Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident bilan uchrashgan bastakor: «Ijodda iste’dod muhim, ammo ko‘p narsani mehnat hal qiladi...»

Prezident bilan uchrashgan bastakor: «Ijodda iste’dod muhim, ammo ko‘p narsani mehnat hal qiladi...»

Foto: Kamola Ochilova.

Qahramonimiz Kamola Ochilova Farg‘ona viloyatida harbiy shifokorlar oilasida dunyoga kelgan. Yoshligidan san’atga qiziqish ortidan dastlab musiqa maktabi, so‘ngra musiqa kollejida tahsil olgan.

Ayni damda poytaxtimizda yangi ochilgan, prezidentimiz tashrif buyurib ochib bergan 329-maktabda faoliyat boshlamoqda. 

— Bastakorlikka ilk qadamlaringiz haqida gapirsangiz ...

— Musiqaga qiziqib bastakorlik yo‘nalishini tanladim. Hamza musiqa kollejida o‘qib yurgan vaqtimda Uchinchi yosh bastakorlar ko‘rik tanlovining laureati bo‘ldim va O‘zbekiston davlat konservatoriyasining bastakorlik yo‘nalishiga qabul qilindim.

15 yillik ish faoliyatim davomida  sodda tilda, hatto bolalar cholg‘ulariga ixtisoslashmagan maktablarda ham o‘rganishga yordam beradigan, onlayn tarzda o‘zbek milliy asboblarini chalishni o‘rgatadigan dastur-qo‘llanma ustida ishladim. Keyinroq menga bevosita ish faoliyatini musiqa maktablarida davom ettirishni maslahat berishdi. Bunda amaliyot ham muhim o‘rin tutadi.

Shundan so‘ng, saralashda yuqori natija ko‘rsatib poytaxtimizning Sergel tumanida yangidan qad rostlagan 329-maktabga ishga kirishga muvaffaq bo‘ldim.

— Ijodingiz namunalari xususida gaplashsak. Ularni yaratishda nimalarga e’tibor berasiz?

— «Bastakor» uyushmasiga a’zo bo‘lib kirganman. Ijod namunalarimni ularga topshiraman. Shuningdek, TVdagi «Yangi avlod», «Erkatoy» guruhlari uchun musiqalar yozganman. 2014-yilda ilk bor bastakorlik konsertimni berganman.

Bolalar uchun qo‘shiq yozishni judayam yaxshi ko‘raman. Repurtuarimda asosan shu mavzu asosiy o‘rin egallagan. 

— Kimlarning ijodini kuzatasiz?

— Muhammadjon Otajonov, Xurshida Hasanova, Avaz Mansurov kabi ijodkorlar yoqadi. 

Zamonaviy musiqada Rustam Abdullayev, Mustafo Bafoyev musiqalari diqqatga sazovor. Aynan kimnidir ko‘rsatish juda qiyin, diqqatga sazovor ishlar ko‘p. 

— Yangi ish joyidagi rejalaringiz...

— Yangi maktabda iste’dodli bolalarni tanlab, yakka va duet tartibida tarbiyalash niyatim bor. Karantin vaqtida onlayn ta’limni rivojlantirmoqdamiz. Hozir internet asri. Onlayn ijro orqali tinglovchilar namunalar taqdim etishni rivojlantiramiz. 

Bolalarni ilmga, ijodga ruhlantirishda avvalo tarixdan misollar keltiraman. Masalan, Amir Temur mohir qilichboz bo‘lgan, ikki qo‘lida bemalol jang qila olgan. Siz ham ikki qo‘lingizda cholg‘u chalishni mashq qiling, o‘rganing deya ularni ruhlantirish mumkin. Ijodda iste’dod muhim, ammo ko‘p narsani mehnat hal qiladi. 

Buni har bir ijodkor unutmasligini istardim. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring