Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

Kinolar va qaychilar

Kinolar va qaychilar

Xalqimizning sevimli filmi - «Suyunchi» 1982-yilda suratga olingan va rus tilida «Babushka-general» nomi ostida ekran yuzini ko‘rgan.

Foto: Kino-teatr.Ru

Xalqimizning sevimli filmlari juda ko‘p. Ularni har safar tomosha qilganimizda o‘sha davr ruhini his qilamiz, qaysidir voqealar yodimizga tushadi, bir so‘z bilan aytganda, haqiqiy qo‘msash tuyg‘usi ko‘nglimizni to‘lqinlantiradi.

Ammo nazarimda qiziqarli, xalqona filmlarni mafkura tig‘i ostidan o‘tkazib olish har doim ham o‘zini oqlamaydi.

Qizil o‘tmishning «shonli» kinoasarlarini butunlay to‘xtatishni-ku tushunsa bo‘lar, ammo «Chinor ostidagi duel», «Ko‘zlarim yo‘lingda», «Suyunchi» kabi filmlarning ham u yer-bu yeriga qaychi tekkani juda g‘alati bo‘lgan. Axir bu filmlarni hamma ko‘rib yodlab bo‘lgan-ku, endi qirqish na darkor?

Masalan, «Suyunchi»ning oxirida Abdulla mahalla chollariga buvisining hammaning ishiga aralashaverishidan shikoyat qiladi. Shunda Xolmat buva «O‘sha qishloqdoshlaring quloqlar Anziratning ota-onasini o‘ldirib ketishganida, Anzirat yosh boshi bilan qishloqqa bosh bo‘lganini bilishadimi?! Ayt, bu qishloqda kim unga begona ekan? Ko‘rsatasan o‘sha begonalarni!» deb koyiydi.

Lekin Xolmat buvaning aynan mana shu gapi kesib tashlangan. Aslida Anzirat buvining qishloqda o‘zini bunday tutishi sababi ochib berilgan gap shu yerda. Qisqartirilgan, tamom!

«Chinor ostidagi duel»ning o‘zbekchasida Botir Zokirov haqidagi suhbatlar kesib tashlangan (negaligi qiziq), ruscha variantida esa to‘la-to‘kis saqlangan.    

Yoki «Ko‘zlarim yo‘lingda» filmi yaqinda «O‘zbekiston» telekanalida namoyish etildi. Undagi Melis Abzalov yaratgan aka Bension «Bizni mayda millat deb kamsitishadi» degan so‘zlar bilan o‘z elatining dardini aytishga harakat qiladi. Shu joyiga ham qaychi tekkan – kesib tashlangan. Aslida film ittifoq davrida olingan, yuzlab millat va elatlar yashagan paytda kim kamsitishi ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, bu epizoddan ham yaxshi bir kinoasarga mos tushmaydigan illat topilgan ko‘rinadi. Ne ajabki, aynan shu filmda Tesha Mo‘minov aynan o‘ziga xos yo‘g‘on ovoz bilan «Pulga bir joyingni artasan» degan joyi garchi juda qo‘pol bo‘lsa-da, qoldirilgan. O‘sha mash’um uydan chiqib, Tesha aka aytgan joyini ko‘rsatib ketgan xonim lavhasi ham kesib tashlanmagani juda hayratlanarli.

Qiziq, qaychi egalari asboblarini qanday jihatlarga ko‘ra ishlatisharkin?

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring