Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qarzdorlarga qarz summasidan ko‘p jarima qo‘llanmasligi belgilanmoqda

Qarzdorlarga qarz summasidan ko‘p jarima qo‘llanmasligi belgilanmoqda

Bugun, 22-iyun kuni Senatning qirq ikkinchi yalpi majlisi chaqirildi.

Unda senatorlar qator qonun hujjatlarini, jumladan, ijro hujjatlarini ijro etmaganlik uchun solinadigan ma’muriy jarima miqdorini belgilash tartibiga o‘zgartirish kiritilayotgani bois Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqidagi Qonunni ham muhokama qildilar.

Senatorlarning qayd etishicha, amaldagi tartibga ko‘ra ijro hujjati bo‘yicha qarzdor undirilishi lozim bo‘lgan qarzdorlikni o‘z vaqtida to‘lamasa, Majburiy ijro byurosi tomonidan qarzdorga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanilishi, ushbu jarimaning miqdori esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra fuqarolarga nisbatan 300 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha, mansabdor shaxslarga nisbatan 1,5 mln so‘mdan 3 mln so‘mgacha belgilanishi mumkinligi qonunchilik bilan mustahkamlab qo‘yilgan.

Yalpi majlisda Senatorlar, tabiiy ravishda fuqarolarning to‘lov qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan bu kabi amaliyotdan voz kechish zarurligi ta’kidlandi.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan tegishli o‘zgartishlarga ko‘ra, kelgusida qo‘llaniladigan jarimaning miqdori ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan yuqori bo‘lishi mumkin emasligi belgilanyapti.

“150 ming so‘m qarzni to‘lamaganlik uchun 300 ming so‘m jarima solish – bu adolatdan emas, albatta. Qolaversa, bunday amaliyot yangi konstitutsiyaviy qoidaga, ya’ni fuqaroga qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir chorasi mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va yetarli bo‘lishi kerakligi qoidasiga  mutlaqo zid.

Yoki ma’muriy jarimalarni MIBning istalgan ijrochisi emas, balki faqat rahbar xodimlari qo‘llashi mumkinligiga oid norma ham e’tiborga molik deb hisoblaymiz”, – deydi Senat raisi Tanzila Narbayeva.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring