Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chopon kiygan Daniyel, yulduzlarni jamlagan Samarqand

Chopon kiygan Daniyel, yulduzlarni jamlagan Samarqand

Samarqandga oxirgi marta 2 yil oldin borgandim. Shaharning boy tarixi, qadimiy obidalarini ko‘rgan inson xuddiki vaqt ortga qaytib o‘tmishga tushib qolgandek bo‘ladi. Yildan yilga shaharni ko‘rish uchun kelayotgan xorijliklar soni ham ortib bormoqda. Endilikda yurtdoshlarimiz va sayyohlar uchun yana bir ajoyib maskan paydo bo‘lgan – Samarqandda tashkil etilgan «Boqiy shahar» majmuasi haqiqatan mehmon kutadigan joy bo‘libdi.

«Boqiy shahar»da O‘zbekiston zamini va xalqlarining tarixi va an’analari bilan tanishish mumkin bo‘lgan haqiqiy qadimiy shahar qad rostlagan. Tor ko‘chalarda rassomlar, hunarmandlar va duradgorlarning do‘konlari joylashgan va bu yerda siz go‘zal sharqona ertak muhitiga sho‘ng‘iysiz. Firuza gumbazlar, saroy devorlaridagi mozaikalar va osmon qadar minoralar.


2 oktyabr kuni ushbu majmuada «Ipak yo‘li durdonasi» XV Toshkent xalqaro kinofestivalining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 400 ga yaqin kinoijodkorlar, aktyor va aktrisalar, rejissyor va kinooperatorlar, prodyuser va kinotanqidchilar, kinoshunos olimlar qatnashdi.

Tantanali marosimga dunyo tanigan yulduzlarning tashrifi uning mohiyatini yanada oshirdi. O‘smirlik vaqtimda kinoda ko‘rib, hayotda ham uchrataman deb o‘ylamagan yulduzlarim bilan yuzma-yuz bo‘ldim. Ayniqsa bir aktyorning filmdagi abjirligi, topqirligi, mashinani mohirona boshqarishi, Marsel politsiyasi doim uni radarlar bilan ta’qib qilishini yaxshi eslasangiz kerak. Gap kim haqida ketayotganini topdingiz, albatta! Sami Naseri – fransiyalik mashhur aktyor, dunyoga «Taksi» filmi bilan tanilgan yulduz.


Shahar suv bo‘yida bo‘lganligi sababli tungi vaqtda ancha salqin tushib qoldi. Mehmonlar sovqotmasliklari uchun o‘zbekcha milliy choponlar tarqatildi. Bu o‘zbekona libosdan «Yetti», «Amerikancha go‘zallik» filmlari bilan tanilgan amerikalik Kevin Speysi ham bebahra qolmadi.


Ta’kidlash lozim, men ham jurnalist sifatida ishtirok etgan 5 kunlik kinofestival ancha ko‘tarinki ruhda o‘tkdi. Marosim yakunida Markaziy Osiyo filmlari tanlovi g‘oliblari e’lon qilindi. Unga ko‘ra Tojikistonning «Fortuna» filmi Festival direksiyasining maxsus sovriniga, qozog‘istonlik rejissyor Maksim Akbarovning «Sahro» kinokartinasi eng yaxshi debyut nominatsiyalariga loyiq ko‘rildi.

Eng yaxshi aktyor Dastan Aybek «Shuvoq hidi», eng yaxshi aktrisa Talaaykan Abazova «Esimda», eng yaxshi rejissyor esa Darxon Tulegenov («Aka-ukalar» filmi) deb topildi. Hakamlar hay’atining maxsus mukofoti Adilxan Erjanovning «Ademokaning sabog‘i» filmiga nasib etdi. Eng yaxshi film nominatsiyasiga o‘zbekistonlik rejissyor Shokir Xoliqovning «Yakshanba» filmi loyiq ko‘rildi.

Javohir Aliqulov
Toshkent - Samarqand

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring