Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘liklar ro‘yxatiga tushib qolgan qizaloqning tirik ekanini isbotlash uchun yaqinlari 1,5 yil sarson bo‘lishdi

O‘liklar ro‘yxatiga tushib qolgan qizaloqning tirik ekanini isbotlash uchun yaqinlari 1,5 yil sarson bo‘lishdi

Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida yashovchi Asliddin Muhammadiyev va Sojida Ismatovalar oilasida 2022-yilning 24-iyun kuni uch nafar egizak dunyoga kelgan. Qarshi shahridagi roddomda tug‘ilgan chaqaloqlarning biri — Fotimaxon ismli qizaloq bo‘lib, u tug‘ilganidan uch kun o‘tgach, vafot etdi. Zuhraxon ismli egizaklarning biri tirik bo‘lsa-da, FHDY xodimlari aybi bilan o‘liklar ro‘yxatidan joy oldi, deb yozmoqda «Daryo» nashri.

Qizaloqning bobosi nashr muxbiri bilan suhbatda ushbu voqea sabab Zuhraxon Fahriddinovaning tug‘ilganligi haqidagi guvohnomasi yaroqsiz qog‘ozga aylangani, buning ortidan oila bir yarim yildan beri sarson-sargardonchilik bo‘layotganini aytgan.

Qayd etilishicha, Zuhraxonning vafot etganlar ro‘yxatida turgani yaqinlariga 2022-yilning avgust oyida ma’lum bo‘lgan.

«Bolalar puli uchun hujjat tayyorlaymiz deb borganda o‘g‘lim bilib qolyapti-da. Bu bola o‘ldi turibdi-ku deyishganda, chopa-chop bo‘lib qoldi. Murojaat qilmagshan joyimiz ham qolmadi, uchrashmagan tashkilotimiz ham qolmadi», – deydi bobo.

Uning qo‘shimcha qilishicha, uning viloyat prokuraturasiga qilingan takroriy murojaatlaridan so‘ng prokuratura Qarshi shahar FHDYo mudirasi ishini o‘rgana boshlagan. Ammo ko‘p o‘tmay, voqea yana bosti-bosti qilingan.

«Viloyat prokuraturasi bularning ustidan jinoyat ish ochgandi. Lekin na bizni tergovga chaqirishdi, na ular bilan yuzlashtirildik. Hech kim so‘ramadi. Keyin bilsak imi-jimida rahbari qolib, kambag‘al inspektor qizchaga nisbatan chora ko‘rishgan ekan», – deydi u.

Viloyat adliya boshqarmasi axborot xizmati rahbari Shohida Shoimova mazkur voqea sabab 2 nafar FHDYo xodimiga hayfsan berilganini bildirgan.

Ma’lum bo‘lishicha, uch nafar egizakning birinchisi noma’lum sabablarga ko‘ra tug‘ilishi ham, o‘limi ham rasmiy hujjatlarda qayd etilmay qolib ketgan. Ma’lumotlar bazasida egizaklarning ikkinchi va uchinchisiga oid qaydlar topilgan xolos. Birinchi farzandning o‘limini qayd etishda axborot tizimida ikkinchi farzand Z.F.ning JShShIRi ko‘rsatilgani sababli unga nisbatan «vafot etgan» degan ma’lumot shakllangan. Mazkur holat yuzasidan boshqarma tomonidan o‘rganilib, shu yil noyabr oyida birinchi farzand F.F.ning tug‘ilishi va o‘limi qayd etilgan. Axborot tizimida ikkinchi farzand Z.F. ning vafot etganligi bilan bog‘liq ma’lumotlarga tuzatish kiritilgan.

Biroq egizaklarning bobosi «Daryo» muxbiri bilan suhbatda nabirasiga nisbatan qo‘llanilgan qo‘pol xatolik barataf etilganini 2023-yilning 5-dekabr kuni bilgani aytgan. Aynan shu kundan boshlab oilaning sarsongarchiligi barham topgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring