Toshkent shahri va yana ikki viloyat iste’molchilari belgilangan issiqlik ta’minotini ololmayapti – vazirlik
So‘nggi kunlarda Respublika hududlarida elektr ta’minotida uzilishlar yoki gaz bosimining pastligi kuzatilmoqda. Bu esa isitish sifatiga ham ta’sir qilgan.
Uy-joy xizmat ko‘rsatish vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, tizimdagi qozonxonalar jami 495 tani tashkil qiladi. 492 tasi mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda ish faoliyatini davom ettirmoqda. Toshkent, Xorazm va Farg‘ona viloyatlarida joylashgan 21 ta qozonxonada gaz bosimining me’yorida bo‘lmaganligi bois iste’molchilar belgilangan parametrlardan past ko‘rsatkichda issiq suv va issiqlik energiyasi bilan ta’minlanishiga sabab bo‘lmoqda. Gaz bosimi me’yorida bo‘lmaganligi tufayli 3 ta qozonxonani vaqtincha o‘chirishga to‘g‘ri kelgan.
Albatta, bu holatda issiqlik ta’minoti uchun mas’ul tashkilotlar vaziyatni yaxshilash va favqulodda holatlarni oldini olish uchun o‘zaro hamkorlikda ishlamoqda. Mutaxassislar muammoli hududlarni aniqlash uchun joylarga borib, issiqlik energiyasini qayta taqsimlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirib bormoqda.
Qayd etilishicha, Toshkent shahrida ham issiqlik energiyasi «Toshkent Issiqlik markazi», «Toshkent IES» va «Veolia Energy Tashkent»ning mahalliy qozonxonalarida tabiiy gazdan foydalangan holda ishlab chiqariladi.
«Poytaxtning Issiqlik markazi – 3, 5 va 9 qozonxonalari faoliyatida ham yuqoridagi holat kuzatilmoqda. Ushbu issiqlik markazlaridan Shayxontohur, Chilonzor va Uchtepa tumanlari aholisi va ijtimoiy obektlariga issiqlik energiyasi yetkazib beriladi.
Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilayotganini ma’lum qilamiz», – deyiladi vazirlik ma’lumotida.
Vazirlikning eslatishicha, gaz bosimining yetarli emasligi qozonxonalarning avtomatik tarzda o‘chishiga sabab bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter