Transport vositalaridan chiqindi tashlaganlik uchun jazo chorasi kuchaytiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksga transport vositalaridan chiqindi tashlaganlik uchun jazo chorasi kuchaytirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritilishi ko‘zda tutilgan. Bu haqda 2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasida belgilab qo‘yilgan.
Negaki chiqindilar atrof-muhitni ifloslantiruvchi asosiy vositalardan hisoblanadi va aksariyat chiqindilar, xususan, plastiklar uzoq muddat chirimaydi va tabiatga zarar yetkazadi. Transport vositalari haydovchilari ko‘chaga tashlaydigan chiqindilarning aksariyat qismini esa aynan plastik idishlar tashkil etadi.
Ma’lumot o‘rnida: Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 91¹-moddasida belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlagan jismoniy shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 3 baravarigacha, yuridik shaxslarga esa 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima qo‘llash belgilangan. Vaholanki, dunyo tajribasida bunday huquqbuzarliklarga katta miqdorda jarimalar qo‘llaniladi. Shuning uchun bizda belgilangan jarima miqdorini ham ko‘paytirish, jazo chorasini kuchaytirish lozim (masalan, huquqbuzarlik birinchi marta sodir etilganda BHMning 3-5 baravari, takroriy holatda esa 10-15 baravari).
Baholashlarga ko‘ra, haydovchilar va yo‘lovchilar ko‘chalardagi chiqindilarning asosiy manbai hisoblanadi. Masalan, Buyuk Britaniyada yiliga yo‘llardan taxminan 200 000 qop chiqindi yig‘ishtirib olinadi, bu chiqindilar tarkibiga fastfud qadoqlari, tamaki qoldiqlari, plastik butilka va boshqalar kiradi.
Tadqiqotlarga qaraganda, yo‘llardagi barcha chiqindilarning taxminan 53 foizi avtomobillar haydovchilari va yo‘lovchilari tomonidan tashlab ketilar ekan. Bu chiqindilar orasida tamaki qoldiqlari, ovqat va ichimlik qadoqlari, plastik butilkalar hamda qog‘oz mahsulotlari ko‘p uchraydi.
O‘tgan yilgi ma’lumotga ko‘ra, Toshkent shahrida 638,8 mingdan ortiq transport vositasi mavjud, unga qo‘shimcha ravishda bir kunda poytaxtga o‘rtacha 150 mingdan 300 mingggacha transport vositasi kirib keladi. Endi tasavvur qiling, bir kunda har 10 ta avtomobildan bittasidan chiqindi tashlanganda ham Toshkent ko‘chalari bir kunda 15 mingdan 30 mingtagacha chiqindi bilan to‘ladi. Bu esa salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi tayin.
Yuqoridagi raqamlar avtomobillardan chiqindi tashlash jiddiy muammo ekanligini va bu holat alohida e’tibor hamda yechimlarni talab qilishini ko‘rsatib turibdi. Shuning uchun ham konsepsiyada aynan shunday huquqbuzarliklarga nisbatan jazo choralarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter