Zoir Mirzayev Toshkent viloyati sobiq hokimining farmoyishini bekor qildi
Zoir Mirzayev Toshkent viloyatining sobiq hokimi Davron Hidoyatovning 2021-yil 3-noyabrdagi 179-10-0-F/21-sonli farmoyishini bekor qildi.
Uning farmoyishi bilan Nurafshon shahrida katta miqdordagi mablag‘ga haykal majmuasi va kutubxona binosi qurilishi jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayevning tegishli farmoyishi bilan viloyat mahalliy budjetining 2021-yil III chorak yakuni bilan shakllangan daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan, viloyat hokimining 2021-yil noyabr oyidagi farmoyishiga muvofiq ajratilgan 34 400 000,0 ming (o‘ttiz to‘rt milliard to‘rt yuz million) so‘m mablag‘ viloyat mahalliy budjetiga tiklangan holda — viloyatdagi nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning uy-joylarini ta’mirlash uchun viloyat «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasiga o‘tkazib berish maqsadida viloyat hokimligiga 1 650 000,0 ming (bir milliard olti yuz ellik million) so‘m mablag‘ ajratildi.
Bunda, Toshkent viloyati hokimining 2021-yil 3-noyabrdagi 179-10-0-F/21-sonli (Nurafshon shahrida Zulfiya Zakirova nomiga haykal majmuasini qurish va atrofini obodonlashtirish hamda «Nurafshon Business City» hududida zamonaviy kutubxona binosining qurilishi to‘g‘risidagi) farmoyishi o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi.
18-noyabr kuni Qashqadaryo viloyati hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelgan Zoir Mirzayev Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangani haqida xabar berilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter