Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mahatma Gandining qahri va mehri nimada edi?

Mahatma Gandining qahri va mehri nimada edi?

Foto: «News.cgtn.com»

O‘z tilingning rutbasini o‘zga xalqlarning o‘z tiliga bo‘lgan munosabati orqali ham bilish, anglash mumkin bo‘ladi. Elparvar insonning ilk fazilati tilparvarligidir. Millatning borligi, boyligi va butun borlig‘ining belgisi davlat tiliga bo‘lgan e’tibor va ehtirom ilm-ma’rifatga mehri ustuvor insonlarga xos. Bu borada istiqbolli islohotlarning amalga oshirilishi, Prezidentimiz tomonidan imzolangan «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon e’tiborga molik. Endilikda gap uning ijrosida. Farmonda ko‘rsatilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti va Atamalar komissiyasi bir qator ijobiy ishlarni amalga oshirayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bu o‘rinda O‘zFA Til-adabiyot va folklor instituti hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshidagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘rgatish va malaka oshirish markazining hamkorlikdagi faoliyati tahsinga loyiq.

So‘zimiz avvalida e’tirof etganimizdek, fidoyi, xalqparvar insonlar har bir davrda, har bir xalqda bor bo‘lgan.

Hindiston milliy ozodlik harakatining rahnamolaridan biri Mohandas Karamchand (Mahatma) Gandining 1916 yil 4-fevralda Banoras shahridagi Hind universitetining ochilish marosimida so‘zlagan nutqi mohiyat e’tibori bilan ahamiyatlidir. U o‘z yurtida o‘z xalqining haq-huquqlarini talab etish ruhi bilan sug‘orilgan. Iqtidorli jurnalist Hasan Karvonli tomonidan tarjima qilingan ushbu nutq dunyoni o‘zgartiruvchi nutqlar sirasiga kiradi. Bu tarixiy nutq maqomini olgan bo‘lib xalqning erki va tili borasidagi otashin va keskin fikrlar bilan ajralib turadi.

Mahatma Gandi o‘z nutqining avvalida ko‘p millionli hind xalqining o‘z tili bo‘la turib o‘zga til orqali muloqotda bo‘lishi kerakligidan qahrlanadi. U har bir til imkoniyatlarini bilib ularga hurmat saqlagani holda, o‘z xalqining milliy g‘ururini ustun qo‘yadi. Har bir til ortida muayyan xalq, millat borligini e’tirof etib ularga hurmat saqlash umuminsoniylik g‘oyalariga sadoqat ekanini his etgani holda, o‘z xalqiga muhabbati yuqori ekanligini izhor qiladi. Uning qahri ona yurtiga mehridan tug‘iladi. Banoras shahridagi nutqini u shunday so‘zlar bilan boshlaydi: «Shu muqaddas shaharda, ushbu yirik universitet qoshida bu oqshom o‘z millatdoshlarimga chet tilida murojaat qilishga majbur bo‘lganim hammamiz uchun ham haqoratli bir holdir».

Himoya, hamiyat, homiy so‘zlari bitta o‘zakdan yasalgani bejiz emas. O‘z xalqining hamiyatini himoya qilish muruvvatli va muhabbatli rahbarlarga xos. O‘z tilida fikr yuritish, so‘zlash fuqarolik burchini anglash bilan birgalikda yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashash ham demakdir. Xalqning faxru iftixori, ayniqsa, o‘z tili yuksak minbarlardan yangraganida namoyon bo‘ladi. Uzoqqa bormaylik, muhtaram Prezidentimiz BMTning Bosh assambleyasi 75 sessiyasida oliy minbardan o‘zbek tilida murojaat qilganlarida hamma millatdoshlarimiz o‘sha g‘ururni tuydi. Hatto qardosh Afg‘oniston o‘zbeklari rahbari, marshal Abdurashid Do‘stumning «BMT tarixida ilk marotaba mustaqil O‘zbekiston rahbari o‘zbek tilida nutq so‘zladi. Men bundan shaxsan o‘zim o‘zbek o‘g‘loni va afg‘onistonlik o‘zbeklarning rahbari sifatida faxrlanaman», — deya g‘ururlanishi ham bejiz emas. Millat tili bilan iftixor qilish olijanob fazilat.

Mahatma Gandi xalqining g‘ururini o‘z tilining ulug‘lanishida ko‘rib shunday yozadi: «Dekabr oyida men kongressning sessiyalarida qatnashdim. Zalda bu yerdagidan ham ko‘p odam bor edi, sizga faqat hind tilida so‘zlangan nutqlargina ularning qalbini junbushga keltirdi desam ishonasizmi? Hamma hindchani biladigan Banorasda emas, Bombeyda (hozirgi Mumbay shahri 1995 yilgacha Bombey deb atalgan shunday bo‘lgan edi».

Hatto, xorijlik sayyohning ona tilimizda gapirishini ko‘rib mehrimiz iyishini o‘ylang. AQSh elchisi Daniyel Rozenblyumning o‘zbek tilida gapirib she’r o‘qishi hammamizning ehtiromimizni qozonishiga sabab bo‘lgani ham ayon. Bu o‘z navbatida xalqlarning o‘zaro do‘stligi va hamkorligining boshlanishi uchun muhim omil hamdir.

Yana mavzuga qaytsak, davrada 100 ta ishtirokchi bo‘lib ikkitasi boshqa millat vakili bo‘lsa, rus tilida gapirishni odat qilgan paytlarimiz hali yoddan chiqmagan. Mahatma Gandi ham bunday holatlarning ko‘p guvohi bo‘lgan ko‘rinadi. Shu xususda ko‘p kuyingan, shekilli, mana bunday yozibdi: «Ammo hind tili va Bombey prezidentligi shevalari o‘rtasida hind va ingliz tillari o‘rtasidagichalik katta farq yo‘q, shu bois kongress majlislarida kim hind tilida gapirgan bo‘lsa ishtirokchilar uni to‘liq tushunishdi. Universitet bu yerga keluvchi yoshlarga ularning o‘z ona tilida bilim berish choralarini ko‘radi deb umid qilaman».

O‘z tiliga nopisandlik bilan qaragan millat vakilida vatan tuyg‘usi, el qayg‘usi bo‘lishi qiyin. Insonning o‘zligi uchun ko‘zgu uning so‘zligidir. Chunki uning so‘zi orqali saviyasi, tiynati va qiziqish doirasini bilib olish mumkin. Nutq xulq oynasi bo‘lgani kabi insonni o‘ziga qarab kutishadi, so‘ziga qarab kuzatishadi. Abdulla Qodiriy o‘z tiliga mehr qo‘yib, har qanday holatni va narsa-hodisani ifodalashga yetarli so‘zlar va ularning ma’nodoshlari ham yetarli ekanini qayd etadi. Tilimizni kambag‘al deyuvchilarning o‘zi kambag‘al, o‘z nuqsonlarini tilga to‘nkamasinlar mazmunidagi fikrlari bejiz emas. Eng qizig‘i, Mahatma Gandi ham bu borada Abdulla Qodiriyga hamfikr ekanini sezish qiyin emas. U shunday yozadi: «Tilimizda o‘zimiz aks etamiz, shunday ekan, agar siz nozik fikrlarni aniq ifodalash uchun tilimiz nihoyatda kambag‘allik qiladi deydigan bo‘lsangiz, ochig‘ini ayting, bundan ko‘ra hammamiz bitta qolmay qirilib ketganimiz yaxshi emasmi?» Mana, tilparvar, elparvar insonning g‘azabnok qiyofasi, dil tug‘yoni, qahrga evrilgan mehri. O‘z ona tilining qadrsizlanishiga yo‘l qo‘ymaydi u. Bu borada jon bersa ham, yon bermaydigan fidoyilardan edi u. Yerlik xalqning o‘z tili bo‘la turib, o‘zga tilni rasmiy til bilishi go‘yoki mehmonga kelgan insonning uyingizga kelib xonadon egasi bo‘lish da’vosini qilishiga monand. Bu esa xomxayoldir. Odamzodning tuqqan onasi bitta bo‘lishini, aslo unutmaslik joiz. Bu esa har tomonlama mahalliy xalqqa mashaqqat yetkazishdan boshqa narsa emas. Xuddi shu o‘ylar, iztiroblar iskanjasida qiynalgan Mahatma Gandini tushunish mumkin. «Oramizda ingliz tili Hindistonning milliy tili bo‘lishini xohlaydigan biron kishi bormi? Xalqimizga bunday qiyinchilikning nima keragi bor? Bir on bo‘lsa ham o‘ylab ko‘ring, bizning yoshlarimiz bilan ingliz yoshlarining sharoiti barobarmi?»

Hindiston milliy ozodlik harakatining rahbari fikridan shu narsani uqish mumkinki, til shunchaki vosita emas. Unda tovushlar silsilasidan tortib so‘z ma’nolariyu talaffuz me’yorlarigacha o‘sha xalq tabiati va tiynatiga xos unsurlar yashiringan bo‘ladi. Til bilan birga istar-istamaylik, o‘sha xalqqa xos bo‘lgan xislatlar ham ommalashadi. Til va uning zamirida pinhon bo‘lgan madaniyat ham kirib keladi. Xorijiy tillarni bilish, o‘rganish koni foyda. Lekin biz xorijlikka aylanishimiz emas, balki xorijiy tilni biladigan o‘zbek bo‘lib qolishimiz kerak. Aks holda, milliy qiyofati va ma’naviy qadriyatlaridan ayrilgan, o‘zligini yo‘qotgan avlod paydo bo‘lishi hech gap emas. Shuning uchun ham til madaniyati bilan tafakkur madaniyati o‘zaro chambarchas bog‘liq. Til va tafakkur, boshqacha aytganda, bir tanganing orqa va old tomoniga monanddir. Hozirdanoq ingliz tilini o‘rganayotgan bolalarda, hatto o‘rgatayotgan o‘quvchilarda ham inglizlarga xos harakat va talaffuz, aniqrog‘i, taqlid va takrorni sezamiz. Bu esa cho‘chitadi, xavfsiratadi, kishini. Bizga qilig‘ini takrorlash emas, tilni o‘rganish muhim. Tilni chuqur bilgandan keyingina mohiyatga yetib boriladi. Tushuncha tezlikda anglashilmasa, epchillik o‘rniga garangsish va karaxtlik paydo bo‘ladi. Bu haqda Mahatma Gandi mulohazalariga diqqat qilaylik. «Bizni uddaburon emassizlar deb ayblashadi. Umrimizning qimmatli yillarini yot tilni o‘rganishga sarflashga majbur bo‘lganimizdan keyin qanday uddaburon bo‘laylik?…Biz faqat inglizcha ta’lim olamiz. Albatta, buning ta’siri sezilib turadi. Tasavvur qiling, oxirgi ellik yil mobaynida biz o‘z ona tilimizda ta’lim olganimizda nimalarga erishgan bo‘lur edik?» Bu Mahatma Gandining shaxsiy fikri va e’tirozi, albatta.

Biz esa,

Har tilni biluv emdi bani odama jondur,

Til vositai robitai olamiyondur.

G‘ayri tilini sa’y qiling bilgali, yoshlar,

Kim ilmu hunarlar bilonki andin ayondur.

Lozim siza har tilni biluv ona tilidek,

Bilmakka oni g‘ayrat eting, foydai kondur, — degan ma’rifatparvar adib Avaz O‘tar fikrlariga hamohangmiz. Shuni unutmaslik kerakki, dunyoga jahoniy tillarni egallash orqali chiqamiz. Bu borada o‘z tilidan tashqari oltita tilni mukammal bilgan va lug‘at yaratgan Is’hoqxon To‘ra Ibratdan ibrat olsak, o‘rinli bo‘ladi. Yana shuni ham yodda tutish kerakki, Ibrat taraqqiyot va tanazzulni his etish asnosida tizginni mahkam ushlash zarurligini e’tirof etib shunday yozadi: «Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat — bu vataniy ishdir». O‘z tilini mukammal bilganlar o‘zga tillarni ham to‘g‘ri va to‘la egallashadi. Sababi shuki, tillarni o‘rganish qiyosiy tarzda, solishtirish asnosida bo‘ladi. O‘z tiliga mehri bo‘lmagan odamning o‘zga tillarga ham mehri ustuvor bo‘lishi qiyin.

To‘g‘ri, Mahatma Gandining mulohazalari o‘sha paytlardagi jafokash hind xalqini ozodlikka chiqarish va chaqirish yo‘lidagi tinimsiz harakat va o‘y-fikrlarining hosilasi, albatta. Uni tushunish kerak va tushunishimiz zarur ham. Xalq yuragiga yetib boradigan so‘z faqat ona tilning jozibasi va ona allasi bilan yo‘g‘rilgan tildagina bo‘lishi mumkin.

«Bugun ozod Hindistonda yashayotgan bo‘lur edik, odamlar ma’rifatli bo‘lur edi, ammo o‘z uyidagi begonalardek ko‘rinmas, aytgan gaplari ham xalqning yuragiga yetib borar edi, deya davom etadi Mahatma Gandi, — ular kambag‘alu qashshoqlarning orasida mehnat qilgan bo‘lur edi va ushbu ellik yil ichida ular erishgan hamma narsa millat boyligiga aylanar edi. Biroq hozir, hatto ahli ayollarimiz ham bizning eng yaxshi, ilg‘or g‘oyalarimizni tushunishdan ojizdirlar». Bu kuyunch, bu armon aslida, hind tili taqdiri va tarixiga aylangan xalqning qalb nidosidir.

Bashariyatning boyligi, borlig‘i, borligi va birligiga mezon bo‘lgan barhayotlik belgisi ikki tushunchaga tayanadi. Bular el va tildir. Har ikkalasi bir-biri bilan chambarchas bog‘langan bo‘lib, elni tilsiz, tilni elsiz tasavvur qilish, aslo mumkin emas. El ham, til ham himoyaga muhtoj. Uning ijtimoiy hayotdagi o‘rni va rutbasi, sofligi va to‘g‘riligi uchun kurashish, aniqligi va qo‘llanish doirasi bilan qiziqish fuqarolik burchini chinakam his etib vatan taqdiri, yurt qismatiga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashaydigan insonlarda bo‘ladi. Til va el himoyasi jon va tanning himoyasi kabi muhim.

Hind xalqining buyuk farzandi o‘z xalqining hamiyati, sharafi va tili uchun fidoyiligi barchaga ibrat bo‘lishi muqarrardir. Elning e’zozi tilning ehtiromi bilan doimo uyg‘un. Har ikkalasiga mansublik va mas’ullik erk degan tushunchaning namoyon bo‘lishidir.

Xuddi shu ma’noda, Davlatimiz rahbarining «Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak», degan fikrlari hayot uchun yo‘llanma, taraqqiyot uchun qo‘llanma bo‘lishi shart.

Qaynar buloqning zilol suviga tashnalik tabiiy hol. Suv ekinning joni va qoni bo‘lsa, so‘z insonning armoni va moyayi darmonidir. Har ikkalasi ham insoniyatga zarur. Suv tanaga oziq, so‘z esa ruhiyatga. Ma’rifatga oshna, ma’naviyatga tashna qalblarning tilimizga, qadriyatlarimizga mehr-muhabbati yuqori bo‘ladi. E’tiborning ehtiromga, ehtiromning e’zozga aylanishi fuqarolarimizning davlat tiliga bo‘lgan munosabatiga bog‘liq. Bu esa chin ma’nodagi insoniy va vijdoniy burchimiz bo‘lishi tabiiydir.

Zeroki, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, «Ona tilimiz — milliy ma’naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘idir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir».

Rahimboy Jumaniyozov,

TIQXMMI dotsenti, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,

Bahriddin Muqimov, TIQXMMI o‘qituvchisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring