Olimlar: ilk vaksinalar koronavirus tarqalishini to‘xtatib qololmaydi
«Bloomberg» so‘rovnomasida qatnashgan olimlarning fikricha, bozorlarda paydo bo‘ladigan koronavirusga qarshi ilk vaksinlar COVID-19 tarqalishini to‘xtatib qololmaydi.
Agentlik suhbatdoshining ta’kidlashicha, vaksina ishlab chiqarishda ishlatilayotgan texnologiyalar ilgari odamlarda umuman qo‘llanilmagan va ularning samaradorligi isbotlanmagan.
London Imperial kolleji professori Robin Shettokning so‘zlariga ko‘ra, hukumat va olimlar pandemiyaga qarshi kurash uchun tezroq vaksina ishlab chiqarishga harakat qilayotgani inobatga olinsa, ilk vaksinalarning ta’siri cheklangan bo‘ladi. Shunda vaksina xususiyatlari orasida eng muhimi nima degan savolga yuzaga chiqadi: «Yuqtirishdan himoyalashmi? Yoki kasallikdan himoyalashmi? Yoki og‘ir alomatlardan himoyalashmi? Kasallikning og‘ir alomatlaridan himoya qiladigan vaksina eng foydalisi bo‘lishi mumkin»,— deydi professor Shettok.
«Vaksinalar kasallikdan himoya qilishi zarur, yuqtirishdan himoya qilishi shart emas», — deb hisoblaydi Amerikaning «Scripps Research» farmkompaniyasi immunologi.
Agentlikning ta’kidlashicha, hatto, tayyor bo‘lgan va anchadan beri ishlatilayotgan vaksinalar ham odamning yuqumli kasallikka chalinmasligiga 100 foiz kafolat bermaydi. Masalan, qizamiqqa qarshi emlanganlarning 3 foizi baribir u bilan kasallanishi va boshqalarga ham yuqtirishi mumkin.
«Menimcha, emlangan odamlar: «Endi normal hayotga qaytishim mumkin, hammasi joyida bo‘ladi», deb o‘ylaydi, — dedi Sent-Luisdagi Vashington universiteti rektor o‘rinbosari, dori preparatlari ishlab chiqarish bo‘yicha ekspert Maykl Kinch. — Baribir kasallik tashuvchisi bo‘lib qolishi mumkinligini hamma ham anglab yetavermaydi».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter