Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Transport infratuzilmasi loyihalari – iqtisod o‘sishining asosiy tamoyili

Transport infratuzilmasi loyihalari – iqtisod o‘sishining asosiy tamoyili

6-iyul, payshanba kuni  kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan «Sheriklik tashabbuslari haftaligi» doirasida «Yirik transport infratuzilma loyihalarini amalga oshirish tajribalari – iqtisod o‘sishining asosiy tamoyili» hamda «O‘zaro bog‘liqlikni barcha transport sohalarda rivojlantirish: dolzarb takliflar va yechimlar» mavzularda panel sessiyalari bo‘lib o‘tdi.

Unda qator davlatlarning transport vazirlari hamda xalqaro tashkilot va kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida xorijlik mutaxassislar har bir mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishida hal qiluvchi o‘rinni  egallagan transport sohasida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish tajribalariga to‘xtalib o‘tgan.

Shuningdek, xalqaro yuk tashuvlari va logistikani rivojlantirish orqali davlatlar va mintaqalar o‘rtasida xalqaro savdoni kengaytirish, barqaror iqtisodiy o‘sish va farovonlikni ta’minlashda birgalikdagi sa’y-harakatlarning ahamiyati yuzasidan fikr almashildi.

Ta’kidlash joizki, tadbir davomida o‘zaro bog‘liqlikni barcha transport sohalarda rivojlantirish yuzasidan dolzarb takliflar ilgari surildi.

Mazkur yo‘nalishda yangi transport koridorlarini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan loyihalar alohida e’tirof etildi.

Jumladan, O‘zbekiston transport vaziri O‘zbekiston–Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘li qurilishi hamda Xitoy–Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi kabi transport-logistika yo‘nalishidagi istiqbolli loyihalarni e’tirof etib, bugungi global o‘zgarishlar davrida tarnsport tarmog‘ini rivojlantirish muhim masala ekanini ta’kidladi.

«Markaziy Osiyoning jahon bozorlarida raqobatbardoshligini ta’minlash maqsadida mintaqadagi iqtisodiy manfaatlarimizni yanada faol ilgari surish vaqti keldi.

Umid qilamanki, ushbu forumda ochiq fikr almashish va yangi, ilg‘or g‘oyalarni ilgari surish qo‘shma tashabbuslarni shakllantirishga yordam beradi.

Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz orqali transport tarmog‘ini xalqlarimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qiluvchi yanada samarali, izchil rivojlanayotgan xavfsiz sohaga aylantira olishimizga ishonch bildiraman», – deydi vazir.

O‘z navbatida Qirg‘iz Respublikasi transport va kommunikatsiyalar vaziri Tilek Tekebayev ham «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishi loyihasi haqida to‘xtalar ekan, loyiha «Markaziy Osiyoni butun bir logistika xabiga, ya’ni jahonning muhim  bozoriga aylantirishga hissa qo‘shishi»ni ta’kidlaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring