Toshkentda Alisher Usmonov nomi bilan firibgarlik qilganlar ushlandi

Telegram ijtimoiy tarmog‘ida «Alisher Usmonov aksiyasi» nomli 200 dan ortiq guruh ochib, fuqarolarni «Aksiyada 20 million so‘m mukofotiga ega bo‘ldingiz» kabi so‘zlar bilan aldab, pul mablag‘larini o‘zlashtirayotgan 7 nafar shaxs qo‘lga olindi.
Toshkent viloyati IIBB bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Ohangaron shahrida yashovchi 25 yoshli (Sh.B.) o‘z xonadonida Farg‘ona viloyatida yashovchi 18-25 yosh orasidagi 6 nafar shaxslarni jalb qilgan holda Telegram orqali «Alisher Usmonov aksiyasi» nomi bilan 200 dan ortiq guruh ochib, faoliyat yuritgan.
Guruhda fuqarolarga yutuq chiqqanligi haqida yolg‘on ma’lumotlar yuborilib, yutuqni olish uchun badal puli talab qilingan va turli miqdordagi pul mablag‘larini boshqa shaxslar nomidagi bank kartalariga tushirib o‘zlashtirganliklari aniqlangan.
Tadbir davomida mazkur xonadondan 4 dona kompyuter, 11 dona telefon, Wi-Fi qurilmalari hamda turli bank kartalari daliliy ashyo sifatida olindi.
Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, ushbu guruhning har bir a’zosiga alohida vazifa belgilangan. Bir shaxs soxta chek tayyorlab, guruhlarni nazorat qilsa, boshqasi reklama tarqatish va guruhlarga odam yig‘ish bilan shug‘ullangan.
Shuningdek, yana biri fuqarolar bilan muloqotga kirishish vazifasini bajargan bo‘lsa boshqasi kunlik pul tushumlarini bankomatlar orqali naqdlashtirish bilan shug‘ullangan.
Mazkur holat yuzasidan ushlangan shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter