Diqqat: Jamoat joyda, transportda – baqirib gaplashmang!

«Oshxonaga kirib ovqatga buyurtma berdim, narigi stolda o‘tirgan yigit baland ovozda shang‘illab gaplashayapti, ma’lum bo‘lishicha, qaysidir ishi o‘xshamayotgan ekan. Men ovqatlanib bo‘ldim, lekin anavi yigit haliyam telefonni o‘chiray demas, oldidagi taom allaqachon sovigandi...»
«Bir kuni avtobusda ketayapman, oldimdagi yigit telefonda xuddi yonida hech kim yo‘qdek hangomani boshlab yubordi: qayerdan ishdan bo‘shagani, kim pulini bermagani, kim uni tushirgani... xullas avval uning anqov va noshudligini faqat yaqinlari bilgan bo‘lsa, endi ko‘pchilik bildi...»
Xullas bunday voqealarning tez-tez ishtirokchisi bo‘lamiz yoki guvohi... Ya’ni siz ham bir necha bor shunga o‘xshash vaziyatga duch kelgansiz. Tasavvur qiling, ertalab ishga otlandingiz, oldinda qiyin va mashaqqatli kun bor yoki ishdan charchab qaytayapsiz, ko‘zingizni yumib tin olasiz va birdan yoningizdagi yo‘lovchi telefonini olib, suhbatdoshiga nimanidir tushuntira boshlaydi. Yoki shunchaki mayda-chuyda gaplar. Yana kimdir messenjerda nafaqat xabarlarni, balki ovozini ham o‘chirmasdan suhbatlashmoqda, videoni boshqa bir kishi quloqchinsiz tomosha qilmoqda.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bizning hissiy holatimizga atrofimizdagi tovushlar bevosita ta’sir qiladi. Musiqa hatto quloqchinlardan bilinar-bilinmas eshitilib turishi odamlarda turli xil his-tuyg‘ularni qo‘zg‘atishi mumkin, jumladan tajovuzkorlikning kuchayishi, asabiylashish va diqqatni jamlay olmaslik. Ko‘pincha, norozi yo‘lovchilar sukut saqlashni va vaqtinchalik noqulayliklarga dosh berishni afzal ko‘radilar. Biroq, jiddiy voqealar ham sodir bo‘ladi, masalan, 2017-yilda Londonda noma’lum bir kishi telefonda baland ovozda gaplashayotgan yo‘lovchidan shunchalik g‘azablanganki, jahli chiqqanidan qulog‘ining bir qismini tishlab olgan.
Yaqinda Moskvadagi jamoat transportida minglab yo‘lovchilar orasida so‘rov o‘tkazildi va ularning aksariyati (94%) yo‘lda jamoat joylarida musiqa tinglash yoki film tomosha qilishga salbiy munosabatda ekanligi aniqlandi. Bundan tashqari, ushbu raqamning 13 foizi muammoni «jismoniy kuch» bilan hal qilishga tayyorligini tan oldi. Tasavvur qilayapsizmi, ba’zi odamlar siz baqirib gaplashayotganingizda urib yuborishga ham tayyor. Albatta bunday kuch ishlatish qonunan mumkin emas va qoralanadi, lekin atrofdagilarning tinchini buzib telefonda baqirib gaplashish ham zo‘ravonlikning bir turi...
Dunyoning juda ko‘plab, masalan AQSh, Avstraliya kabi mamlakatlarda transportda baqirib gaplashmaslik uchun qat’iy qoidalar o‘rnatilgan.
Deyarli barcha yaponiyaliklar telefonlarini poyezd yoki avtobusda tinchlik rejimiga o‘rnatadilar va hech qachon qo‘ng‘iroqlarni qabul qilmaydi yoki baland ovozda gaplashmaydi. Singapurda jamoat transportida odobsiz so‘zlar ishlatish yoki yuqori ovozda gaplashish uchun qator jarimalar mavjud.
Jarimalarning miqdori jamoat transporti operatori tomonidan belgilanadi va bu miqdor turlicha bo‘lishi mumkin.
Parijda jamoat transportida tinchlikni buzganlar uchun bir necha jazo choralari bor. Bu choralar jamoat transporti xavfsizligini ta’minlash va fuqarolarning huquqlarini himoya qilish maqsadida qo‘llaniladi. Qattiq ovozda gaplashib tinchlikni buzgan shaxslarga ma’muriy jarimalar tayinlanishi mumkin. Hatto bir necha bor transportda yurish qoidalarini buzgan yo‘lovchilar muayyan vaqt davomida transport vositalaridan foydalanish taqiqlanadi.
Germaniyaning metro va poyezdlarida madaniy javobgarlikni qadrlagan holda, baland ovoz bilan gaplashish mumkin emasligi haqida ogohlantiruvchi belgilar mavjud.
O‘zbekistonda hech qachon «tinchlikni saqlang», «telefonda gaplashmang», degan mazmunda yozilgan eslatmalarga ko‘zim tushmagan – yo‘lovchining transportda yurish qoidalari degan savolimga faqat mana bu javoblarni topdim:
Avtobuslarda, taksilarda, yo‘nalishli taksilarda hamda shahar elektr transportida tamaki mahsulotini iste’mol qilish uchun ma’muriy javobgarlik.
Avtotransport vositalari va shahar yo‘lovchilar transportidan chiqindi yoki boshqa narsalarni tashlab yuborish uchun ma’muriy javobgarlik.
Shaharlararo qatnaydigan avtobusda chiptasiz yurish uchun ma’muriy javobgarlik.
Yo‘lovchining trolleybusda, tramvayda, shahar ichida va shahar atrofiga qatnaydigan avtobusda chiptasiz yurish uchun ma’muriy javobgarlik.
Kuni kecha damasda bir yo‘lovchi videochatni boshlab yubordi. Gaz bilan bog‘liq sohada ishlaydi shekilli ikkinchi tomondagi odamga shitning qaysi tugmasini bosishni telefon orqali o‘rgatib turdi. Suhbat tugaguncha bir 50 marta anavi tugmani bosing, anavi tugma, anavinisini bosing, degan gapni eshitdim. Yoki bo‘lmasa orqada o‘tirgan uch nafar ayolning har biri yo‘lning oxirigacha telefonni qo‘lidan qo‘ymadi, keraksiz mavzular, turmush ikir-chikirlari – bo‘lib ham eng mayda gaplar, biror zarur gap yo‘q, masalan: mastava qilmoqchi bo‘lgani, oshqovoq olishni unutgani, qaynonasining injiqligi... Nahotki odamlar o‘zining uyida bo‘layotgan voqealarga boshqa begonalarni ham sherik qilishdan uyalmasa degan fikr o‘tadi, beixtiyor xayoldan.
Facebook sahifamga qo‘yilgan postga esa juda ko‘pchilik yonidagi odamning telefonda baland ovozda gaplashishidan g‘ashi kelishini izohlarda qoldirgan:
Hafiza Salyaxova: «Men ham shuni damas chiqqan yillardan buyon orzu qilaman!»
Musavvara Ibragimova: «Juda to‘g‘ri, damas haydovchilaridan biri bilan men ham yaqinda xuddi shu mavzuda gap talashib qoldim, haydovchining o‘zi to‘xtovsiz telefonda gaplashib ketdi.»
Olima Sharif: «To‘g‘ri odamlar mashina yurishini kutib turadi, yurishni boshlagandan telefonlar ishga tushadi.»
Nasiba Rajabova: «Bir kuni qo‘shnim bilan avtobusda ketayotgandik, ovozining boricha eri bilan telefonda qayerga borganimiz, nima yeganimiz, nima sotib olganimiz – hammasi haqida telefonda baralla gaplashdi. Hammasidan qizig‘i boshqa yo‘lovchilar oldida men hijolat bo‘ldim.»
Va mana bu izohlar hammasidan ham ko‘ra odamni o‘ylantirishi tabiiy...
Zulxumor To‘laganova: «Men ham oxirgi payt ahamiyat berishni boshladim. Aksariyat o‘zbek ayollari ko‘chada atrofni tomosha qilib xotirjam aylanishmas ekan, albatta manziliga yetib olish uchun kimgadir telefon qilishga tushishadi, ko‘chada va taksida. Eng dahshatlisi, svetoforda yo‘lni kesib o‘tishayotganda ham qo‘lidan telefonini qo‘yishmaydi. Hayronman, jimgina fikrlarini bir joyga to‘plab xayol surib ketishdan shunchalik qo‘rqishadimi?»
Madina Xodjamkulova: «Fikringizga qo‘shilaman, chunki aksariyat ayollarimiz asabiy kayfiyatda bo‘ladi doim va o‘zi bilan o‘zi yolg‘iz qolishdan juda qo‘rqishadi.»
Rostdan ham eng bo‘lmaganda, transportda, ko‘chada o‘zingiz bilan yolg‘iz qolishdan qo‘rqasizmi, axir aynan transport va ko‘chada yolg‘iz biror joyga borish, atrofni kuzatish, xayollarni bir joyga yig‘ish va tabiatdan bahra olish uchun imkoniyat emasmi? Hayotning tashvishlari va muammolarini unutish uchun ham biroz telefondan va turli «dedi-dedi»lardan «parhez» qilish ham kerakku. Shunda nafaqat o‘zingizga, balki atrofingizdagilarga ham xotirjamlik va halovat ulashgan bo‘larmidingiz?
Barno Sultonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter