Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Yor-yor» ko‘rsatuvi tanqidlardan so‘ng o‘zgardimi?

«Yor-yor» ko‘rsatuvi tanqidlardan so‘ng o‘zgardimi?

Foto: Videolavhadan skrinshot

O‘tgan yili noyabr oyida Prezidentning Shayxontohur tumaniga tashrifi chog‘ida «Nuroniy» jamg‘armasi Toshkent shahar kengashi raisi Rustam Kalonov «Mahallada duv-duv gap» va «Yor-yor» ko‘rsatuvlarini tanqid qilgan edi: «Umuman bizning an’analarimizga zid. Qanday qilib oila davrasida tomosha qilish mumkin, hayronman. Unda chiqqan xotinlar er topaman deydi, erkaklar xotin. Yaxshi erkak bo‘lsa, o‘zi xotin topib oladi». Prezident tadbirda ishtirok etayotgan Bosh vazirga bu masalani nazoratga olishni tayinlagan edi.

Shundan so‘ng O‘zEOAVMA Bosh direksiyasi va Ekspertlar kengashining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan, teleradiokanallarda media mahsulotlar tayyorlashda ma’naviy-ma’rifiy jihatiga e’tiborni kuchaytirish, oila qadriyatlarini, xalq an’analarini ko‘rsatuvlar mazmuniga chuqur singdirish singari masalalar ko‘rilgan.

Yig‘ilishda «Zo‘r TV» telekanali bosh muharriri Feruza Yusupova «Yor-yor» ko‘rsatuvining ijtimoiy mazmuni va yukini kuchaytirish yuzasidan zarur choralar ko‘rilayotgani, mamlakatimiz jamoatchiligi va tomoshabinlar bildirayotgan taklif va tavsiyalar, albatta, inobatga olinishini aytib o‘tgan.

Biz tanqidlardan so‘ng dastur haqida so‘rab-surishtirdik.

Xonbibi Himmat qizi, ko‘rsatuv ishtirokchisi, jurnalist:

– 2020 yilning oxirlarida «Zo‘r TV» telekanalida «Yor-yor» ko‘rsatuvi namoyish etila boshladi. Shu paytgacha andisha qilib, dardini birovga aytolmagan yolg‘izlar, bevalar, turmushga chiqmaganlar o‘z baxtini va juftini izlab kelishdi. Bunday dasturlar Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston telekanallarida borligini bilardim. Lekin bizning mentalitetimizga to‘g‘ri kelarmikin, deb ikkilangandim.

Jurnalist Muhabbat Hamroyeva, hoji ona Omina Karimova va so‘z ustasi To‘xtamurod Azizov ko‘rsatuvga kelganlarga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berishdi. Shu bahona yurtimizda sha’riy nikoh orqali qurilgan ko‘plab oilalar tez orada parokandalikka yuz tutgani butun elga oshkor bo‘ldi. Ularning hayoti boshqalarga saboq bo‘lishi kerak.

Ayrim ota-onalar o‘g‘lining ajrashishini kutib o‘tirmasdan darhol boshqa qizga uylantirib qo‘yib, keyin attang deb qolishlarini ham ko‘rdik, eshitdik. Ba’zi erkaklarning otalik mas’uliyatini unutgani achinarli hol. Oila bilan bog‘liq ko‘p sirlar fosh bo‘ldi. Orzulari sarobga aylangan kelin, ayoliga xiyonat qilgan erkak, ikki bolasiga mehr bermagan ota, eri o‘zidan 20 yosh katta xotinga uylanib olgan ayol hasrati, qaynakasi tufayli turmushi buzilgan kelinchak, yetti oylik chaqalog‘i bilan baxtini izlab kelgan juvon, qizi bilan ko‘chada qolgan ona, uch kun yashagan kelinning og‘ir qismati, kuyovga mebel yoqmagani uchun ajrashgan, qaynonasi urgan kelinlarning dardu hasratidan tutun chiqadi.

Ammo keyingi paytlarda bu ko‘rsatuvdagi gap-so‘zlardan ko‘pchilik ranjiy boshladi. Ayrim sabablarga ko‘ra turmushga chiqmasdan ishlayotgan yoki uyda o‘tirgan yoshi katta qizlarga «Nega uydagilarga turmushga chiqaman, deb aytmadingiz? Shu yoshgacha o‘tiraverdingizmi?» degan savollar beriladi. O‘zbek oilasida tarbiya topgan qaysi qiz ota-onasiga «Men erga tegaman» deb aytadi.

Gohida ishtirokchilarni televideniye ostonasiga bosh urib borganiga pushaymon qildiradigan savollar ham berilishi o‘rinlimikan? 44 yoshli o‘qituvchi qizga «Nimaga shu paytgacha turmushga chiqmadingiz? Endi 50 yoshniyam o‘tkazasiz. Uylangan, bolasi bor erkak sizga oq ko‘ylak kiydirib, to‘y qilishni xohlamaydi-da, uyaladi», deyishdi. Buning nimasi uyat? Axir uning ham orzu-havaslari bor-ku. To‘ysiz uyidan chiqib ketishi kerakmi? Xullas, ko‘rsatuvga najot istab borganlarni hurmat-izzatini joyiga qo‘yish lozim. Kim nima desa desin-u, lekin hamma ham baxtli bo‘lishga haqlidir.

Muhiddin Omon, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir:

– Fikrimcha, oila qurish TV orqali amalga oshirilishi milliy mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydi. Rivojlangan davlatlarda bu ish bilan rasman ro‘yxatdan o‘tgan, faoliyati davlatning amaldagi qonunchiligiga muvofiq keladigan nikoh agentliklari shug‘ullanadi. Bizda ham shunday bo‘lishi lozim.

Oila masalasining, inson taqdirining shou qilinishi baribir qadriyatlarimizga salbiy ta’sir etadi. Balki ko‘rsatuv tufayli kimlarningdir oilasi butlanayotgan, kimlardir o‘z baxtini topayotgandir. Aniq fikr aytish uchun mavjud statistikani ham bir o‘rganib chiqish kerak, deb o‘ylayman.

Ko‘rsatuvda boshlovchilarning muomala madaniyati, ishtirokchilarga munosabatini ham huquqiy jihatdan baholash kerak. Xullas, ayni shakldagi ko‘rsatuvni men ma’qullay olmayman. Bu shaxsiy fikrim, albatta.

Muhabbat Hamroyeva, «Yor-yor» ko‘rsatuvi boshlovchisi:

– «Yor-yor» ko‘rsatuvini «er topdi», «xotin topdi» deb o‘ylaydiganlar ishtirokchilarning bu yerga qay ahvolda kelishiyu va ishtirok etgandan so‘ng qay holatda chiqib ketayotganini ko‘rishsa, fikrlari butunlay o‘zgaradi. Dasturda juftliklar bir-birini sovchilar orqali emas, balki uch boshlovchi maslahatlari, turli hayotiy hikoyalari asosida bir-birini topadilar.

Bundan tashqari, «Yor-yor» dasturida oilaviy budjet, oilaviy hayotning dastlabki bosqichidagi qiyinchiliklarning oldini olish, muammolarga qanday yondashish, murakkab vaziyatlardan qanday chiqib ketish yo‘llariga ham to‘xtalib o‘tiladi. Yoshlarga yuridik maslahatlar, hayotiy o‘gitlar berib boriladi. Bu yerda nafaqat oilalar qurilyapti, balki ajralish arafasida turgan juftliklar ham yarashtirilyapti. O‘nga yaqin oila ajralib ketishining oldi olindi, bolalari bag‘riga qaytarildi. Hokimliklarga murojaat qilinib, bir nechta oilalar uy-joy bilan ta’minlandi.

Hozirga qadar bir yarim ming taqdir ko‘rilgan bo‘lsa, shundan 421 nafarining to‘yi bo‘ldi. Dastur haqidagi tanqidlardan keyin biz to‘xtab qolmadik, ammo hushyor tortdik. Tanqid, albatta, kelajak mevasi, balki ayrim o‘rinlarda ishtirokchilarga o‘ta samimiy bo‘lgandirmiz, balki qattiqroq gapirgandirmiz, «ZAGSing bormi?», «Aliment olasanmi?» deb dangal so‘ragandirmiz. Lekin bu gaplarni, avvalo, ularning foydasini, qolaversa, oila qurish ostonasida turgan yoshlar bilib qo‘yishlari uchun aytdik. Chunki keladigan o‘nta ishtirokchidan sakkiztasida FHDYo guvohnomasi yo‘q. Ko‘rsatuvimiz doirasida imkon darajasida shunday holatlarga chek qo‘yishga urinyapmiz.

Bir quvonarli holat, Omina opam 85 yoshda, To‘xtamurod akam 75 yoshdan oshganiga qaramasdan, respublikamizning qayerida bo‘lsa ham, ishtirokchilarning qonuniy nikohdan o‘tgani, oilaviy baxtiyor ekaniga ishonch hosil qilish maqsadida birgalikda to‘ylariga boryapmiz. Hokimliklarni, mahallalarni hamkorlikka chaqirganmiz, mahalla posbonlari biz bilan hamkorlikda ishlayapti, yolg‘iz qolgan insonlarga «Yor-yor»ga borishni maslahat beryapti.

Ayrim odamlar «Yor-yor» ko‘rsatuviga qanaqa g‘alati odamlar keladi-ya, deb gapirishadi, lekin biz odam ajratmaymiz. Ishtirokchilar orasida oliy ma’lumotlilar ham, maktabni bitirolmaganlar ham bor, ularning saviyasi har xil. Biz ularni kamsitmagan holda suhbatlashamiz va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishga harakat qilamiz. Masalan, Oksfordda o‘qigan Zilola, Rossiyada ta’lim oladigan IT-mutaxassis Adhambek, Koreyada tahsil olgan yurtdoshimiz qatnashdi. Misr, Qozog‘iston, Gruziya kabi mamlakatlardan ham mehmonlar kelyapti. Demak, ko‘rsatuv bugun dunyo sari yuz tutgan, bu esa bizning yutug‘imiz, albatta.

Oddiy insonlarning taqdiri hamma uchun qiziq bo‘lgani bois bu ko‘rsatuv auditoriyani televideniyega qaytardi. Dastur besh daqiqa kechikadigan bo‘lsa, dunyoning turli chekkalarida yashaydigan yurtdoshlarimiz qo‘ng‘irog‘idan «Zo‘r TV» telefonlari tinim bilmaydi. Hozirda biz ko‘rsatuv ijodkorlarini Amerikaga taklif qilishib, shu yerda yashaydigan o‘zbeklarga ham juftini topishga yordam beringlar, 35-40 yoshli qizlarimiz oila qurishga kechikyapti, deyishyapti.

Urf-odatlarimizga zid bo‘lgani uchun ko‘rsatuv yopilsin, deb ikki bora taklif qilindi. Ammo xalqqa bu dastur yoqyapti, faqat ayrim kimsalarga ma’qul bo‘lmayapti, shekilli. Chunki mahalla va oila bo‘yicha boshqaruv organlari yaxshi ishlamayapti. Kimlar yolg‘iz yashayapti, qaysi qizlar turmushga chiqolmayapti – bilishmaydi. Masalaning yana bir minus tarafi ochilib qolyapti: kelin-kuyovlar FHDYodan o‘tmasidan, imom-xatiblar ularga nikoh o‘qishyapti.

Ishtirokchilarimiz orasida keksa odamlar ham bor, 85 yoshli jizzaxlik, 74 yoshli toshkentlik otaxonni uylantirdik. «O‘limimizni kutib yashardik, umrimiz ma’nosiz o‘tayotgandi», deyishgandi ular. Bu yoshda uylanib nima qiladi, deydigan odamlar topiladi. Ammo qariganda ham insonga darddosh, hamroh, umr yo‘ldoshi kerak bo‘ladi Masalan, chet elda keksalar yig‘ilib dardlashadigan qariyalar klubi bor. Bizda esa keksalarning ko‘nglini kim eshitadi? Hozir ayollarimiz orasida ko‘krak saratoni xastaligi ortgan, bu yolg‘izlik, tushkunlik oqibati ekani shubhasiz.

Abdulaziz Muborak, jurnalist:

– Buvim Inombibi tom ma’noda qishloqning Farmonbibisi edilar. Hech kim u kishidan bemaslahat to‘y qilmas, qozon osmasdi. Kim kimga munosib, kim kim bilan uvali-juvali bo‘lib ketadi, qaysi oila qaysisiga to‘g‘ri kelmaydi, buvim masalani osongina yechib berardilar. Biror qiz yoki juvon o‘tirib qolsa, darrov joyini topib, to‘y boshlatib yuborardilar. Qo‘li kalta oilalarni mahalla ayollari bilan o‘rtaga olib, sarpo-surug‘iga yordamlashib, to‘yini o‘tkazib berishardi. Sovchilik bo‘yicha professional edilar.

Qozilikni ham qotirardilar. Qishloqning asosiy oilaviy g‘avg‘osi bizning hovlida yechilardi. Bir gaplari qulog‘imda qolgan: «Bolam, uylanish bozorga borib mol olish emas: puling bo‘lsa darrov borib, yoqqanini tanlab kelaversang. Nikoh ko‘pchilikning ishi, oiladagilar, mahalla-ko‘y birgalikda amalga oshiradigan ish». Darhaqiqat, shunday.

Alloh ham Qur’oni karimda qo‘l ostingizdagilarni nikohlab qo‘ying, degan. Sovchilik an’anasi ham ayni shu asosda shakllanib qolgan bo‘lsa, ajab emas. Ammo oxirgi yillarda kayvoni onaxonlarimiz kamayib ketdi yoki o‘z vazifalarini to‘la ado etishmayapti. «Yor-yor» ko‘rsatuvi menga yoqmaydi, ammo jamiyatda shunga ehtiyoj bor.

Mahalla faollari, kayvonilar oqsayotgan ishda televideniye ijodkorlari g‘ayrat qilishyapti. O‘sha ko‘rsatuvda ishtirok etayotgan hamyurtlarimiz bizga oyna tutyapti. Basharang qiyshiq bo‘lsa... degan maqolni unutmaylik, telejurnalistlardan o‘pkalamaylik.

Turmushga chiqish umidida ko‘rsatuvga kelayotgan qizlarimiz, opa-singillarimizni ko‘rib, yuragim eziladi. Ularga chin dildan baxt-saodat tilayman. Erkak kishilarning ishi nisbatan oson. Lekin ularniyam malomat qilmayman. Agar millatimiz sovchilik, mahalla ishlarida bosh-qosh bo‘lishday savobli ishlarda astoydil bo‘lsa, o‘z-o‘zidan bu kabi dasturlarga ehtiyoj qolmaydi, deb o‘ylayman.

Siz-chi, aziz yurtdosh, bu dasturni tomosha qilasizmi, fikrlaringizni izohda yozib qoldiring.

Nodira Ibrohimova, jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring