Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zoyir Mirzayev murojaatlarga panja ortidan qarayotgan bir nechta rahbarni ishdan bo‘shatdi

Zoyir Mirzayev murojaatlarga panja ortidan qarayotgan bir nechta rahbarni ishdan bo‘shatdi

Bugungi kunda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, ularning og‘irini yengil qilish, bir so‘z bilan aytganda — xalqni rozi qilish har bir mas’ulning birinchi o‘rindagi vazifasidir. Ammo hamma rahbar shu mas’uliyatga e’tibor qaratayaptimi?

Xuddi shu masalada viloyat hokimi Zoyir Mirzayev rahbarligida o‘tkazilgan ogohlantiruv yig‘ilishi tanqidiy ruhda o‘tdi. Oylab, yillab sarson bo‘lgan fuqarolar «yig‘ilish maydoniga» olib kelindi. Ko‘plab rahbarlarning muomala madaniyati, e’tiborsizligi ularning ko‘z o‘ngida ochib tashlandi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati hokimligi Axborot xizmati xabar berdi.

«Avvallari «otangga, onangga», degan naql bor edi. Bugun ushbu ro‘yxat ancha cho‘zilib ketdi, — dedi Zoyir Mirzayev. —  Natijada farzandiga o‘quv daftariga deb asrab qo‘ygan pulini ham sarflab tashkilotlar eshigida sarson bo‘lganlar soni ortdi. Bugun ana shu onalarni, opalarni siz rahbarlar bilan yuzlashtirdim. Zora, vijdon uyg‘onsa, qalbida «har bir ayol mening onam, opa-singlim», deb qaralsa.

Viloyat hokimi faqat qog‘ozda murojaati «hal etilgan» fuqarolarga mas’ullar oldida telefon orqali bog‘landi. Murojaatchi ishi hal etilganidan xabari yo‘q. Sababi fuqarolar bilan uchrashmasdan, muammo yechilmasdan murojaatlar qog‘ozda yopib yuborilgan.

Yig‘ilish davomida murojaatlarga panja ortidan qarayotgan ba’zi rahbarlar vazifasidan ozod etildi, ayrimlariga «hayfsan» e’lon qilindi:

- Yakkabog‘ tumani Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori Oltiyev Bobomurod vazifasidan ozod etildi (bir fuqaroning murojaatini 171 kun muddat ichida ham ko‘rib chiqmaganligi uchun).

- Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Shahrisabz shahar bo‘limi boshlig‘i Ziyoyev Jamshid vazifasidan ozod etildi (takroriy murojaatlarga ham javob bermagani, og‘ir sharoitli oilalarga nafaqalar ayaratmagani uchun).

- Koson tumani Elektr tarmoqlari korxonasi direktori Mirzayev Asror vazifasidan ozod etildi (takroriy murojaatlarga ham javob bermagani uchun).

- «Agrobank»ning Chiroqchi tumani filiali boshqaruvchisi Umurzoqov Oybek vazifasidan ozod etildi (fuqarolarning kredit so‘rab qilgan murojaatlariga e’tibor qaratmagani uchun).

- «Agrobank»ning Qamashi tumani filiali boshqaruvchisi Normurodov Bahrom vazifasidan ozod etildi (fuqarolarning kredit so‘rab qilgan murojaatlariga e’tibor qaratmagani uchun).

- G‘uzor tumani Aholi bandligiga ko‘maklalish markazi direktori o‘rinbosari Toshpo‘latova Mavjudaga 3 oylik ish haqi miqdorida jarima. Agar fuqaroning murojaatiga 10 ish kunida ijobiy hal etilmasa, vazifasidan ozod etish.

- Viloyat Bandlik boshqarmasi boshlig‘i Qurbonov Bekzod va G‘uzor tumani Aholi bandligiga ko‘maklalish markazi direktori Toshpo‘latov Sherbeklarga «hayfsan» («Qashqadaryoneft-gazishchi-ta’minot» AJ Sho‘rtan MChJda ishlab ish haqlarini ololmayotgan fuqarolarni murojaatini «unutib» qoldirgani uchun).

- Qamashi tumani hokimining birinchi o‘rinbosari G‘ofurov Rustamga «hayfsan» (Tumanda fuqarolar tomonidan tadbirkorlik sohasini rivojlantirish masalasida qilinayotgan murojaatlar ijrosini nazoratga olmaganligi uchun).

Shuningdek, murojaatlarga e’tiborsiz qaragan yana o‘nlab rahbarlarning Respublika boshqarmasiga, joylardagi Xalq qabulxonalarining ayrim rahbarlarini ishda qolish-qolmasligini so‘rab xat yo‘llash taklifi ham kiritildi.

Ma’lumot uchun, Qashqadaryo viloyati Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida jami 104002 (62634) ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 41368 taga yoki 66%ga ko‘paygan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring