Samolyotda aksirgan tadbirkor ayol 14 ta yo‘lovchiga koronavirus yuqtirdi
«Vietnam Airlines» aviakompaniyasining Londondan Vetnamga uchgan samolyotida yo‘lovchi aksirib, o‘ndan ziyod hamrohiga koronavirus yuqtirdi. Bu haqda Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi (The Centers for Disease Control and Prevention) saytida chop etilgan ma’lumotlarga tayanib «New York Post» xabar berdi.
Nashrning yozishicha, vetnamlik 27 yoshli tadbirkor xonim parvozdan oldin yo‘tal va tomoq og‘rig‘idan shikoyat qilgan. To‘rt kundan keyin esa unda COVID-19 qayd etilgan. Mutaxassislar ayol bilan muloqotda bo‘lganlarning hammasini izlab topib, 14 nafar yo‘lovchi va bitta ekipaj a’zosiga infeksiya yuqtirganini aniqladi.
Ta’kidlanishicha, samolyot bortida jami 217 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Shunga qaramay, parvoz vaqtida sayyohlardan niqob taqish talab etilmagan. Xanoyga yetib kelgandan so‘ng sayohatchilarning tana harorati tekshirilgan.
«Uzoqqa parvoz qilganda samolyot bortida SARS-CoV-2ni yuqtirish xavfi bor. Hatto, keng o‘rindiqli biznes-klassda ham koronavirus tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin», — deyiladi tadqiqotda.
Bundan tashqari, tadbirkor ayol samolyot yo‘lovchilaridan tashqari Londondagi uchta qo‘shnisiga ham kasallikni yuqtirganligi aniqlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter