Qaysi vaksinalarga ruxsat etilgan, emlashlar soni qanchaga yetdi — Xitoy
Xitoyda COVID-19ga qarshi emlashlar soni ma’lum qilindi, deyiladi «Rossaprimavera» xabarida. Aytilishicha, XXR sog‘liqni saqlash davlat qo‘mitasi rasmiy saytida bu borada hisobot berilgan.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, 18-iyulga kelib, Xitoyning 31 hududi bo‘yicha koronavirusga qarshi emlashlar soni jami 1 milliard 456 million 557 mingtaga yetgan.
Aynan qancha odam emlangani, bir marta doza olganlar qancha, ikki marta doza olganlar qanchaligi ma’lum qilinmagan, odamlar qaysi vaksinalar bilan emlanayotgani haqida ham aniq sonlar mavjud emas.
Respirator kasalliklari bo‘yicha Xitoyning yetakchi mutaxassisi Chjun Nanshan bayonotiga ko‘ra, XXR iyul oyi boshida aholisining 40 foizini, yil oxiriga borib 80 foizini emlashni rejalashtirgan. Hozircha aholining necha foizi emlab bo‘lingani to‘g‘risida ham rasmiy ma’lumotlar yo‘q.
So‘nggi ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, Katta Xitoy (materik)da 1,4 milliard aholi yashaydi.
Ma’lumot uchun: Xitoyda ommaviy foydalanish uchun to‘rt xil vaksinaga, jumladan, Beijing Kexing Zhongwei Biotechnology (Sinovac tarkibida), Uxan bio dori-darmonlar tadqiqotlari instituti (Sinopharm tarkibida) va China National Biotech Group (Sinopharm tarkibida) tomonidan ishlab chiqarilgan inaktivatsiya qilingan uch xil vaksinaga ruxsat berilgan.
Shuningdek, CanSino Biologics kompaniyasining Ad5-nCoV adenovirus vektoriga asoslangan COVID-19ga qarshi Xitoyda yagona rekombinat vaksinasi tasdiqlangan.
Xitoyda emlash bepul va ixtiyoriy ravishda amalga oshirilmoqda, deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter