Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chilonzordagi «qotillik»: vazirlik ko‘cha yuzidagi 29 ta daraxtning qasddan quritilganini aytmoqda

Chilonzordagi «qotillik»: vazirlik ko‘cha yuzidagi 29 ta daraxtning qasddan quritilganini aytmoqda

Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev bir necha kun muqaddam ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Toshkent shahar Chilonzor tumani Lutfiy ko‘chasida qurib qolgani sababli kesilgan 29 tup – 28 tup shumtol va 1 tup zarang daraxti bo‘yicha yangi tafsilotlarni ma’lum qildi.

Kusherbayevga qadar Chilonzor tumani hokimligi matbuot xizmati ham holat yuzasidan tushuntirish bergan va unda hokimlik daraxtlar «Toshkent Botanika bog‘ining daraxtshunos mutaxassisi hamda tuman Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi mas’ullarining asosli xulosalari va aholining qurib qolgan daraxtlarni kesib olish kerakligi haqidagi murojaatlari» sababli kesilganini ma’lum qilgan. 

Rasul Kusherbayev esa 2021 yilda ushbu daraxtlar ildizlari plyonka bilan yopib tashlangani sababli qurib qolganini ta’kidlaydi.

Gap shundaki, Kun.uz nashri 2021 yilning oktyabrida e’lon qilgan materialida Lutfiy ko‘chasidagi 56 ta daraxtning ildizlari landshaft qilish bahonasida polietilen plyonka bilan o‘rab tashlangani va bu daraxt ildizlarining nafas olishiga to‘sqinlik qilgani sabab qurib qolishi ehtimoli borligiga e’tibor qaratadi.

Nashr mas’ullarni to‘plab tayinli izoh ololmaydi, biroq daraxtlar ildizini ochtirishga erishadi.

«Holat bo‘yicha prokuratura organlariga hujjatlar rasmiylashtirilib, kiritilgan. Biroq 2022 yilning sentyabrida ichki ishlar bo‘limi tomonidan ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi tugatilgan.

Ayni vaqtda esa daraxtlarning quritilishi bo‘yicha tugatilgan jinoyat ishi prokuratura tomonidan tiklanib, barcha holatlar qayta o‘rganilmoqda», – deb yozmoqda Kusherbayev 2021 yildagi holatning mantiqiy davomini eslab.

Rasmiy munosabatlarda aytilishicha, kelgusida daraxtlar kesilgan ushbu hududda 30 ta daraxt hamda 1020 ta buta ekilishi rejalashtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring