Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Disko raqqosi»: qirq yillik afsona

«Disko raqqosi»: qirq yillik afsona

80-yillarda ekranlarga chiqqan «Disko raqqosi» filmi shunchalik mashhur ediki, kinoteatr tomoshabinlarga liq to‘lar, joy yetmaganidan, kino ixlosmandlari tik turib yoki polda o‘tirib, tomosha qilishardi. Yana shuncha kinomuxlis tashqarida qolib ketgan, keyingi seansga chipta olish uchun navbatda turardi. Ur-yiqit avjiga chiqib, janjallashib ketganlar qancha! Bu bejiz emas, «Disko raqqosi»dagi voqealar o‘sha zamonda urf bo‘lgan disko yulduzlari hayotini yoritgan va katta shuhrat qozongan edi. Millionlab muxlislar orttirgan, katta ekranga tashna nigohlarni qaratgan mazkur film suratga olinganiga 40 yil to‘ldi.

 Film va ijodkorlar haqida

«Disko raqqosi» – hindlarning mashhur filmi. U hozirgacha hind kinematografiyasidagi klassik kinoasar hisoblanadi. Filmdagi qo‘shiqlar ayni paytda ham turli millat qo‘shiqchilari tomonidan ijro etiladi.

Rejissyor: Babbar Subxash;

Prodyuser: Babbar Subxash, Tilotima Babbar;

Rollarda: Mitxun Chakraborti, Kim Yashpal, Rajesh Kxanna, Om Puri, Om Shivpuri, Bob Kristo.

Bastakor: Bappi Laxiri;

Film davomiyligi: 135 daqiqa;

Suratga olingan yil: 1982.

 Film voqealari

Jimmi bir burda non topish uchun ko‘cha-ko‘yda Raju tog‘asi yordamida qo‘shiq kuylaydi. U yolg‘iz onasi bilan yashaydi. Bir kuni boy-badavlat Oberoy bilan chiqqan janjal ularning hayotini o‘zgartirib yuboradi. Oberoy Jimmiga tuhmat qilib, uni o‘g‘rilikda ayblaydi. Natijada uning onasi aybni bo‘yniga olib, qamoqda o‘tirib chiqadi.

Odamlar ona-bolani o‘g‘rilikda ayblab, kamsitardilar. Jimmi onasi bilan qadrdon shaharni tark etishga majbur bo‘ladi. U ulg‘aygach, musiqaga bo‘lgan muhabbati va tinimsiz mehnati ulkan shon-shuhrat olib keladi.

Jimmi o‘z muhabbati sohibasi – Ritani uchratadi. Bu qiz uning azaliy dushmani – Oberoyning farzandi edi. Boy ota jazavaga tushib, ularning munosabatiga chek qo‘yishga, Jimmining mavqeiga putur yetkazishga harakat qiladi. Shou-biznesdagi qaqshatqich kurashlar boshlanib, Jimmining onasi qurbon bo‘ladi. Film nihoyasida u raqiblaridan qattiq o‘ch oladi...

 Fakt va dalillar

Sobiq ittifoq ekranlariga chiqqan «Disko raqqosi»ni 60,9 million tomoshabin ko‘rgan.

Ayrim mamlakatlarda «Disko raqqosi»ni namoyish etish taqiqlab qo‘yilgan. Sababi, film o‘ta kassabop bo‘lib, kinoteatrlar oldida to‘polonlar bo‘lar, chipta yetmay qolgan odamlar janjallashardi.

Bosh qahramonlar Jimmi va Ritaning qo‘shiqlari muxlislar og‘zidan tushmay qolgan: «Ay em e disko dense» («Men – disko raqqosiman»), «Jimi, Jimi, Jimi, aja, aja, aja...» («Jimi, bo‘la qol»).

Filmning tomoshabinlarni kuchli jalb etgani, avvalo, bosh qahramonning o‘sha paytda eng ommalashgan disko uslubida kuylashi va raqs tushishida edi. Aslida, «Disko raqqosi» Hollivudning «Shanba oqshomidagi talvasa» (bosh rolda Jon Travolta) voqealaridan ilhomlanib suratga olingan. Ikkinchidan, «Disko raqqosi»da jangari sahnalar ham bor.

 Mitxun Chakraborti. Mashhurlik va boylik

Film bosh roli ijrochisi Mitxun Chakraborti 1950-yilning 16-iyunida g‘arbiy Bangalorda oddiy oilada tug‘ilgan. Otasi telefon kompaniyasida ishlar edi. Keyinroq Mitxunning uch singlisi dunyoga keldi.

60-yillarning oxirlarida Mitxun so‘l naksalitlar harakatiga qo‘shildi. Mazkur guruh a’zolari o‘z g‘oyalarini qurol yordamida olg‘a surardi. Naksalitlar isyoni hukumat tomonidan shafqatsizlarcha bostirilib, Mitxunning safdoshlari panjara ortiga tushdi, ayrimlari qatl etildi. O‘g‘lini qutqarish maqsadida 1971-yili otasi uni tezda Bombeyga, amakisining oldiga yubordi.

Mitxun maktab davridayoq havaskorlik teatriga qatnagan, kinoartist bo‘lishni orzu qilgan. Hindiston kinematografiyasi poytaxti – Bombeyga kelgach, u orzulari sari yaqinlashgandek bo‘ldi.

Yosh Mitxun kosmetik kompaniyalardan biriga buyurtma to‘plovchi sifatida ishga joylashdi. U attorlik mollarini reklama qilar va sotardi. Bir kuni bo‘lajak yulduz Bombeydan 160 kilometr naridagi Puna shahrida joylashgan kino institutining aktyorlik fakultetiga qabul boshlangani haqida e’lonni o‘qib qoldi.

Risoladagidek tashqi ko‘rinishi va tug‘ma iste’dodi uning imtihonlardan o‘tishiga yordam berdi. Tahsil chog‘ida Mitxun Dulal Guxning «Ikki notanish» filmida kichik rol ijro etdi. Shundan so‘ng «Shohona ov»da sental qabilasining oddiy va do‘lvor ovchisi rolida chiqdi. 1976-yilda mazkur film kinoekranlarga chiqqach, milliy kinoanjumanda «Oltin nilufar» mukofotiga sazovor bo‘ldi, Mitxun Chakraborti esa Hindistonning eng yaxshi aktyori deb topildi. Ammo shunga qaramay, prodyuser va rejissyorlar uni filmiga taklif qilishga shoshilmadilar. 1977-yilda uning ishtirokida bittagina film ekranlarga chiqdi. Shu bois, yosh aktyor o‘tkinchi, ekranlardan tezda tushadigan, shon-shuhrat keltirmaydigan filmlarda suratga tushishga majbur bo‘ldi.

1982-yilda «Disko raqqosi»ga taklif qilindi va mazkur film uni dunyoga tanitdi. Chakrabortiga kinoga takliflar do‘ldek yog‘ildi. U boylik, shon-shuhratga burkandi. 1986-yili Mitxun Chakraborti Hindistondagi eng ko‘p soliq to‘laydigan jismoniy shaxs deb topildi. U kinodan tashqari mehmonxona industriyasi bilan shug‘ullanib, biznesni ham muvaffaqiyatli olib bordi.

1999-yilda Mitxun Chakraborti eng ko‘p bosh rolni ijro etgan aktyor sifatida rekordlar kitobiga kiritildi. Uning ishtirokidagi jami filmlar soni esa 400 ga yaqin.

Mitxun Chakraborti O‘zbekistonga bir necha marta tashrif buyurgan. O‘zbek va hind kinoustalari tomonidan suratga olingan «Ovchi» filmida qatnashgan. Kinofestivalga ham kelgan. Sherqo‘zi G‘oziyev aytishicha, Mitxun Chakraborti o‘zining 40 yoshlik tavalludini yurtimizda nishonlagan.

40 yoshini o‘zbek choponini kiyib nishonlagan Mitxun Chakraborti.

Boshqa aktyorlar hayoti

 Filmda Jimmining sevgilisi Rita rolini o‘ynagan aktrisa Kim Yashpal bor-yo‘g‘i 26 ta filmda rol ijro etgan. Bugun u 62 yoshda.

Jimmining onasi rolini talqin qilgan aktrisa Gita Siddxart 2019-yil 14-dekabrda vafot etgan.

Jimmini katta sahnaga olib chiqqan Devid Braun roli ijrochisi Om Puri – marhum aktyor Amrish Purining amakivachchasi. U 2017-yil 6-yanvarda 66 yoshida hayotdan ko‘z yumgan.

Bosh qahramonning dushmani Oberoy roli ijrochisi Om Shivpuri ko‘plab filmlarda qatnashgan. U 1990-yil 15-oktyabrda yurak xuruji tufayli 52 yoshda vafot etgan.

Yana bir salbiy qahramon Xangani Bob Kristo o‘ynagan. Haqiqiy ism-sharifi – Kristofaydis Alias. Kelib chiqishi grek bo‘lgan Bob Kristo 1938-yili Avstraliyada tug‘ilgan.

Bombeyga hind aktrisasi Parvin Babi bilan tanishish maqsadida kelgan. Hind kinosida 200 ga yaqin rollar o‘ynagan. 2003-yilda kinoda suratga tushishni to‘xtatib, Bangalorda yoga instruktori sifatida ishlagan. Umrining oxirgi yillarida nemis kompaniyasining Hindistondagi bo‘limida faoliyat ko‘rsatgan. 2011-yil 20-martda vafot etgan.

Akbar Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring