Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Misrning «O‘liklar shahri» hayotga qaytdi

Misrning «O‘liklar shahri» hayotga qaytdi

Foto: «Fairplanet.org»

2014-yildan beri Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan bir qator loyihalar Misrning «O‘liklar shahri»ni o‘zgartirib, ulkan tarixiy maqbaraning bir burchagini hayot bilan to‘la jonli mahallaga aylantirdi.

O‘n beshinchi asrga tegishli Sulton Qaytbay masjidi yonidagi yog‘och, charm va zargarlik buyumlari ustaxonalari qatoriga endi shisha ishlab chiqaruvchilar va boshqalar ham qo‘shildi, deb yozmoqda «Gulftoday.ae».

Erkaklar XV asrga tegishli Sulton Qaytbay masjidi majmuasi yonidagi «Mamluklar sahrosi» joylashgan kafeda hordiq chiqarishni xush ko‘rishadi.

Misrning bir funtli banknotalarida tasvirlangan Mamluklar davrining mashhur yodgorligi monumental maqbaralar, changli xiyobonlar va norasmiy yashash maskanlar bilan o‘ralgan.

Hukumat iyul oyida Qaytbay masjididan uncha uzoq bo‘lmagan asosiy yo‘lda qurilish ishlarini boshlagani bois buzish va ko‘chirish tadbirlari internetda «O‘liklar shahri» aholisining noroziliklarini keltirib chiqardi. Ammo tez orada aholi bu ishlar maqsadini anglab yetdilar. Kambag‘al mahallada ishlab chiqarilgan mahsulotlar endilikda qayta tiklangan tosh gumbazli savdo do‘konlarida va hatto internetda sotilmoqda.

Yettinchi asrda asos solingan Islom maqbarasi taniqli shaxslar, jumladan, xonanda Farid al-Atrash va yozuvchi Ehson Abdul Quddu hamda 6,5 kilometr (to‘rt chaqirim)ga cho‘zilgan oddiy misrliklarning so‘nggi dam olish maskanidir.

Ijtimoiy rivojlanish

Ta’mirlash ishlari bundan olti yil avval uy hayvonlari uchun suv ichish idishini, so‘ngra Sulton turar-joy majmuasi qabulxonasini yangilash bilan boshlandi. Evropa Ittifoqi 2018 yilda ijtimoiy rivojlantirishga qaratilgan «O‘liklar shahri»da tiriklar uchun meros» nomli so‘nggi loyihaga bir million yevro (1,1 million dollar) ajratdi.

— Bu yerga ilk bor kelganimizda asosiy maqsadimiz yodgorliklarni asrab qolish bo‘lgan, — deydi loyiha koordinatori, Qohiradagi yodgorliklarni saqlab qolish bo‘yicha ko‘plab loyihalar ustida ish olib borgan arxitektor Agneshka Dobrovolska. — Va biz ushbu hududda yashovchi va ishlovchi odamlarning xohish-istaklarini inobatga olmasdan, hurmat qilmasdan turib yodgorliklarni shunchaki asrab qololmasligimizni anglab yetdik.

Shisha ishlab chiqaruvchi o‘z ustaxonasida ish ustida.

Ateledagi ishlar Kovid-19 pandemiyasi sababli bir necha haftaga to‘xtatildi, ammo endi ustaxonalar yana ish boshladi va ellikka yaqin ayollar mahalliy Mishka brendi bilan charm va zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishmoqda.

Yuzlab qo‘shni ayollar va bolalar ilm-fan, texnologiyalar, ingliz tili va sportga yo‘naltirilgan turli seminar va kurslarda ishtirok etdi.

Ishonch ob’yekti

Yevropa Ittifoqining Misrdagi delegatsiyasi rahbari Kristian Berger fikricha, 2021-yilda yakunlanadigan loyihaning asosiy donori Yevropa Ittifoqi uchun dasturning ijtimoiy elementlari hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi.

«Bizning maqsadimiz nochor va kam ta’minlangan guruhlarga tez foyda keltiradigan, kengroq ijtimoiy-iqtisodiy ta’sir ko‘rsatadigan shu kabi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashdir», — deydi Berger.

Ushbu mahallada jazdan tortib Misrning folklor va an’anaviy musiqalarigacha bo‘lgan konsertlar bo‘lib o‘tdi. O‘z ishlarini namoyish etish uchun Misr va xorijdan juda ko‘plab tasviriy san’at ustalari, rassomlar tashrif buyurishdi.

Hududni tanitish uchun loyihaning yana bir umidi — sayyohlarni jalb qilishdir. Dobrovolskaning aytishicha, loyihada aynan noodatiy narsalarni izlovchi sayyohlar ham hisobga olingan.

«Biz ommaviy sayyohlik yo‘nalishlaridan uzoq bo‘lgan sayyohlarni — noyob shaharning o‘ziga xos xususiyatini qadrlaydigan va undan zavq oladigan odamlarni jalb qilishga intilamiz», — deydi u.

Usmonjon Yo‘ldoshev tayyorladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring