Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Hamzaning mollari hokimiyat sari intilmoqda...» – hokimlik vaziyatga munosabat bildirdi

«Hamzaning mollari hokimiyat sari intilmoqda...» – hokimlik vaziyatga munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda «Chorasiz chorvador mollarini hokimiyatga haydab bordi» sarlavhali videomurojaat tarqalib, unda Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi «G‘uzor quduq chorva» fermer xo‘jaligi raisi Hamza Toshtemirov chorva fermer xo‘jaligida yer maydoni mavjud emasligi va ozuqa mahsulotlari yetishmovchiligi haqida murojaat qilgan.

Holat yuzasidan G‘uzor tumani hokimligi o‘z munosabatini bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur fermer xo‘jaligi 2020-yilda «Xalq banki»ning G‘uzor filialidan ajratilgan 1 mlrd. 877 mln. so‘m miqdoridagi kredit mablag‘i evaziga Germaniyadan 67 bosh zotli (Aberdin Angus) qoramollarni sotib olgan.

O‘z navbatida ushbu fermer xo‘jaligiga 67,7 gektar, shundan 42,7 gektar sug‘oriladigan va 25 gektar lalmi yer maydonlari qonunda belgilangan tartibda tuman hokimi qarori va auksion bayonnomalari orqali ajratib berilgan.

Bundan tashqari, fermer xo‘jaligi raisi H.Toshtemirov tomonidan tumandagi M.Raxmonov hududidagi 189q, 191 va 339-sonli konturlardagi jami 43,1 gektar sug‘oriladigan yer maydonlaridan uzoq vaqt hujjatsiz foydalanib kelinmoqda.

Mazkur yer maydonini fermer xo‘jalikka ajratib berish haqidagi og‘zaki murojaatiga javoban H.Toshtemirovga qonun talablari, ya’ni auksion savdolari orqali olish tartibi tushuntirilgan.

Qolaversa, shu kunga qadar hokimlik tomonidan mazkur fermer xo‘jaligiga turli ko‘maklar berib kelingan.

«Ammo shunga qaramasdan, joriy yilning 3-oktyabr kuni fuqaro H.Toshtemirov jamoat joyida yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan o‘ziga tegishli chorva mollarini bank hovlisiga olib kelgan», – deyiladi hokimlik munosabatida.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan tuman IIB tomonidan to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha G‘uzor tuman sudida ko‘rilib, sudning shu kundagi qaroriga asosan huquqbuzarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Shuningdek, fermer xo‘jaligi raisi H.Toshtemirov bugungi kunda tijorat banklaridan kredit to‘lovlarini to‘lash muddatini uzaytirishni va kredit uchun foiz to‘lovlarini hisoblanishini to‘xtatishni talab qilayotgan bo‘lib, uning mazkur talablari qonuniyligi va uni ijobiy hal etish masalasi vakolatli banklar tomonidan o‘rganilayotgani ma’lum qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring