Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi kerak – Konstitutsiyaviy qonun loyihasi

Soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi kerak – Konstitutsiyaviy qonun loyihasi

Ayni kunlarda muhokama qilinayotgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasida barcha sohalarda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari ta’minlanishiga erishish masalasi ustuvor qo‘yilmoqda. Shu nuqtai nazardan, unda soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi o‘rnatilmoqda.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, «Fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va yig‘imlarni to‘lashi shart. Soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak».

Ma’lumki, har qanday davlatning asosi — uning iqtisodiy qudrati, oddiy tilda aytganda, davlat budjeti hisoblanadi. Budjetning asosiy qismini esa soliqlar tashkil etadi. Soliqlardan tushgan pullar esa mamlakatni har tomonlama rivojlantirishga sarflanadi. Shu sababli har bir fuqaro qonun bilan belgilab qo‘yilgan soliqlarni to‘lashi shart. Bu davlat ravnaqiga, xalq farovonligiga qo‘shgan hissa deganidir.

Shu bilan birga, davlat ham fuqarolar uchun ortiqcha va og‘ir bo‘lgan soliqlar yoki boshqa yig‘imlarni joriy etmaslik bo‘yicha kafolat berishi, bu kafolat esa qonun bilan mustahkamlanishi kerak bo‘ladi.

Yangi Konstitutsiyaga Soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi shart deya belgilanayotgani ham shundan. Bu nima degani? Bu — davlat soliq va yig‘imlar joriy etayotganda aholi yoki tadbirkor uni to‘lay olishiga qurbi yetishini albatta inobatga oladi. Ortiqcha va mantiqsiz soliqlardan, turli yig‘imlardan voz kechiladi. Soliq siyosati esa yildan yilga soddalashtiriladi, odamlar uchun manfaatli bo‘lishi ta’minlanadi.

Oxirgi yillarda tadbirkorlar to‘laydigan soliq turlari soni qisqartirildi, aholiga, biznesga soliq imtiyozlari qo‘llanildi, ayrim huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori tushirildi. Ayrim yig‘imlar 5 baravargacha (masalan, avtomobil oynalarini tusini o‘zgartirganlik uchun to‘lovlar) kamaytirildi.

Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarish esa ana shunday ijobiy o‘zgarishlar izchil va tizimli davom ettirilishi uchun huquqiy asos bo‘ladi.

Soliqlar va yig‘imlar ortiqcha yuk bo‘lmasligiga erishiladi. O‘z navbatida fuqarolar ham soliqlarni Vatan ravnaqi va xalq farovonligi uchun qo‘shiladigan hissa, daxldorlik hissi deya qabul qilishga erishish lozim.

Bir so‘z bilan aytganda Konstitutsiyaga «adolatli soliqlar» atamasining kiritilishi kelgusida aholi uchun, albatta manfaatli bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring