiz bilan 2021 yilda qayta tiklandi. Birinchi kinofestivalda Osiyo va Afrika davlatlari ishtirok etishgan, keyinchalik ular qatoriga Lotin Amerikasi kinoijodkorlari ham qo‘shilgan. Bugun esa yangi formatda qayta tiklangan kinofestivalga «Tinchlik, taraqqiyot va ma’rifat» shiori ostida dunyoning 51 davlatidan 300 dan ortiq kinoijodkorlar yig‘ildi.
Barcha kinoijodkorlar Toshkent kinofestivali doirasida o‘tkazilgan va o‘nlab xorijiy kinoijodkorlar ishtirok etgan o‘ziga xos keng hamda puxta o‘ylangan ta’lim dasturini alohida ta’kidlab o‘tdi:
– XV Toshkent kinofestivalida nafaqat O‘zbekiston, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlarining yosh avlodi uchun mo‘ljallangan ta’lim dasturlari va ijodiy uchrashuvlarga alohida e’tibor qaratildi. 51 mamlakatning taniqli kinoijodkorlari 6 ming nafar kino san’ati ixlosmandlari uchun 50 dan ortiq mahorat darslarini o‘tkazdi.
Murojaat mualliflari Yangi O‘zbekistonda industrial infratuzilmaning jadal va kuchli rivojlanayotgani haqida gapirib o‘tishdi:
– Alisher Navoiy nomidagi Kinochilar uyi, Kino tarixi muzeyi, qayta tiklangan «O‘zbekfilm» kinokonsernining yuqori texnologiyali pavilonlarida bo‘ldik, texnik jihozlar va 3D-studiyalar, Toshkent shahridagi DSP proyeksiyali zamonaviy kinoteatrlar va boshqa ko‘plab yangiliklar bilan tanishdik. Ixtisoslashgan ta’lim muassasalarining ochilishini milliy kino kelajagi uchun muhim hissa sifatida qabul qilish mumkin.
Murojaatnoma yakunida XV Toshkent xalqaro kinofestivali ishtirokchilari Yangi O‘zbekiston kino san’atini rivojlantirishda yordam ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini bildirib o‘tdi:
— Biz kino rivojiga professional hissamiz bilan yordam berishga tayyormiz. Bu nafaqat kino sanoatini yana-da rivojlantirishga, balki yangi avlod ta’lim va tarbiyasiga ham xizmat qiladi. XV Toshkent xalqaro kinofestivalining barcha ishtirokchilari nomidan mehmondo‘stlik va yaratilgan shart-sharoitlar uchun samimiy minnatdorlik bildirishga, mustahkam sog‘lik va Yangi O‘zbekiston farovonligi yo‘lidagi sa’y-harakatlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilashga ijozat bergaysiz.
Murojaat ostida yuzlab mashhur kino namoyandalari o‘z imzolarini qoldirishgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter