Navoiyda eski maktabni ta’mirlashi kerak bo‘lgan firma uni talab ketdi

Bosh prokuratura huzuridagi Departament respublikaning uch hududida budjet hisobidan mablag‘ ajratilgan va qurib topshirilishi kerak bo‘lgan ob’yektlarda sodir etilgan talon-torojliklar haqida ma’lumot berdi.
Xususan, Departamentning Yangiyo‘l shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, «K.q.» MChJ tomonidan yer usti piyodalar o‘tish yo‘lagini ta’mirlashda 579,6 mln so‘mga sotib olingan qurilish materiallarini ta’mirlashga ishlatilmasdan, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilinganligi aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Chiroqchi tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, tuman Obodonlashtirish boshqarmasining sobiq rahbari M.S., bosh hisobchisi B.N. va boshqalar «H.M.» MChJga yetkazib berilmagan avto ehtiyot qismlari uchun 100 mln so‘m, piyodalar yo‘lakchasini chiroqlar bilan bezatish uchun 40,4 mln so‘m, «E.T.» MChJ bilan tuzilgan shartnomaga asosan ichimlik suvi inshootini qurishda bajarilmagan ish hajmlarni qo‘shib yozish orqali 195,1 mln so‘m jami 335,1 mln so‘mni o‘tkazib berganliklari aniqlangan.
Departamentning Navoiy viloyati Konimex tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, «N.S.» MChJ rahbari M.Sh. 1 so‘m qiymatda auksionga chiqarilgan 14-sonli maktabning eski binosini yutib olib, investitsiya majburiyatini bajarmasdan, binoning 199,8 mln so‘mlik yaroqli qurilish materiallarini o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 209-moddasi (mansab soxtakorligi) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter