Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent xalqaro kinofestivali yakuni bo‘yicha barcha savollarga javob berildi

Toshkent xalqaro kinofestivali yakuni bo‘yicha barcha savollarga javob berildi

«Ipak yo‘li durdonasi» XV Toshkent xalqaro kinofestivalining yakunlari bo‘yicha bugun, 6 oktyabr kuni Renessans kino uyida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Ochilish marosimida so‘zga Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov, N.I.C.E. italyan filmlari festivali rahbari Viviana Del Byanko, «Yevroosiyoni o‘raganamiz» xalqaro assotsiatsiyasi direktori Antonio Falliko va boshqalar so‘zga chiqib, ushbu festivalning ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarda tutgan o‘rni haqida gapirdi.

Shuningdek, Viviana Del Byankoga Toshkent xalqaro kinofestivalining statuyetkasi topshirildi. Antonio Fallikoga esa o‘zbek choponi va do‘ppisi taqdim etildi. Shuningdek, Italiya delegatsiyasi a’zolariga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Ochilish marosimi davomida «Marko Poloning O‘zbekistonga safari» filmidan qisqa rolik namoyish etildi. XV Toshkent xalqaro kinofestivalida Italiya delegatsiyasining ishtiroki va italyan filmlarida kiyilgan kostyumlar ko‘rgazmasi alohida ta’kidlandi.

Keyin esa sahnaga press-konferensiya spikerlari agentlik direktori o‘rinbosari Shuhrat Rizayev, Kinoarboblar uyushmasi raisi Matyoqub Matchanov, Yoshlik kinostudiyasi direktori Akrom Shohnazarov va «O‘zbekfilm» kinokonserni direktori Bahodir Odilov taklif etildi. Konferensiya davomida festivalga atalgan roliklar namoyish etilib, spikerlar har bir tadbir bo‘yicha hisobot berdi.

Matbuot anjumani so‘nggida OAV xodimlari va blogerlar XV Toshkent xalqaro kinofestivali bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Ma’lumot uchun, joriy yilgi kinofestivalda 50 dan ortiq davlatdan 300 ga yaqin mehmon ishtirok etdi.

Eslatib o‘tamiz, biroz vaqt muqaddam Toshkent xalqaro kinofestivalida mehmon bo‘lgan ijodkorlar O‘zbekiston Prezidentiga murojaat yo‘llagani haqida xabar berilgan edi. Murojaatda davlat rahbariga mehmondo‘stlik va festivalda yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring