Taniqli bastakor Anor Nazarov vafot etdi
O‘zbek musiqa san’ati rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, Davlat mukofoti sovrindori, taniqli bastakor Anor (Anorqul) Nazarov bugun 2019 yilning 16-yanvarida og‘ir xastalikdan so‘ng dunyodan ko‘z yumdi. Bu haqda «O‘zbekkonsert» matbuot xizmati xabar berdi.
Serqirra ijodkor Nazarov Anorqul Mamadovich 1950-yil 5-iyunda Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida tavallud topgan. U o‘zining hayotini, umrini musiqa san’atiga bag‘ishlagan iste’dod sohibi edi. 1968-yilda M.Ashrafiy nomidagi Toshkent davlat konservatoriyasini tamomlab, 1968-1985-yillarda A.Navoiy nomidagi DAKT orkestri solisti, 1985-1987-yillarda Toshkent shahar musiqa ansambllari jamoasining bosh dirijyori, 1986-1996-yillarda O‘zbekiston teleradiokompaniyasi estrada-simfonik orkestri badiiy rahbari va bosh dirijyori, 1996-2000-yillarda «O‘zbeknavo» gastrol-konsert birlashmasi bosh direktori, 2000-2002-yillarda esa badiiy rahbari lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Bastakorning faoliyati asosan estrada musiqa san’ati bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, o‘ziga xos mustaqil uslubiy ijodi bilan ajralib turadi. «Men nechun sevaman O‘zbekistonni» (A.Oripov she’ri), «Vatan azizdir», «Jon O‘zbekiston» (J.Jabborov she’rlari), «Iftixor» (X.Sharipov), «Yashnar bahorim», «Ona yurt» (B.Bobomurod), «Barkamol avlod», «O‘zbekiston mushtarak» (Y.Otash), «Go‘zal Toshkent», «Yurt qadri» (B.Isroilova), «Aziz odamlar» (M.Ibrohimov), «Izhor» (A.Oripov) kabi 120 dan ortiq qo‘shiqlari o‘zining jozibadorligi, ona Vatanga bo‘lgan muhabbat, uni e’zozlash, asrab avaylash va insonparvarlik ruhi bilan sug‘orilganligi bilan e’tiborlidir.
U yaratgan asarlar Vatanimizning Mustaqillik, Navro‘z kabi milliy va davlat tadbir dasturlarida tarannum etib kelinmoqda. Ijodkorning bizga qoldirgan boy madaniy merosi, yaratgan dilbar taronalari, qo‘shiqlari xalqimiz tilida va dilidan chuqur joy olib, undan kelgusi avlodlar ham bahramand bo‘ladilar.
«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali bastakorning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya izhor etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter