«Qora buxgalteriya», hadsiz hisobotlar, lobbizm va qog‘oz pullardan voz kechish haqida suhbat
Har qanday idora va tashkilotning iqtisodiy tomiri buxgalteriya hisoblanadi. Buni ko‘pchilik yaxshi biladi. Tashkilotni ko‘taradigan ham, yo‘q qiladigan ham shu bo‘g‘in aslida. Xo‘sh, onda-sonda zorlanib qoladigan buxgalteriya xodimlari – hisobchilar bugun qanday ishlashyapti? Turli rasmiyatchiliklar, balans, soliq, tushum bilan bog‘liq hisobotlar tayyorlash va topshirish yumushlari ularni toliqtirib qo‘ymayaptimi?..
Bu kabi savollarga salohiyatli mutaxassis, zamon bilan hamnafas, o‘z sohasiga oid qo‘llanmalardan tashqari doimiy ravishda badiiy kitoblar mutolaa qiladigan hisobchi Otamurod Sultonov javob berdi.
– Chetdan olib qaraganda, bugun buxgalteriyada ancha ijobiy o‘zgarishlar bo‘lyapti. Deylik, ayrim hisobotlar topshirishning yengillashtirilishi, bekor qilinishi va hokazo... Keyingi uch yilni olib qaraganda, bunga siz nima deysiz?
– Ha, bu soha oxirgi paytda ancha rivojlandi. Hozirgi paytda ko‘plab tashkilotlar buxgalteriyani faqat soliqqa hisobot topshirish bilan shug‘ullanadi, deb o‘ylaydi. Buxgalteriya kurslari kadrlarni shu yo‘nalish bo‘yicha o‘qityapti. Bugun kuchli tadbirkorlar sinfi paydo bo‘lmoqda, lekin ular infolo‘ttivozlarning qurboniga aylanib qolmoqda (go‘yoki biznesda Garri Poterning sehrli tayoqchasi borligiga ishonishadi). Keyinchalik adashishgani va biznesni raqamlar bilan boshqarish kerakligini anglagach, shu soha vakillari, masalan, buxgalter (buxgalter-tahlilchi) soliqlar va xarajatlarni optimizatsiya qilishni biladigan kadrlarga talab kuchayadi. Ammo o‘sha paytda kadrlar tanqisligi vujudga kelishi mumkin. Hozirgi kunda ko‘plab kadrlar faqat «samouchka» bo‘lib qolishgan. To‘rttagina hisobot topshirib, o‘zlarini buxgalter deb yurishibdi, sohaning ichiga kirishmayapti...
Keyingi yillarda soha yoshi qisqarishi mumkin. Mening nazarimda, hozirgi kunda shu buxgalteriya vakillari uchun me’yoriy yosh: 25 – 35. Undan yuqorisiga sohada ishlash qiyinlashadi.
– Bugun korxona-tashkilotlar iqtisodiy hayotida eng og‘riqli masala nima deb o‘ylaysiz?
– Malakali kadrlarning yetishmasligi va kadrlar qo‘nimsizligi. Marketing va xizmat ko‘rsatishga e’tibor bermaslik. Soliq qonunchiligining shiddat bilan tezda o‘zgarishi. Va mijozlarni topish hamda ularni ushlab qolishga katta e’tibor berilmaslik eng og‘riqli masala, deb o‘ylayman.
– Qo‘shimcha qiymat solig‘i 15 foizdan 12 ga tushirildi. Dunyo miqyosida olib qaraganda, bu yaxshimi yoki yomonmi?
– Aslida iqtisodiy jihatdan olganda, dunyo miqyosida yaxshi. Lekin bizning tadbirkorlarimiz nisbatida uncha ijobiy emas. Bizda narxlar tushmaydi, aksincha yanada oshishda davom etadi. Bunda faqat o‘rtadagi 3 foiz tadbirkor yutadi. Qolganlarga hech qanday ta’sir qilmaydi.
– Tajribali va izlanuvchan mutaxassis sifatida bugungi O‘zbekiston iqtisodiyotini qanday baholagan bo‘lardingiz?
– Respublika iqtisodiyoti poytaxt Toshkent atrofida yaxshi rivojlangan. Raqobat muhiti yaxshi, infrastruktura va logistika mavjud. Biznes va iqtisodiyotda byurokratiya bo‘lmasligi kerak. Ayrim joylarda narx-navoni nazoratga olish zarur, lekin bu byurokratiya emas. Bozor erkin iqtisodiyot qonuni va huquqiy jamiyat tamoyillari bilan rivojlanishi, shaxslarga bog‘lanmasligi kerak. Afsuski, bizda iqtisodiyot kimningdir mablag‘lari yoki lobbizm asosida shakllanmoqda. Bu erkin raqobat va narxlarning sun’iy ko‘tarilishiga olib keladi, oxir-oqibat iste’molchi va davlat yutqazadi. Sababi, asosiy ijtimoiy ne’matlar narxining oshishi (oylik ish haqi yetmasligi ijtimoiy qiyinchiliklar va noroziliklar tug‘dirishi yoki qora iqtisodiyot va korrupsiyani kuchaytirishi mumkin) davlat tomonidan budjet tanqisligi va qo‘shimcha mablag‘larni izlashiga sabab bo‘ladi.
– Siz qaysi mamlakat iqtisodiyotini ideal hisoblaysiz?
– Men uchun hech qaysi davlatning iqtisodiyoti ideal emas. Chunki iqtisod shunday jabhaki, ayrim paytlarda o‘sib, keyin tushishi mumkin. Faqat nisbiy olib javob berishim mumkin: hozirgi kunda Xitoy va Yaponiya iqtisodiyoti ma’qul. Biz ham ularga o‘xshab eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishimiz kerak (importbop emas). Bu sal bo‘lsa-da, milliy iqtisodiyotimizda inflyasiyaning bosimini kamaytiradi.
– Xabaringiz bormi, xorijda ham buxgalteriya hisobotlari topshiriladimi?
– Ha, ularda ham turli yo‘nalishlarda topshiriladi va biznikidan ham ko‘p. Masalan, Fransiya va Ispaniyada eng ko‘p hisobotlar topshiriladi. Xitoyda esa hisobotlarning mazmuni to‘g‘riligiga katta e’tibor qaratiladi, hatto ayrim holatlarda ozodlikdan cheklash jazolari bor. Davlatda o‘rta va yuqori sinf tadbirkorlari qancha ko‘payishda davom etsa, ularda hisobotlarga talab oshaveradi. Daromadlarni yashirmaslik kerak. Davlat budjeti, asosan, soliq tushumlaridan shakllanadi.
– Yana o‘zimizdagi hisobotlarga qaytsak... Statistika uchun hisobotlar topshirish borasida noroziliklar bor. Bu borada siz nima deysiz?
– Aslida hisobotlarni bir xillashtirish va ularni real rejimda bitta tashkilotga topshiradigan qilish kerak. Qolgan zarur idoralar o‘ziga kerakli ma’lumotlarni faqat bitta tashkilotdan olaversin. Men har bir tashkilotga alohida hisobot topshirilishiga qarshiman.
Ammo shaxsan o‘zim uchun statistika hisoboti eng zo‘r hisobot sanaladi, chunki ma’lumotlar to‘liq va to‘g‘ri kiritilsa, ajoyib axborotga ega bo‘lishimiz mumkin. Lekin statistikaning moddiy-texnik bazasi va iqtisodiy jihatdan yaxshi ta’minlanmaganligi sababli hali ham eskicha variantda ishlashi va dasturi risoladagidek ishlamasligiga olib kelmoqda. Men, hisobotlar ko‘p va tushunarsiz deb aytayotganlarni aslida matematika darsiga kirmasdan maktabni bitirganlar, deb hisoblayman. Chunki matematikani bilgan odam uchun bu juda ajoyib hisobot va men har doim statistikaga hisobot topshirganimda mazza qilaman. Qandaydir ajoyib matematik masalani yechganday his etaman o‘zimni.
– Har oy oxirida ishlar qalashib ketadigan, zarur dasturlar ishlamay qoladigan oylik hisobotlar haliyam bormi?
– Hozirgi kunda bunday emas. Hammasi o‘z vaqtida tayyorlansa va real vaqt rejimida amalga oshirilsa, ishlar ko‘payib ketmaydi. Hisobotlar ham o‘z vaqtida topshiriladi.
– Naqd to‘lov va pul o‘tkazish bir paytlar muammo edi. Bugun yechim topilgandek. «Qora buxgalteriya» hozir ham mavjudmi, nima deb o‘ylaysiz?
– Qora buxgalteriya hech qachon o‘lmaydi. Naqd pul hozirgi kunda muammo emas (pullarni naqdlashtirish – qora buxgalteriyaning faqat bir qismi va uning ichida unchalik katta o‘rin egallamaydi). Xohlagancha summani yechib olish mumkin. Buning uchun qonuniy yo‘llar bor, faqat ozgina soliq xarajatlaridan qochmaslik kerak.
– Bugungi inflyasiyaga qanday munosabat bildirgan bo‘lardingiz?
– Mening taxminlarim bo‘yicha, hozirgi kunda O‘zbekistonda nafaqat o‘zimizning milliy valyuta, balki dollar inflyasiyasi ham oshib bormoqda. Bu nimani anglatadi? Chet el valyutasining ham inflyasiyasi kuchaysa, jamiyatda iqtisodiy notenglik va qatlamlar o‘rtasida katta jarliklar vujudga keladi, oligarxlar, boylar va o‘ta-o‘ta kambag‘allar sinfi paydo bo‘ladi.
– O‘zbekiston iqtisodiyotni ko‘tarish uchun siz nimalarni taklif qilgan bo‘lardingiz?
– Imtiyozlarni yo‘qotish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, infrastrukturani nafaqat Toshkentda, balki barcha hududlarda rivojlantirish kerak. Men yana qog‘oz pullardan voz kechish va yuz foiz elektron yoki plastik kartalarga o‘tishni taklif qilgan bo‘lardim. Lobbizmni tag-tugi bilan bartaraf etish shart. Texnik va texnologik kadrlarni o‘stirish, yonilg‘i moylash va energetika narxlarini tushirish yoki kamaytirish ustida ishlash, logistika va yo‘llarni rivojlantirish juda muhim. Qo‘shni mamlakatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish, chet mamlakatlarda ishlab chiqarish va tadbirkorlik bilan shug‘ullanadigan va pirovardida ishlab topgan pullarini o‘zimizning yurtga jo‘natadigan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Yana agrar mahsulotlar va moddiy boyliklarini sotadigan iqtisodiyotdan g‘oyalar, ishlab chiqarish uskunalari, yuqori texnologik ishlab chiqarishlar va jahon bozorida talabgori bo‘la oladigan mahsulotlar ishlab chiqarib, ularni eksport qilishimiz kerak.
Anvar Namozov suhbatlashdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter