Qo‘rboshining kesilmagan boshi
– Menim boshimni kesib olib ket, – dedi Sa’dulla hamrohiga. – Toki bir umr kofirlarga egilmagan boshim o‘limimdan keyin ham ular qo‘liga tushmasin...
Ammo Shaltoy yarador qo‘rboshining aytganini qilmay, aksincha uning to‘pponcha va xurjunini olib, qochib ketdi. Yarador qo‘rboshi zo‘rg‘a sudralganicha shu yaqin atrofdagi bir uyga kirdi. Bu uydagi yolg‘iz kampir esa... uni mirshab bo‘lsa kerak, deb o‘ylab, mirshablar boshlig‘i Qoriyevga borib aytdi. Qoriyev to‘rt mirshab bilan kelib ko‘rsaki, yarador ancha yillardan beri qo‘lga tushira olmay yurgan qo‘rboshi Sa’dulla ekan.
Sa’dullabek qo‘rboshi Xorazmda 1920–1928 yillar davomida istiqlolchilik harakatini olib borgan shaxslardan bo‘lib, asosan, kambag‘allarni himoya qilgani, boylikka mukkasidan ketgan kishilarning molini ularga ehson etgani, bolsheviklarga bergan qaqshatkich zarbasi va tutqich bermasligi bilan nom qozongan edi.
Uning Junaidxon bilan hamkorligi, zamonaviy qurollarga ega bo‘lgan 500 yigiti doimo bolsheviklarga tahdid solib turardi. Sa’dullabekning har bir qishloqda o‘z odamlari bo‘lib, ular qo‘rboshiga turli yo‘sinda mirshablarning kelib-ketishi, zaif tomonlari to‘g‘risida ma’lumot yuborishardi. Shu bois ham hamma vaqt janglarda qo‘rboshining qo‘li baland kelar, hatto 1927 yil kuzida Juryon, Qo‘shanda Qoraman, Go‘ja qishloqlarida o‘tkazilgan maxsus maxfiy operatsiyalardan ham talafotsiz qutulib ketgan edi.
Ammo bir kuni qizil mirshablar boshlig‘i Masharip Badalov, Masharip Qoriyev va Samandar, Qo‘shnazar, Omon, Ro‘zimat, Qo‘yjon,Ollam, Qalandar kabi mirshablar Xonqadan kelayotgan Sa’dullabekni qumlikda uchratishadi. Ayni 1928-yil yanvarning qahraton sovug‘ida qo‘rboshi to‘ydan kelayotgan, yonida faqat Madrahim, Safo va Shaltoy ismli yigitlari bor edi.
Ikkala raqibning qumlikda besh-olti soat davom etgan otishmasidan so‘ng, qorong‘i tusha boshlagach, Sa’dulla Bo‘saloq Nayman ovuliga chekinishni ma’qul ko‘radi. Negaki qizillarga Urganchdan butun boshli bir qo‘shin yordamga yetib kelgan edi. Qo‘rboshining chekinayotganini ko‘rgan qizillar ularga qarshi o‘qlar yomg‘irini yog‘diradi.
Qumlikdan ovulga kirish asnosida Sa’dullaga o‘q tegib, og‘ir yaralanadi. U ko‘p qon yo‘qotganidan otda o‘tira olmas, sudralib ham uzoqqa ketib qololmasdi. Boz ustiga Shaltoyning qo‘rboshini tashlagancha qochib qolishi unga og‘ir botdi. Shu zaylda sudralib, bir uyga kirdi. Uydagi yolg‘iz kampir esa, yuqorida aytganimizdek, yarador kishini mirshab deb o‘ylab, qizil qo‘shin komandiri Qoriyevga yetkazdi.
– Sening omading keldi, meniki ketdi, – dedi Sa’dullabek Qoriyev mirshablari bilan kelib, uni qurshab olganda.
Urganchdan yetib kelgan qizil qo‘shin safidagi shifokor qo‘rboshining yaralarini bog‘ladi. Sa’dullani aravaga yotqizdilar-da, yo‘lga tushdilar. Qo‘rboshi Xonqadan Urganchga tomon borayotgan aravada yotganicha moviy osmonga tikilib xayol surardi. U bosib o‘tgan hayot yo‘lini, jangu jadallarini, onasini, sevgan qiziga uylanish armon bo‘lib qolayotganini, qizillarning shafqatsizligini, bir umr sodiq deb bilgan Shaltoyning og‘ir paytda qochib qolganini, o‘ziga qizillarning berajak azoblarini o‘ylab, bog‘lab qo‘yilgan yaralarini ochib yuboradi. Natijada yana qon oqib, arava qizilga bo‘yala boshladi. Sa’dulla yarani bog‘lash uchun kelgan komandir Qoriyevning yuziga tupurgancha jon berdi.
Umid BEKMUHAMMAD,
tadqiqotchi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter