Qashqadaryoda direktordan pul tama qilgan soxta prokuror ushlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Shaxsiy xavfsizlik bo‘limi hamda Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan viloyatning Chiroqchi tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, firibgarlik jinoyati fosh qilindi.
Xabarda aytilishicha, o‘zini Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tezkor xodimi «Akmal» deb tanishtirgan shaxs maktab direktori Z.R.dan maktabda tekshirish o‘tkazmaslik evaziga 400 AQSh dollari pora talab qilib, shundan 2,2 mln so‘mni turmush o‘rtog‘ining plastik kartasiga o‘tkazib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, o‘zini Departament xodimi deb tanishtirgan fuqaro aslida hech qayerda ishlamaydigan, muqaddam firibgarlik va boshqa jinoyatlari uchun sudlangan Koson tumanida yashovchi A.T. ekanligi ma’lum bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, viloyat prokuraturasiga yuborilgan.
Bosh prokuratura fuqarolardan shu kabi firibgarlik holatlariga duch kelganida zudlik bilan Departament shaxsiy xavfsizlik bo‘limining 71-202-86-67 (ichki raqam 8088 yoki 8086) raqamli telefoniga ma’lum qilishini so‘ramoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter