Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ayol o‘qituvchilar ish staji yetsa, ertaroq pensiyaga chiqsa bo‘ladimi? – mutaxassis javob beradi

Ayol o‘qituvchilar ish staji yetsa, ertaroq pensiyaga chiqsa bo‘ladimi? – mutaxassis javob beradi

Savol: o‘rindosh sifatida ishlovchi xodim bilan mexnat shartnoma bekor qilinganda xodim buyruq bilan tanishish uchun kelmasa hamda koroxona buxgalteriyasi xodim tanishmaganligi uchun buyruq nusxasini olmasa va hisob-kitob kilmasa kanday yo‘l tutish kerak?

Asosiy ish joyidan kerakli hujjatlarini olgan.

Mehnat kodeksining 171-moddasi 1-qismiga ko‘ra, ish beruvchi mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni xodimga uning mehnat daftarchasini yoxud elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirmani, shuningdek mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqning ko‘chirma nusxasini berishi shart. Ish beruvchi xodimning yozma arizasiga ko‘ra unga ish bilan bog‘liq hujjatlarning tegishli ravishda tasdiqlangan ko‘chirma nusxalarini ham berishi shart.

O‘rindoshning mehnat daftarchasi esa asosiy ish joyida saqlanadi. Ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqning ko‘chirma nusxasini esa xodimning buyruqning ko‘chirma nusxasini pochta orqali yuborish uchun roziligini olmagan holda pochta jo‘natmasini topshirish haqidagi bildirishnoma bilan yuborishga haqli.

Mehnat kodeksining 172-moddasi 4-qismiga ko‘ra, agar xodim mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ishlamagan bo‘lsa, tegishli summalar hisob-kitob qilish to‘g‘risida xodim tomonidan talab qo‘yilganidan keyin uch kundan kechiktirmay to‘lanishi kerak.

Savol: O‘qituvchi bo‘lib ishlayman  va yaqinda mehnat ta’tiliga chiqishim kerak. Joriy yilda o‘qituvchilar 48 kun emas, 56 kun dam olishi haqida vazir buyrug‘i chiqqan edi. Shunda ta’til puli 56 kunga hisoblanadimi yoki 48 kunga?

Mehnat kodeksining 501-moddasiga ko‘ra, ta’lim tashkilotlarining pedagog xodimlariga haftasiga o‘ttiz olti soatdan ortiq bo‘lmagan ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilanadi va yillik uzaytirilgan mehnat ta’tili beriladi. Pedagog xodimlar ish vaqtining aniq davomiyligi va yillik uzaytirilgan mehnat ta’tilining davomiyligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Mehnat kodeksi 216-moddasi 1-qismiga ko‘ra, har yilgi mehnat ta’tili dam olish va ishlash qobiliyatini tiklash uchun ish o‘rni (lavozimi) hamda o‘rtacha ish haqi saqlab qolingan holda xodim ishdan ozod etiladigan, xodimga har yili ish yili davomida beriladigan vaqt davridir.

Mehnat kodeksi 233-moddasiga ko‘ra, har yilgi mehnat ta’tilida bo‘lgan vaqti uchun xodimga ushbu Kodeksning 257-moddasiga muvofiq hisoblab chiqariladigan o‘rtacha ish haqining saqlanishi kafolatlanadi.

Demak, yuqoridagilardan xulosa qilsak, ta’til vaqti uchun haq to‘lashda ta’tilning barcha kunlariga haq to‘lanishi zarur deb hisoblaymiz. Ya’ni 48 kunga emas, 56 kunning barchasiga.

Savol: 48 yoshdaman, 32 yillik stajim bor: pedagogman. 16 yoshimdan ishlaganman, pensiya yoshiga hali bor. Ayol o‘qituvchilar ish staji yetsa, ertaroq pensiyaga chiqsa bo‘ladimi?

“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunining 7-moddasiga ko‘ra, yoshga doir pensiya olish huquqiga:

  • erkaklar — 60 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda;
  • ayollar — 55 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda ega bo‘ladilar.

Qonunning 12-moddasiga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashgan ta’lim muassasalari, “Mehribonlik” uylari, harbiy akademik litseylar, tarbiya koloniyalari o‘qituvchilari — maxsus ish staji kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda (3-sonli ro‘yxat, VII qism) umumiy belgilangan yoshni 5 yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya olish huquqi ega bo‘ladilar.

Qonunning 12-1-moddasiga ko‘ra, ushbu Qonun 37-moddasining “a”, “b”, “v” va “g” bandlarida nazarda tutilgan kamida yigirma yillik ish staji bo‘lgan ayollar ellik to‘rt yoshga to‘lganda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladilar.

Savollarga ekspertimiz Muhammadamin Karimjonov javob bergan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring